Линклар

O‘zbekistonda biometrik pasport olish jarayoni bir necha oyga cho‘zilmoqda, mamlakatning mintaqalarida yangi pasport uchun ariza topshirganlarga kelasi yil o‘rtalarida rasmga tushish uchun talon berilmoqda.

O‘zbekistonda yangi biometrik pasport olish uchun bugun ariza topshirganlarga kelasi yil o‘rtalarida rasmga tushish uchun talon berilmoqda.

Bu haqda Toshkentning Mirobod tumani pasport stoliga ariza topshirgan toshkentlik (suhbatdosh aytganlari pasport olish jarayoniga salbiy ta‘sir qilishidan qo‘rqib ismi sir qolishini istadi - tahr.) suhbatda bularni aytdi:

- Mana shu dushanba kuni uzoq navbatda turib, bugun Mirobod tumani pasport stoliga eski pasportimni biometrik pasportga almashtirib berish uchun ariza berdim. Menga rasmga tushish uchun 2015 yil 6 iyul kuni kelishim kerakligi yozilgan talonni berishdi. Rasmga tushib ketganimdan so‘ng ham u yog‘i kamida uch haftaga cho‘zilar ekan, - deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonda biometrik pasport olish jarayonining oylab cho‘zilayotgani so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in munozara mavzusiga aylandi.

Odnaklasniki.ru tarmog‘ida ayrim foydalanuvchilar yangi biometrik pasportga avgust oyida hujjat topshirganliklari va ularga kelasi yilni mart oyida suratga tushish belgilangani haqida yozishgan.

"Avgust oyida topshirgan bo‘lsam martga talon berishdi. Meniki yetti oyda bo‘lyapti, unda ham bitsa agar", deb yozdi Andijon viloyati Asaka tumani pasport stoliga ariza topshirgan Odnaklasniki.ru tarmog‘ining Ozoda ismli foydalanuvchisi.

Ayni paytda, eski pasportini yangisiga almashtirishga ulgurganlar joriy yil boshida vaziyat bir muncha yaxshi bo‘lganini aytishadi.

"Odnoklassnikichilar"dan yana biri Baxtiyorga ko‘ra, joriy yil boshida bir oy ichida pasport olishga muvaffaq bo‘lgan.

Namangan shahri pasport stoli oldida navbat

Namangan shahri pasport stoli oldida navbat

"Men yanvar oyining boshida ariza topshirgan bo‘lsam, bir oy ichida yangi pasportim qo‘limga tekkan edi. Lekin, hozir ukamga ariza topshirishimiz kerak, hali talonga navbatimiz kelmayapti. Har kuni Mirzo Ulug‘bek tumani pasport stoli oldi ochered, sakson-yuz odam turadi. Talon olganlarga olti oydan keyin kel deyishyapti", deb yozadi toshkentlik Baxtiyor.

O‘zbekistonda qonun bo‘yicha fuqaro pasporti to‘qqiz ish kunida berilishi kerak.

Lekin, O‘zbekistondagi mas‘ul idoralar pasportini almashtirmoqchi bo‘lgan fuqarolarning arizalarini qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqish va biometrik pasportni vaqtida tayyorlab berishni uddalay olmayaptilar.

Nimaga O‘zbekistonda biometrik pasport olish oylab cho‘zilayotganiga izoh olish uchun Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat etdi.

Vazirlik matbuot hizmati rasmiysi bu haqda pasport stollari mas‘ullarining o‘zidan so‘rash kerakligini tavsiya qildi.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani pasport stolining Ozodlik muxbiri bog‘langan rasmiysi esa yangi biometrik pasport olish oylab cho‘zilayotganini navbat ko‘payib ketgani bilan izohladi.

- Hozir ochered ko‘p-da. Odamlar ocheredga yozilib-yozilib, uspet qilmayapmiz (ulgurmayapmiz, demoqchi-tahr.). Kuniga 150ta qabul qilamiz. Qolgani odam ko‘pligidan surilib, surilib mana shu xolatga yetib keldi,- deydi Ozodlik muxbiri gaplashgan Mirzo Ulug‘bek tumani pasport stoli xodimi.

Shu o‘rinda pasport stoli xodimi ishni tezlatishning ilojisi ham borligi va buning uchun boshliq bilan gaplashishni tavsiya qildi.

Ayni paytda, o‘zbekistonliklar orasida hukumat pasport berishni ataylabdan paysaldga solayotganiga doir fikrlar urchimoqda. Ayniqsa, Rossiyada mehnat muhojirligida yurganlar bunga shubha qilishmaydi.

- Ataylabdan qilishyapti buni. Odamlardan pul olish uchun sabab kerakku. Yaqinda akaxonimiz Andijonga qaytib borib pasport olgani borganida ochiq aytishibi “tezlatish 200 dollar bo‘ladi”, deb. Ular ham ko‘rib turibdi-da, odam Rossiyaga qaytib ketishi kerak, har bir kun qolishi O‘zbekistonda zarariga bo‘lyapti. Shu pulni bergan, shunda ham bir oyda qilib berishdi,- deydi ismi sir qolishini istagan andijonlik.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, chetdan olib kelinadigan biometrik chip uskunalari ko‘p hollarda buzilib qoladi va shu bois pasport tayyorlash jarayoni cho‘ziladi.

O‘zbekistonda yangi biometrik pasporti olish jarayoni oylab cho‘zilishi xorijda yashab, ishlayotganlar uchun jabr bo‘lmoqda.

Xorijda yashovchi ko‘pchilik o‘zbekistonliklar yangi pasport va chiqish viza olish cho‘zilib ketishidan qo‘rqib, O‘zbekistonga borishdan tiyilishyapti.

- Men AQShda kontrakt asosida ishlayman. Pasportim muddati ikki oydan so‘ng tugaydi. Yangi pasport olgani O‘zbekistonga qaytib borsam u yerda kamida olti oyga qolib ketishim aniq. Bu yerdagi ishimdan ayrilishimga to‘g‘ri kelyapti. Bundan tashqari chiqish vaza ham olish cho‘ziladi. hozir chetdan kelganlarga ataylab pasportni ham chiqish vizasini ham cho‘zishayotgan ekan,- deydi AQShning Filadelfiya shahrida yashovchi Ilhom.

Odatda O‘zbekistonning xorijdagi konsulxonalari o‘z fuqarolariga pasportini almashtirib berishi kerak va bu xalqaro amaliyotda mavjud bo‘lgan tartibdir.

Lekin, O‘zbekistonning chet mamlakatlardagi konsulxonalari eski pasportni biometrik pasportga almashtirib berishni so‘rab kelganlarga rad javobi berib, ularga O‘zbekistonga borishni tavsiya qilmoqa.

XS
SM
MD
LG