Линклар

Tehron mahkamasida Washington Post gazetasi muxbiriga rasman e‘lon qilindi. Eronda akkreditatsiyadan o‘tgan Jeyson Rezayan joriy yil iyulida hibsga olingan. Amerikalik jurnalistga qanday ayblovlar ilgari surilayotgani hozircha oshkor qilinmadi. AQSh Davlat kotibi qonuniy ishlab turgan jurnalistga ayblov e‘lon qilinganidan taassuf bildirdi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Eronda hibsga olinganiga to‘rt oydan oshgan Washington Post gazetasi muxbiri Jeyson Rezayanga nisbatan rasman ayblov e‘lon qilinganidan “xafsalasi pir bo‘lgani”ni bildirdi.

AQShdagi gazetalar xabariga ko‘ra, Jeyson Rezayanning ishi 6 dekabr kuni Tehrondagi sud hakamlari tomonidan ko‘rilgan paytda u mahkamada taxminan 10 soat bo‘lgan.

Voqeaga yaqin manbaga tayanib Washington Post gazetasining yozishicha, Jeyson Rezayan o‘ziga nisbatan ayblov e‘lon qilinganini tushungani to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekkan.

Biroq jurnalistga nisbatan qanday ayblovlar e‘lon qilingani hozircha aniq emas.

AQSh Davlat kotibi 7 dekabr kuni e‘lon qilgan bayonotida Rezayanning ishi qanday ko‘rilayotgani, jumladan, unga advokatdan foydalanishga ruxsat berilmaganidan hayratga tushgani bildirilgan.

Jon Kerri bu Eron va xalqaro qonunlarga zid ekanini ta‘kidlab Rezayanni zudlik bilan qo‘yib yuborishga chaqirdi.

Washington Post gazetasi muxarriri Martin Baron e‘lon qilgan bayonotda Jeyson Rezayan hozirgacha Tehronning Evin qamoqxonasida ushlab turilganidan jiddiy tashvish bildirdi.

“Eron hukumati Jeyson nima sababdan hibsga olingani yoki nima uchun to‘rt oydan ortiq vaqtdan beri advokatsiz qamoqda saqlanayotganiga tushuntirish bermagan” deyiladi Washington Post gazetasi muxarriri bayonotida.

Martin Baronga ko‘ra, Rezayan “to‘liq akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist” sifatida faoliyat yuritgan.

38 yashar Jeyson Rezayan 2012 yildan beri Washington Post gazetasining Tehrondagi byuro boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan.

3 dekabr kuni Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti Eronning adliya tizimi rasmiylari Rezayanning hibsda saqlanishi muddatini yanvarь oyi o‘rtasigacha uzaytirish haqida qaror qabul qilganini ma‘lum qildi.

Kelib chiqishi eronlik bo‘lgan, ikki fuqarolikka ega bo‘lgan amerikalik Jeyson Rezayan 22 iyul kuni jurnalist rafiqasi Yagona Solihiy bilan birga qo‘lga olingan.

Keyinroq rafiqasi garovga pul qo‘yish evaziga qamoqdan ozod qilingan.

Eron rasmiylari mamlakatda G‘arb ommaviy axborot agentliklari uchun ishlayotgan jurnalistlarni hibsga olishi yoki tahqirlashi tez-tez kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG