Линклар

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida yashovchi 75 yashar faol Nabijon Jo‘raboyev yana sudlandi va bu gal tuhmatda ayblanib, qariyb 4 million so‘m jarimaga tortildi. Jo‘raboyev viloyatdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida poraxo‘rlik avj olgani ustidan tekshiruv talab qilib, respublika MXXga yozgan arizasi asosida sudga tortilganini da‘vo qilmoqda.

Ozodlik tinglovchilari orasida Nabijon Jo‘raboyev ismi bilan tanilgan, asl ismi To‘raboy Jo‘raboyev bo‘lgan 75 yoshli faol shu yilning iyun oyida viloyatdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida poraxo‘rlik avj olganidan arz qilib, respublika Milliy xavfsizlik xizmatiga arz qilganini aytmoqda.

- Shundan keyin respublikasi MXX mening arizamni viloyatga qaytargan. Bular sudrab-sudrab, oxiri, o‘sha o‘zim yozgan ariza asosida menga nisbatan 139-moddani qo‘llab, o‘sha oliy o‘quv yurtidagi dekanlarga pora oldi, deb tuhmat qilgan, degan ayblov bilan qariyb 4 million so‘m jarimaga tortdi, - deydi Nabijon Jo‘raboyev.

Uning aytishicha, shu kunga qadar ayni ayblovga oid ikkita mahkama ko‘rilgan - biri 14 noyabr, yana biri 28 noyabк kuni:

- Men shu ish yakuniga yetsin, keyin natijasiga ko‘ra jamoatchilikka xabar beraman, deb kutib turgan edim. Ochiqdan-ochiq poraxo‘rlikni bo‘lmadi, deb meni esa tuhmatchi, deb hukm chiqarib turibdi, qarang! Endi advokat appelyatsiyaga ariza kiritamiz, deyapti, shikoyat qilamiz bu hukm ustidan, - deydi keksa faol.

Ozodlikning o‘ttiz yillik tinglovchisi Nabijon Jo‘raboyev bunga qadar ham sudlangan va Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudi tomonidan tovlamachilik va firibgarlikda aybdor deb topib, uni besh yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Besh yarim oy qamoqda saqlangan keksa faol amnistiya akti qo‘llanib, 2013 yilning dekabridja ozod qilingan edi.

Nabijon Jo‘raboyev Ozodlikning mamlakat ichidagi yuzlab faol suhbatdoshlaridan biri bo‘lib, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani va qo‘shni tumanlarda sodir bo‘layotgan voqealar haqida o‘z munosabatini bildirib kelayotgan tinglovchilardan biridir.

Jumladan, u o‘tgan yilning bahorida seldan jabr ko‘rgan g‘allaorolliklarga hukumat tomonidan va‘da qilingan yordam deyarli berilmagani haqida, Jizzaxda sirli epidemiyaga chalingan minglab qo‘y o‘lgani haqida va shu kabi qator dolzarb mavzularda Ozodlikka xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG