Линклар

Rossiyaning Orenburg shahridagi qurilishlardan birida osma kajava tushib ketishi natijasida 4 nafar mehnat muhojiri nobud bo‘ldi, yana biri og‘ir ahvolda reanimatsiyaga yotqizildi. Orenburgdagi o‘zbeklar jamoasi 11 qavatdan tushib ketgan moslamadagilarning barchasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganini tasdiqlashdi.

6 dekabr, shanba kuni kechki payt Orenburg shahrining Prostornaya ko‘chasida ko‘p qavatli bino qurilishida, 11 qavatdan osma kajava qulab tushdi. Ma‘lum bo‘lishicha, kajavadagi quruvchilarning barchasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Hodisa ro‘y bergan paytda ular binoning tashqarisida ta‘mirlash ishlarini olib borayotgan bo‘lgan.

Osma qurilma ichidagi besh ishchidan to‘rt nafari halok bo‘ldi, deya bildirdi Ozodlikka Orenburg viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi navbatchisi.

- Tergovni Orenburg shahar Tergov bo‘limi olib borayapti. Olingan ma‘lumotga ko‘ra, ular O‘zbekiston fuqarolari, 4 kishi ekanini tasdiqlaymiz. Bilishimcha, 3 kishi hodisa joyida, yana biri shifoxonada joni uzildi. Bittasi tirik, reanimatsiyada. Hodisa yuzasidan tekshiruv ketmoqda. Qonunda belgilangan 10 kun ichida nima bo‘lgani haqida taftish hisobotini e‘lon qilamiz, dedi Orenburg viloyat Tergov boshqarmasi rasmiy vakili.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Orenburgdagi o‘zbeklar jamiyati nobud bo‘lgan o‘zbekistonliklar jasadlarini O‘zbekistonga yuborishga harakat qilmoqda.

“Vatandoshlar” O‘zbek jamoatchilik markazi rahbari Abdulla Kamolov harajatlarning asosiy qismini qurilish egasi ko‘tarayotganini bildirdi:

- Shanba kuni, kechki soat 6da sodir bo‘ldi bu voqea. Qurilish ob‘ektida lyulьkada tushib ketishgan: tros uzilib ketibdi. Uch kishi birdan o‘tdi olamdan, to‘rtinchisi shifoxonada o‘tdi kecha. Beshinchisi og‘ir ahvolda o‘sha yerda yotibdi. Jami besh kishi bo‘lgan. Hozir hujjatlarni taxtlayapmiz. Chorshanba kuni 6-chi "Moskva-Toshkent" poyezdiga chiqarvoramiz, Xudo xohlasa. Bitta nobud bo‘lgan yigitning otasi ham bor, shu yerda. Ikkitasi Toshkentdan, ikkitasi Farg‘onadan yigitlar,- dedi o‘zbeklar jamiyati rahbari Abdulla Kamolov.

Olingan ma‘lumotga ko‘ra, qurilishda nobud bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari bulardir:

  1. Umarov Hasan Abduvaliyevich, 1979 yilda tug‘ilgan, Toshkent sh..
  2. Umarov Husan Abduvaliyevich, 1979 yilda tug‘ilgan, Toshkent sh..
  3. No‘monov Ro‘zimuhammad Usmon o‘g‘li, 1996 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona sh.
  4. Teshaboyev Ahror O‘rinboy o‘g‘li, 1994 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona sh.

Yana bir o‘zbekistonlik mehnat muhojiri – Tohirov Xayrulla, og‘ir shikastlar bilan shifoxonada qolmoqda.

Orenburg O‘zbeklar diasporasida jabrlangan yigitlarning hujjatlari joyida bo‘lgani, ular qonunan mehnat faoliyatini olib borganini aniqladi.

Tergov qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 216-moddasi, 3-qismi, ya‘ni “qurilish ishlarini olib borish paytida xavfsizlik qoidalarining buzilishi” asosida jinoiy ish ochilganini ma‘lum qilishdi.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, qurilish kajavasidan texnik xavfsizlik qoidalarini buzgan holda foydalanilgan.

Afsuski, Rossiya qurilishlaridagi kajava qulashi o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning yagonasi emas.

2014 yilning 15 oktyabrida Moskvada bir necha yildan beri qurilayotgan “Moskva-Siti” ofis markazidagi binolardan birining 10-qavatidan quruvchilarning osma kajavasi qulab tushishi natijasida o‘zbekistonlik bir muhojir - 21 yashar G‘ulomjon Nodirjon o‘g‘li Erkayev halok bo‘lgani, yana olti o‘zbekistonlik ishchi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘sha hodisada o‘lgan quruvchi yigit tushib ketgan kabina ostida qolib ketgan edi.

XS
SM
MD
LG