Линклар

logo-print

Biometrik pasport olish uchun yoki ishini yakunlab Rossiyadan O‘zbekistonga qaytayotgan mehnat muhojirlari MXX xodimlari tomonidan suhbatga tortilmoqda. Suhbatdan o‘tganlarning aytishicha, ulardan xorijda qaysi masjidga qatnagani va kimlar bilan namoz o‘qigani ham so‘ralmoqda. Guvohlar suhbat asnosida olingan javoblar maxsus xizmatlarga avvaldan yetib borgan axborot bilan solishtirilganini aytmoqda.

Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi Qahhorjonning aytishicha, uning 27 yashar ukasi 2 yarim oy muqaddam biometrik pasport olish uchun Rossiyadan O‘zbekistonga qaytgan va tuman IIBga chaqirilgan.

Qahhorjon ukasining shaxsiga oid ma‘lumotlarni oshkor qilmasligimizni so‘radi.

"Shu RUVDda ikkitasi so‘roq qildi, MXXdan ekan, deb keldida uyga. "Qayerda ishlaysiz, nima ishlar qilgansiz, qaysi masjidda namoz o‘qigansiz?" deb so‘rashibdi. U aytibdi, shu-shu masjidda, deb. Keyin bittasi: "Bizda boshqacha informatsiya bor", deb, uni gaplarini o‘zidagi ma‘lumotga solishtiribdi-da. Ularda ukamning qaysi masjidga borganigacha axborot bor ekanda", deydi farg‘onalik Qahhorjon.

Uning aytishicha, Moskva oblastida bir yarim yil qorovullik qilgan ukasi ikki yarim oy ichida chiqish vizasi olgan va bu vaqt ichida ikki marta "suhbat"ga chaqirilgan.

"Ular endi suhbat, degan. Lekin aslida so‘roq qilishgan. Ukam bir-ikki marta o‘sha yerdagi kattaroq masjidga qatnagan ekan. Shuni kimdir yetkazgan ekan. Xullas, sudrashdi-sudrashdi, oxiri ikki yarim oy deganda vizasini berishdi", deydi Qahhorjon.

Farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashevning aytishicha, aslida anchadan buyon Rossiyadan qaytayotgan mehnat muhojirlari ustidan nazorat kuchaytirilgani kuzatilmoqda.

Xuquq faoli Rossiya, xususan, Moskvadagi masjidlarda O‘zbekiston huquq-tartibot tuzilmalarining hibslarga vaj qilinishi mumkin bo‘lgan holatga guvoh bo‘lganini aytdi:

- Ikki yilcha avval Moskvadagi masjidlardan birida namoz o‘qigan hamkasbimiz ko‘rinishidan kavkazlik bir imomning ochiq-oshkor jihodga da‘vat qilgani, radikal qarashda ekanini aytib keldida. O‘shanda shu masjidga bu hamkasbning mahallasida yashagan ikkita muhojir ham kirib boribdi. Shunda hamkasb u bolalarga: "Manavi kameralarni ko‘rayapsizlarmi, bu yerda namoz o‘qisangiz, O‘zbekistonga borganda baloga qolasizlar, balki bular maxsus qilayotgandir" deb ogohlantiribdi, - deydi huquq faoli.

Keyingi yillar davomida O‘zbekiston va Rossiya huquq-tartibot idoralarining terrorga qarshi kurash doirasida faol hamkorlik qilayotgani, xususan, Rossiyag ketgach, ortidan qidiruv e‘lon qilingan muhojirlarga oid foto-video materiallar O‘zbekiston tomoniga taqdim qilinayotgani aytilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari so‘nggi yillarda diniy radikalizm va terrorizmda aylab, qidiruvga bergan fuqarolarning Rossiya hududida o‘g‘irlanishi, biroz o‘tib ularning O‘zbekiston hibsxonalaridan topilishi hollari ham ko‘paymoqda.

Bundan tashqari, mazkur ma‘lumotlar orasida Rossiyada radikal kayfiyatdagi dindorlar yig‘ilishi mumkin bo‘lgan masjidlar ro‘yxati ham bor va bu masjdilar faoliyatiga atayin imkon berilgani aytilmoqda.

- Bunaqa radikal imomlarning bemalol ishlashiga imkon berib qo‘yib, balki hukumatlar radikal g‘oyalarga kimdar moyillik borligini bilmoqchidir, degan taxminlarimiz bor - deydi Abdusalom Ergashev.

Faollar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari beixtiyor shunday jamoatda namoz o‘qishga majbur bo‘lib qolishi va sof ibodatning o‘zi ayblanishga asos bo‘lib qolishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Bundan tashqari, xorijdan qaytayotgan o‘zbekistonliklar mamlakat chegarasida ham kuchaytirilgan tartibdagi tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

- Mobil telefoni, planshetlaridan diniy mazmundagi ma‘ruzalar, videolar chiqib qolayapti va shuni asos qilib, hibsga olishlar bo‘layapti. Chunki, hozir pornografik materiallar tarqalishini olidini olish bahonasida yo‘lovchilar yonidagi hamma texnikani tekshirishga haqqi bor bo‘larning. Shu oxirgi yillarda diniy mazmunda ayblanib, qamalayotganlarning deyarli hammasi Rossiyada ishlagan muhojirlar bo‘layapti-da, - deydi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev.

Darvoqe, Rossiyadan qaytgan muhojirlarning kattagina guruhi shu yilning avgust oyida Qashqadaryo viloyatida qamoqqa tashlandi va ularga O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zolik aybi qo‘yildi.

Ozodlikka 2014 yilning 19 avgustida chiqarilgan ajrim nusxasi yo‘llandi.

Unda yozilishicha, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan va istiqomat qilgan muhojirlar Rossiya Federatsiyasiga tirikchilik maqsadida borib, 2010-1013 yillarda Pokistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston islomiy harakatiga a‘zo bo‘lgan:

“...shu maqsadda Rossiyada ishlab topgan pullaridan baytulmol uchun 500 AQSh dollari ajratib, Rossiya Federatsiyasi hududidan o‘tuvchi “Moskva – Boku – Zohidon-Vana” poyezdi orqali Pokistondagi terrorchi guruhlarga qo‘shilmoqchi bo‘lgani aniqlandi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining noma‘lum go‘shalarida o‘qotar qurollardan foydalanish, jihodchilik tayyorgarligidan o‘tgan jinoyatchilar O‘zbekistondagi prezidentlik va parlamentar tuzumini o‘zgartirishni rejalashtirgan” deyiladi sud hukmida.

O‘zbekistondagi “Ezgulik” jamiyatining sudlanuvchilar himoyachilari va qarindoshlariga tayanib yozishicha, hozir Qashqadaryoda “O‘zbekiston Islomiy Harakati”ga mansublikda gumonlangan yana 60 dan ortiq shaxsga nisbatan tergov va surishtiruv ishlari bormoqda.

Abdusalom Ergashevga ko‘ra, bunga o‘xshash sud ishlari Andijon, Farg‘ona viloyatlarida ham qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG