Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:53

Putin Toshkentdan 900 million dollarlik qarzni undirmoqchi


Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 10 dekabr kuni Toshkentga qiladigan rasmiy tashrifi davomida o‘zaro moliyaviy da‘volar va majburiyatlarni tartibga solish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan. Rossiya prezidenti ma‘muriyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, gap qariyb 900 million dollarlik qarz ustida bormoqda.

Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga tayanib Rossiya axborot vositalari xabar qildi.

Ushakovning “ba‘zi hisob-kitoblarga” tayanib aytishicha, joriy yilning noyabrigacha O‘zbekistonning Rossiyaga qaytarish muddati o‘tib ketgan qarzi qariyb 890 million dollar bo‘lib, bu bu miqdorning 500 millioni qarzning o‘zi, 388 millioni to‘planib qolgan ustama foizdir.

Putinning Toshkent safari davomida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan. Yuriy Ushakovga ko‘ra, bunday kelishuvni imzolash tashabbusi O‘zbekiston rahbaridan chiqqan.

“Biz bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladik. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz istiqboldagi iqtisodiy hamkorlik vazifalarini hamda xom ashyoga bog‘liq bo‘lmagan sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga e‘tibor qaratgan holda ikkitomonlama loyihalarni qo‘llash choralarini belgilab olmoqchi bo‘ldilar”, degan Yuriy Ushakov.

Rossiya prezidenti yordamchisiga ko‘ra, savdo hajmini ko‘paytirish ikki mamlakat hamkorligining ustuvor yo‘nalishidir.

“Ikki tomonlama tovar ayirboshlash keyingi paytlarda muntazam ortib bormoqda. Bizdagi ma‘lumotlarga qaraganda, 2013 yili savdo aylanmasi hajmi 4,6 mlrd dollarni tashkil qildi. O‘zbekistonning statistikasi bo‘yicha 7 mlrd. dollardir. Oradagi tafovut O‘zbekistondan olinadigan gaz bizda hisobga olinmasligi bilan izohlanadi. “Gazprom” o‘zbek gazini hisobidan tranzit sifatida o‘tkazadi”, degan Yuriy Ushakov.

Rossiya prezidenti matbuot xizmatining 8 dekabr kuni ma‘lum qilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov taklifiga binoan Toshkentga tashrif buyuradigan Putin ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, investitsiya va madaniyat sohalarida “strategik sherikchilik” masalasini muhokama qilmoqchi.

Karimov Putin bilan so‘ngi bor sentabr oyida Dushanbeda uchrashgan edi. O‘shanda Karimov O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida “oriyentirni belgilab olishda” Kremlь xo‘jayinidan yordam so‘ragan edi.

Ayni paytda, Putin tashrifi arafasida Karimov O‘zbekiston “SSSR kabi tashkilotlarga hech qachon qo‘shilmasligi”ni bayon qildi. O‘zbekiston rahbarining Konstitutsiya kuni munosabati bilan 5 dekabr kuni qilgan bayonoti kuzatuvchilar tarafidan Toshkentning Kremlь yetakchiligidagi Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish niyati yo‘qligi, deya talqin qilindi.

XS
SM
MD
LG