Линклар

Sirdaryoning Guliston shahrida 26 noyabr kuni uyini fohishaxonaga aylantirgan qo‘shmachi ayol va ikki qiz so‘yib ketildi. Rasmiylar “mama Roza” voqea joyida o‘lgani, ikki qiz esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, mijozlardan birining pulni oz bergani janjalga sabab bo‘lgan.

Guliston shahrining 2-mikrorayonidagi 25-uyning 12-kvartirasida istiqomat qiluvchi 63 yoshli Farida ismli ayol va ikki fohisha qiz 26 noyabr kuni kechqurun pichoqlangan. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan gulistonlik manbaning aytishicha, voqea joyida o‘lgan Farida ismli ayol qo‘shmachilik bilan shug‘ullangan:

- Men ham shu domga qo‘shni uyda turaman. Farida ismli ayolni hamma "mama Roza" derdi. Uyini islovotxonaga aylantirgandi. Militsiyada ishlaydigan tanishimning aytishicha, 26 noyabr kuni kechqurun kelgan mijozlardan biri “ish”dan so‘ng pulni kam bergan. Keyin "mama Roza" janjal qilgan. Xullas, u yigit "mama Roza"ni va yana ikki qizni pichoqlab tashlagan. Qizlar hozir kasalxonada, ahvollari og‘ir deyishyapti, dedi gulistonlik manba.

Manbaning aytishicha, bu voqeadan so‘ng qotillik sodir qilgan bola yashiringan:

- Uch-to‘rt kun hamma yoqni melisa bosdi. Itlar bilan yurib izlashdi. Topisholmayapti, deb eshitdim, dedi manba.

Guliston shahar prokuraturasida ishlaydigan Ozodlik manbasi haqiqatan shunday voqea bo‘lganini tasdiqlar ekan, qotillik sodir etgan shaxs qo‘lga olinganini aytdi:

- Men pichoqlangan qizlarning ismlarini to‘liq aytolmayman. I.M va Sh.Z ismli qizlar. Tergov haqiqatan ham Farida ismli ayol o‘z uyini fohishaxona qilganini va bu qizlar fohisha ekanini aniqladi. Bu ish yuzasidan ichki ishlar tergov olib boryapti. Kuni kecha qotillik sodir etgan shaxs qo‘lga olindi, hozircha uning ham ismini ochiqlay olmayman, - dedi manba.

Gulistonning 2-mikrorayonida istiqomat qiluvchi O‘ktamjon aka shaharda fohishaxonalar kun sayin ko‘payib borayotganini aytadi:

- Bunaqa "mama Roza"lar, bunaqa islovotxonalar Gulistonda juda ko‘paygan. Ayniqsa 2-mikrorayonda juda ko‘p, 4-5 ta bor. Ular bemalol faoliyat olib boradi, krishalari uchastkovoy melisalar. Eng katta krishasi esa uchastkovoy melisalarning boshlig‘i. Shuning uchun ularga hech kim tegolmaydi, dedi O‘ktamjon aka.

O‘zbekiston Internet nashrlarining Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar qilishicha¸ joriy yilning sentabr oyida o‘tkazilgan reydlar natijasida butun mamlakat bo‘ylab 842 ta fohishaxona aniqlangan.

Fohishaxonalarning eng ko‘pi Toshkentda qayd etilgan: 334 ta.

Rasmiylarga ko‘ra¸ respublika bo‘ylab o‘tkazilgan tadbirlar davomida Toshkent viloyatida 69 ta, Samarqandda 50 ta, Sirdaryo va Jizzaxda 22 ta, Buxoroda 46 ta, Navoiyda 19 ta, Farg‘onada 47 ta, Andijonda 30 ta, Namanganda 74 ta va Qoraqalpog‘istonda 40 ta ishratxona aniqlangan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG