Линклар

logo-print

O‘zbekiston hukumati 2020 yilgacha mamlakatning barcha hududlarida 1706 ta sport zallari qurish rejasini e‘lon qildi. Ushbu rejani amalga oshirish O‘zbekistondagi serdaromad shirkatlar ehsoni bilan tashkil etilgan va Vasiylik kengashi raisi prezident Karimov bo‘lgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi zimmasiga yuklandi.

Rejaga muvofiq, kelasi yilda mamlakat bo‘ylab 240 ta, 2016 yilda 280 ta, 2017–2020 yillarda esa 297 ta sport zalini qurilish rejalashtirilmoqda.

Jamg‘armaning ismi sir qolishini istagan rasmiylaridan biri Ozodlik bilan suhbatda sport zallari homiylik tushumlari evaziga qurilishini aytdi.

- Har bitta viloyatda nechta maktabda sport zali yo‘q, ro‘yxat tuzilib, qurib ketilaveradi. Homiylik tushumi Bolalar sport jamg‘armasiga tushadi. Asosan, bu zallar xomiylik mablag‘laridan bo‘ladi. Homiylik mablag‘lari deganimiz, katta-katta tashkilotlar homiylik mablag‘ini jamg‘armaga o‘tkazib beradi-da, - deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining rasmiysi.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi esa O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovdir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi deyarli barcha daromadli korxonalar, jumladan mamlakatda xorij sarmoyasi asosida ishlovchi shirkatlar ham prezident vasiyligidagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasiga yirik miqdorda pul o‘tkazishga majburlanadi.

- O‘zbekistondagi eng daromadli biznes vakillari prezident qarorlari asosida shu jamg‘arma uchun "sog‘in sigir"ga aylantirib qo‘yilgan. Yiliga milliardlab so‘mlik mablag‘lar shu jamg‘armaga oqadi, - deydi O‘zbekiston Markaziy bankiga yaqin manba.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi rasmiysiga ko‘ra, bitta sport zalini qurish O‘zbekiston sharoitida, o‘rtacha hisobda, 300 million so‘mga tushadi.

So‘nggi 10 yil davomida jamg‘arma mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonda mingdan ziyod bolalar sporti ob‘ekti, jumladan, 252 ta yangi sport majmuasi, 861 ta sport zali qurildi.

Buning uchun 570 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani aytilgan.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasida sport zallari qurilishi uchun mo‘ljallangan mablag‘lar talon-taroj qilingani holatlari ham bo‘lgan.

O‘tgan yili jamg‘armaning sobiq rahbari Abdulla Ochilov 2 milliard so‘mni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanib, qamoqqa olingan edi.

Kuzatuvchilar fikricha, endilikda sport zallari qurilishi uchun prezident qarori pesh qilinib, yana homiy tashkilotlar va tadbirkorlardan pul undirish aktsiyasi boshlanadi.

- Tadbirkorlardan undirilgan pullarni hammasi stadion, sport zallari qurilishi uchun sarflansa, boshqa gap edi. Bu yerda qancha-qancha pul talon-taroj bo‘ladi. Bahona bo‘lsa, bo‘ldi. Mana bizning qishloqda yaqinda maktabni ta‘mirlashdi. Sport zali chala, sport anjomlari yo‘q. Eskilari sotilib ketganmi, yo‘q. Tennis stollari bor edi, yo‘q. Turniklar bor edi, yo‘q. Valleybol, futbol anjomlari bor edi, o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketgan. Endi bular mana shuncha sport zali qurdik, deb hisobot berish uchun qilinadi. U yerda bolalar sport bilan shug‘ullanadimi-yo‘qmi, hech kimni qiziqtirmaydi, - deydi Qashqadaryoning Chiroqchi tumanilik o‘qituvchi G‘ulomjon aka.

Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi Eshquvvat aka hukumatning sport zallari qurish rejasidan xursand ekanini aytadi.

- Qarang-da, o‘tgan yili namunali uylar deb qishlog‘imizdagi yakkayu-yagona sport maydonchasini buzib tashlashdi. Turniklar, futbol darvozalarini buzib, o‘rniga uy qurishdi. Bolalarimiz o‘sha yerda to‘p tepayotgan edi. Maktabning sport zallari yaroqsiz. Hozir endi sport zallari, maydonchalarini qurishsa bu juda yaxshi, juda yaxshi qaror bo‘libdi, agar bu amalga oshsa, - deydi qumqo‘rg‘onlik Eshquvvat.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda kelasi besh yil ichida O‘zbekistonda 1706 ta sport zal qurish real amalga oshadigan reja ekanini aytadi.

- Hozir inventarizatsiya o‘tkazildi. Qayerda nechta sport zal yetishmaydi, bu o‘rganildi. Nechta sport zal qurilishi kerak, shu besh yilga bo‘lib tashlandi-da. Bu aniq dastur asosida quriladi, - dedi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi rasmiysi.

XS
SM
MD
LG