Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:54

Gulnora Karimova qilmishlari Norvegiyada ham aks sado bermoqda


Jurnalistlar aniqlagan ma‘lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova xorij telekom shirkatlaridan yuzlab million dollar muzd olgan.
Jurnalistlar aniqlagan ma‘lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova xorij telekom shirkatlaridan yuzlab million dollar muzd olgan.

Norvegiyaning Telenor shirkati O‘zbekistonda biznes qilish imkoniyati evaziga Gulnora Karimovaga katta miqdorda pora bergani to‘g‘risida o‘tgan oy paydo bo‘lgan xabar ortidan 8 dekabr kuni Telenor rahbari O‘zbekistondagi Beeline mobil operatorining egasi hisoblangan VimpelCom kompaniyasining nazorat kengashidan iste‘fo berdi.

Jurnalistik surishtiruv natijasida fosh bo‘lgan oldi-berdida ham Gulnora Karimova nazorat qilgani aytiladigan ko‘pchilikka tanish Takilant firmasi orqali millionlab dollar miqdorida noqonuniy to‘lovlar amalga oshirlgani iddao qilinmoqda. Bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan VimpelCom kompaniyasi Hollandiya prokuratuarsi tomonidan tergov qilinmoqda.

Norvegiyaning Telenor kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yon Fredrik Vaksaas VimpelCom nazorat kengashidan chiqish qarorini mazkur shirkatning O‘zbekistondagi faoliyati Hollandiya prokuraturasi tomonidan tergov qilinayotgani bilan izohladi.

“VimpelCom kengashidan iste‘fo berishimdan maqsad, butun vaqtimni faqatgina Telenor pozitsiyasini himoya qilishga qaratishdir”, deya bildirdi janob Vaksaas.

Joriy yil mart oyida Hollandiya va AQSh rasmiylari VimpelCom ustidan O‘zbekistonda korruptsiyaga aralashganlik gumonlari bilan tekshiruv boshlagan edi.

Telenor 33 foiz ulushiga egalik qiladigan VimpelCom kompaniyasi O‘zbekistondagi sho‘‘basi – Beeline mobil operatori faoliyatini kafolatlash uchun Gulnora Karimovaga millionlab AQSh dollari miqdorida pora bergani iddao qilinmoqda.

Jurnalistlar o‘tkazgan surishtiruv natijasida VimpelCom ham ko‘pchilikka tanish Takilant Ltd. firmasi bank hisob raqamlariga katta miqdorda pul o‘tkazgani aniqlandi. Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Gulnora Karimova nazorat qilishi aytilgan bu firma orqali Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatidan ham pora olingani gumon qilinmoqda.

O‘tgan oyida Telenor shirkati Gulnora Karimovaga 25 million AQSh dollari miqdorida pora berganligini fosh qiluvchi maqola Norvegiya matbuotida paydo bo‘lgach, Belline operatorining norvegiyalik haqdori Takilant firmasidan O‘zbekistonda 3G aloqasi litsenziyasini sotib olganini iddao qildi.

Davlat litsenziyalarini pullagan 23 yashar ayol

Bosniya-Gertsegovinadagi uyushgan Jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi rahbari Miranda Patruchich o‘tgan oyda Norvegiya matbuotida e‘lon qilingan Telenor bilan Takilant o‘rtasidagi oldi-berdiga doir hujjatlarni qo‘lga kiritgan jurnalist. Bosniyalik hamkasbimizning Ozodlikka aytishicha, noqonuniy tranzaksiyalarni yashirish uchun bu ikki shirkat pul yuvishning oddiy sxemalaridan foydalanishgan.

- Bir necha oy avval Takilant Ltd. firmasining Latviyadagi Parex bankidagi hisob-raqamiga doir ma‘lumotlarni qo‘lga kiritdik. Bu hisob raqami bilan bog‘liq tranzaksiyalar orasida Britaniya Virginiya Orollarida ro‘yxatga olingan Watertrail Industries kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. Bu kompaniya esa Telenor haqdor bo‘lgan VimpelCom shirkatining sho‘basidir. Bu ikki tranzaksiyalarga ko‘ra, Watertrail Industries 2007 yilning 8 noyabr kuni O‘zbekistonda 3G aloqasi litsenziyasini sotib olish uchun Takilant hisobiga 10 million AQSh dollari o‘tkazgan. Bu oldi-berdi 2007 yilning oktabrida imzolangan kelishuvga ko‘ra amalga oshirilgan. Oradan to‘rt kun o‘tib, 2007 yilning 12 noyabr kuni yana 15 million AQSh dollari ayni maqsad uchun o‘tkazib berilgan. Ya‘ni Watertrail Industries O‘zbekistonda 3G litsenziyasi uchun Takilant firmasi hisobiga jami 25 million AQSh dollari o‘tkazib bergani ma‘lum, - deydi bosniyalik jurnalist Patruchich.

Gulnoraning yordamchisi Gayane Avakyan O‘zbekistondagi 3G letsenziyasini VimpelCom va TeliaSonera shirkatlariga sotgan paytda 23 yoshda bo‘lgan.
Gulnoraning yordamchisi Gayane Avakyan O‘zbekistondagi 3G letsenziyasini VimpelCom va TeliaSonera shirkatlariga sotgan paytda 23 yoshda bo‘lgan.

Gulnora Karimovaning xos yordamchisi, hozirda O‘zbekistonda qamoqqa hukm qilingan Gayane Avakyan rasman rahbari hisoblangan Takilant huddi o‘sha paytda, ya‘ni 2007 yilning kuzida O‘zbekistonda 3G aloqasidan foydalanish litsenziyasini boshqa xorijiy shirkat – Shvetsiyaning TeliaSonera kompaniyasiga ham sotgan.

O‘zbekistondagi qonunlarga ko‘ra, telekommunikatsiya sohasidagi barcha faoliyat, jumladan 3G litsenziyalari faqatgina davlat tomonidan sotilishi mumkin. O‘sha paytda atigi 23 yoshda bo‘lgan Gayane Avakyan nomiga Gibraltarda rasmiylashtirilgan kichik bir firma butun boshli davlat ixtiyoridagi litsenziyalarni pullayotgani jurnalistlar e‘tiborini tortgan edi.

50 millionni 200 millionga aylantirish hunari

Takilant bilan TeliaSonera o‘rtasidagi “hamkorlik”da ham g‘aroyib sxemalar ishlatilgan: 2007 yilda TeliaSonera 3G litsenziyasini sotib olish uchun Takilant firmasiga 80 million AQSh dollari to‘laydi. Oradan ko‘p o‘tmay Takilant, o‘rtada tuzilib, Hollandiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan TeliaSonera Uzbekistan Holding qo‘shma korxonasida 26 foizlik ulush uchun 50 million dollarni TeliaSonera shirkatiga qaytaradi. Bu 2007 yilning 24 dekabr kuni imzolangan kelishuvga ko‘ra, amalga oshadi. Oradan bir-ikki yil o‘tib esa, Takilant o‘zidagi 26 foiz ulushning 20 foizini yana TeliaSoneraning o‘ziga 200 million dollarga pullaydi.

Bu oldi-berdi fosh etilishi ortidan TeliaSonera prezidenti Lars Nyuberg 2013 yil boshida iste‘foga ketgan edi.

Bosniyalik surishtiruvchi jurnalist Miranda Patruchich o‘z ixtiyoridagi ma‘lumotlarga asoslanib, Takilant Gulnora Karimova uchun yaxshigana sog‘in sigir bo‘lgan, deya xulosa qiladi.

- Glunora Karimova Takilant orqali faqatgina telekom sohasidan o‘zlashtirgan pullar miqdori yuzlab million dollarga teng ekanini aniq aytish mumkin,- deydi Patruchich.

Hozirda Takilant firmasi bilan bog‘liq korruptsion harakatlar va pul yuvish amaliyotlari yuzasidan Shveysariya, Shvetsiya, Hollandiya, Frantsiya va boshqa davlatlarda ochilgan jinoyat ishlarida Gulnora Karimova va unga yaqin shaxslar gumonlanuvchi sifatida o‘tmoqda.

Shu yilning sentyabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham Gulnora Karimova doxil “uyushgan jinoiy guruh” ustidan tergov boshlaganini e‘lon qildi. Ba‘zi iddaolarga ko‘ra, prezident qizi shu yil boshidan beri uy qamog‘ida qolmoqda.

Telenor o‘z rahbarining VimpelCom kengashidan chiqishi yuzasidan bergan bayonotida shirkatga qo‘yilayotgan “korruptsiya ayblovlari va iddaolari jiddiydir va Telenor minoritar haqdor sifatida o‘z manafaatlarini himoya qilish uchun tegishli choralarni ko‘rishda davom etadi”, deyilgan. Norvegiya shirkati shu bilan birga hozirda borayotgan tergovlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ham bildirdi.

Yon Fredrik Vaksaas nazorat kengashidan chiqishi e‘lon qilinishi ortidan AQSh fond birjasida sotiladigan VimpelCom aktsiyalari 7 foizdan ortiqroqqa tushib ketdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG