Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:30

Moskvani migrantlardan "tozalash"ning ikkinchi bosqichi boshlandi


Rossiya poytaxtida 8-18 dekabr kunlari oralig‘ida “Migrant-2014” operativ-profilaktika amaliyotlarining ikkinchi bosqichi o‘tkaziladi. Oktyabrь oxirida o‘tkazilgan “tozalov”ning birinchi bosqichida 50 ming xorij fuqarosi ushlangan, 3 ming 400 muhojir deportatsiya qilingan edi.

Moskva shahri bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi, FMS va FSB xizmatlari hamkorligida joriy yilning 8 dekabridan 18 dekabriga qadar “Migrant-2014” migrantlardan “tozalash” amaliyotlarining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi tekshiruvlar “jamoatchilik tartibi va xavfsizligi ustidan nazoratni kuchaytirish, Moskvada operativ muhitni sog‘lomlashtirish hamda mintaqada migratsiya qonunchiligi buzilishi oldini olish”ga qaratilganini e‘lon qildi.

- Amaliyotda ishtirok etish uchun 450 ortiq operativ-qidiruv guruhlari tuzildi, ular tarkibiga 4500 ziyod politsiya xodimi jalb qilindi. Poytaxt hududida 1500 ob‘ekt: sanoat zonalari, bozorlar, yotoqxonalar, avtoservislar, avtoparklar, mehmonxona va kvartiralar sichkovlik bilan tekshiruvdan o‘tkaziladi, deb bildirdi Moskva shahar politsiya boshqarmasi matbuot markazi.

Moskva politsiyasi noqonuniy muhojirlar yashaydigan joylar, “rezina kvartiralar”, podval va yerto‘lalarda yashayotgan muhojirlar to‘g‘risida xabar berib borishga mahalliy aholini ham jalb qilishni davom etmoqda.

Shuningdek, Moskva huquq-tartibot idoralari etnik uyushgan jinoiy guruhlarni fosh etish va shaharda qalbaki migratsiya hujjatlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan maxsus amaliyotlarni o‘tkazishini ma‘lum qildi.

Bu safar nolegal tarzda "taksichilik" qilib yurganlarni aniqlash ham rejalashtirilayotgani aytilmoqda.

8 dekabr kuni Moskvaning birgina Sharqiy ma‘muriy okrugida olib borilgan tekshiruvlar natijasida politsiya bo‘limlariga, asosan Markaziy Osiyodan bo‘lgan 616 xorijlik keltirilgani, jumladan 146 nafari ma‘muriy javobgarlikka tortilgani, yana 38 tasi deportatsiya qilingani ma‘lum bo‘ldi.

Eslatish joizki, 2014 yilning 23 oktabridan 2 noyabrigacha Moskva shahrida o‘tkazilgan “Migrant-2014” amaliyotlari davomida 50 ming xorij fuqarosi politsiya bo‘limlariga olib kelingan, 370 muhojir deportatsiya markazlariga olib ketilgan, ushlanganlardan 3400 tasi deportatsiya qilingan edi.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari Anatoliy Yakunin ommaviy tekshiruvlar davomida shaharda 10 mingdan ziyod turli qonunbuzarliklar aniqlanganini xabar qildi.

Jamoatchilikka bergan hisobotida Yakunin boshchilik qilgan migrantlarni “ovlash” amaliyotlari paytida Moskvada “talon-tarojlar soni 22 foiz, bosqinchilik 8 foiz, transport vositalarini o‘g‘irlash holatlari 15 foizga kamaygani” qayd etilganini aytgan edi.

Aynan shu natijalardan ilhomlangan Moskva shahar hukumati Anatoliy Yakuninga “Migrant-2014” amaliyotini yil oxirida yana bir bor takrorlashni buyurgan edi.

Ozodlik Rossiya poytaxtida o‘tkazilayotgan migrantlardan “tozalash ishlari” davomida ko‘plab hujjatlari joyida bo‘lgan mehnat muhojirlari ham ushlangani, jarimalarga tortilgani va ayrimlari asossiz badarg‘a qilinganini xabar bergan edi.

Ozodlik olgan ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, “Migrant-2014” amaliyoti oqibatida diniy-siyosiy ta‘qib bois, o‘zbek muhojirlari Turkiyadan Suriyaga o‘tib, u yerdagi "Islomiy davlat" jangarilariga qo‘shilmoqda.

Rossiyadagi siquvlardan charchagan o‘zbek muhojirlarning katta qatlami Ukrainaga ketayotganiga oid ma‘lumotlar ham bor.

XS
SM
MD
LG