Линклар

Rossiyaning eng badavlat tadbirkori Alisher Usmonov Nyu-Yorkdagi Christie's kimoshdi savdosida amerikalik Jeyms Uotson savdoga qo‘ygan Nobel medalini sotib oldi. Puldor biznesmen 4 million 100 ming AQSh dollariga olgan bu matohni egasi qaytarib berishini aytdi. Olim bu mukofotni 1962 yilda DNK tarkibini kashf qilgani uchun olgan edi.

USM Holdings shirkati rahbari Alisher Usmonov Uotsonning zamonaviy fanga qo‘shgan ulkan hissasini hisobga olib, buyuk olimga mukofotni qaytarish niyatida ekanini aytdi.

- Uotson tadqiqotlari mening otam nobud bo‘lgan saraton kasalligiga qarshi kurashda yordam bergan. Men uchun muhimi shundaki, mening mablag‘larim ilmiy izlanishlarga sarflanadi, mukofot esa unga eng sazovor bo‘lgan shaxsda qoladi, demoqda asli o‘zbekistonlik Usmonov.

Ma‘lum bo‘lishicha, biolog Jeyms Uotson sotilgan medaldan tushgan mablag‘ni to‘liq Kembrij, Chikago universitetlari va boshqa qator ilmiy muassasalarda olib borilayotgan izlanishlarga sarflash niyatida.

Uotsonning 23 karatli diametri 6,6 sm sof oltindan bo‘lgan medali uchun Christie's kimoshdi savdosi 1 yarim million AQSh dollaridan boshlanib, 3 million 800 ming dollargacha ko‘tarildi. Savdoga qo‘shilgan Usmonov esa medalni 4 million 100 ming AQSh dollariga sotib oldi.

Jeyms Uotson Nobel mukofotini o‘z hamkasblari Frensis Krik va Moris Uilkins bilan birga DNK molekulasi tarkibini kashf etgani uchun olgan.

Alisher Usmonovga qarashli kompaniyalar 2009-2013 yillar davomida turli xayriya ishlariga 700 mln dollar, shu jumladan Rossiya va O‘zbekistondagi fan va tibbiyot sohalarini qo‘llab-quvvatlashga sarflagani xabar qilingan.

Darhaqiqat, so‘nggi bir necha yillarda Alisher Usmonov Rossiyada “Yil homiysi” unvoniga egalik qilib kelmoqda. Birgina 2012 yilning o‘zida u xayriya ishlariga jami 150 million dollar sarfladi.

Usmonov Forbesga bergan intervьyularidan birida bir necha yildan keyin biznesdan ketishi va keyingi faoliyatini to‘liq xayr-sahovat ishlariga bag‘ishlashini bildirgan.

U, shuningdek, o‘z yurti Rossiya va ona yurti O‘zbekistonda fan, san‘at va sportga homiylik qiluvchi jamg‘armalarni tuzishini aytib o‘tgan.

61 yoshli rossiyalik o‘zbek milliarder Alisher Usmonov Forbes jurnali tarafidan tuzilgan 2014 yilda dunyodagi eng nufuzli shaxslar ro‘yxatining 61-pog‘onasini egallagan.

XS
SM
MD
LG