Линклар

logo-print

AQSh Kongressi Senatining Razvedka masalalari bo‘yicha maxsus komissiyasi “Al-Qayda” terror tarmog‘ining qo‘lga olingan a‘zolariga nisbatan Markaziy Razvedka boshqarmasi (MRB) qo‘llagan so‘roq usullari tahlil etilgan maxfiy hisobotning bayonini e‘lon qildi.

Hujjatda mahbuslarga nisbatan “shafqatsiz ruhiy va jismoniy bosim” qo‘llashning bir qator holatlari keltirilgan, so‘roqning bu usullari samara berishiga shubha bildirilgan hamda MRB o‘z faoliyatining bu qismiga doir ba‘zi tafsilotlarni Oq Uy va Kongressdan yashirgan, degan xulosa qilingan.

Bu xulosa AQSh qonun chiqaruvchilarining bir qismi hamda MRB tanqidiga uchradi.

Senat tahlilchilari hisobot ustida 5 yil ishladi. Hujjat 2012 yil oxirida tayyor bo‘lgan edi. Umumiy hajmi 6300 sahifali hisobot maxfiyligicha qolmoqda, seshanba kuni e‘lon qilingan hujjat esa, hisobotning 500 sahifali bayonidir. Bayonda shu paytgacha ma‘lum bo‘lgan qiynoq faktlarining ko‘pi keltirilgan.

2002 yil boshida, “Al-Qoida”ning Usama bin Ladinga yaqin dastlabki a‘zolari qo‘lga olinganidan so‘ng prezident Jorj Bush AQSh so‘roq o‘tkazishning Adliya vazirligi ekspertlari tomonidan ma‘qullangan qattiq usullaridan mahbuslarga nisbatan foydalanishga ruxsat bergan edi.

Qo‘llashga ruxsat berilgan qiynoq usullari hammasi 10 ta bo‘lib, ular orasida “uoterbording”( waterboarding) degan usul ham bo‘lgan. Bu usulni qo‘llash bilan o‘tkazilgan so‘roq paytida mahbus o‘zida bo‘g‘ilish alomatlarini sezadi. Hisobotdan ma‘lum bo‘lishicha, “uoterbording” 119 mahbusdan “eng muhim” mahbuslar safiga kiritilgan 3 kishiga nisbatan qo‘llanilgan.

Mahbuslarga nisbatan qo‘llanilgan boshqa qiynoqlar orasida mahbusga uzoq vaqt, ba‘zi holatlarda 180 soatgacha uyqu bermaslik, mahbuslar faqat tik turgan holatda sig‘adigan konteynerga qamab qo‘yish, uzoq vaqt izolyatsiyada ushlash, mahbusning o‘zini yoki yaqinlarini otib tashlash bilan qo‘rqitish kabi usullar bo‘lgan.

Qiynoqlarga oid faktlarning ko‘pi anchadan buyon ma‘lum edi. Ular MRBning Bosh taftishchisi komissiyasi tomonidan bir necha yil muqaddam aniqlangan, o‘shanda komissiya tergovchilar ba‘zi holatlarda ruxsat etilgan chegaralardan tashqariga chiqib ketganini qayd etgan edi.

Bu gal esa, asosiy e‘tibor so‘roq paytida qiynoq qo‘llash, baribir, MRB o‘z usullarini oqlash uchun aytib kelgansamarani bermaganiga qaratildi.

Kongress ekspertlari MRB o‘zining mazkur maxfiy dasturini amalga oshirishda “jiddiy kamchiliklarga” yo‘l qo‘yganini aniqlagan.

Hisobot bayonining e‘lon qilinishiga qarshilarga javob berar ekan, Senatning Razvedka masalalari bo‘yicha maxsus komissiyasi rahbari, demokrat Dayan Faynstayn bunday dedi:

“Tarix bizga qonun ustuvorligiga asoslangan adolatli jamiyatning qay darajada tarafdori bo‘lganimizga, noxush haqiqatga ko‘ziga qarashga hamda bunday amal qaytarilmasligi to‘g‘risida bayonot berishga qanchalik tayyor ekanligimizga qarab baho beradi”.

Prezident Obama MRBning mahbuslarga nisbatan qo‘llagan usullarini “shafqatsiz va samarasiz”, deb atadi.

“Biroq boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, agar xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, biz xatolarimizni tan olamiz”, dedi Obama.

Hisobotni e‘lon qilishning to‘g‘ri amal ejkanligiga shubha bilan qaraganlar fikricha, mazkur hujjatni e‘lon qilishning o‘zi “noxolis”dir.

Respublikachi senatorlar rahbari Mitch Makkonell va Senatning Razvedka masalalri bo‘yicha komissiyasi a‘zosi, respublikachi Saksbi Shamblislar o‘z vaqtida MRB harakatlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan demokratlarni mafkuraviy buyurtma bajarganlikda aybladilar.

Makkonnellga ko‘ra, demokratlar tomonidan tayyorlangan tadqiqot “mafkuraga yo‘g‘rilgan bo‘lib, tarixiy voqealarning buzib ko‘rsatilishidir”.

Respublikachilarga ko‘ra, MRB o‘tkazgan so‘roq-tergovlar “Al-Qoida” a‘zolari bo‘lgan terrorchilar iziga tushishga, Usama bin Ladin yashiringan joyni topishga hamda tayyorlanayotgan terror amaliyotlarining oldini olishga xizmat qilgan.

XS
SM
MD
LG