Линклар

"Sochi ko‘lankalari" - Olimpiada qurilishlarida o‘nlab o‘zbek o‘lib ketgani aniqlandi


Faollarga ko‘ra, mehnat muhojirlari dam olishsiz, og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur bo‘lgan.

Faollarga ko‘ra, mehnat muhojirlari dam olishsiz, og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur bo‘lgan.

Sochi Olimpiadasi inshootlarini qurishda ishtirok etgan o‘n minglab mehnat muhojirlaridan bir necha yuz nafari nobud bo‘lgan. Angliya, Ruminiya va Rossiya jurnalistlari bugun e‘lon qilgan jurnalistik surishtiruv natijalariga ko‘ra, ular orasida ko‘pchiligi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

“Sochining ko‘lankalari” deb nomlangan reportajda Sochi Olimpiadasi qurilishlarida huquqlari poymol etilgan, abgor ahvolda yashab ishlagan minglab, rumin, ukrain va o‘zbeklar taqdiri qanday bo‘lgani haqida gap boradi. Londondagi Surishtiruv jurnalistikasi markazi, Belgiyadagi Jurnalistik jamg‘armasi va Ruminiyadagi theblacksea.eu nashri tomonidan tayyorlangan reportajning katta qismi 50 milliard dollarlik loyihada hech bir haq-huquqsiz ishlatilgan o‘zbekistonlik mardikorlar, jumladan nom-nishonsiz o‘lib ketgan o‘nlab o‘zbeklar haqida hikoya qiladi.

10 dekabr kuni e‘lon qilingan katta maqolaning deyarli yarmini egallagan o‘zbekistonliklarga doir qismi “Qullar sinfi” deb nomlangan.

“Sochi ko‘lankalari” nomli reportajda olimpiada inshootlari qurilishida ishlatilgan muhojirlarning ko‘pchiligi na davlat, na ish beruvchilar tomonidan tegishli tarzda qayd qilingani bois aniq raqamlarni berish imkoni bo‘lmagan, lekin mualliflarning taxminicha, o‘n minglab mehnat muhojirlari bir necha yil davomida og‘ir va noinsoniy sharoitlarda mehnat qilishga majbur bo‘lgan.

Maqola muallifi, Londondagi Surishtiruv jurnalistikasi markazi muxbiri Kreyg Sho, Ozodlik bilan suhbatda, “Sochi ko‘lankalari” Rossiya g‘aznasi uchun 50 milliard dollarga tushgan yirik loyihani amalga oshirishda arzon ish kuchi siftida, hech kim tomonidan qaydga olinmagani bois hech qanday haq-huquqsiz ter to‘kkan o‘n minglab mehnat muhojirlari orasidagi nom nishonsiz o‘lib ketganlardir, deydi.

- Bular ro‘yxatga tushmagan, nomsiz o‘liklardir – Sochi olimpiya o‘yinlari inshootlari qurilishida nobud bo‘lgan, lekin hech kim tan olmagan o‘liklardir. Sochi inshootlarini qurishda qancha odam ishlagani hech kim tomonidan ro‘yxat qilinmagani bois, aniq raqamlar yo‘q, lekin Hyuman Rayts Uotch hisob-kitoblariga ko‘ra, u yerda 70 ming atrofida mehnat muhojirlari ter to‘kkan. Lekin menimcha, bu raqam ancha past, chunki 2018 yilda bo‘ladigan futbol chempionati uchun bittagina shaharda quriladigan inshootlarga 60 mingga yaqin mehnat muhojiri jalb etilishi kutilmoqda. Ya‘ni jahon chempionati bir necha shaharda o‘tishi hisobga olinsa, yuz minglab muhojir haqida gap ketmoqda. Hьyuman Rayts Uotch aytayotgan 70 ming ham ozmuncha emas. Ular turli mamlakatlardan – O‘zbekiston, Moldova, Qozog‘iston va boshqa joylardan bo‘lgan. Lekin ularning katta qismi, biz gaplashgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, aksari o‘zbekistonliklar bo‘lgan,- deydi londonlik jurnalist.

Sochida ter to‘kkan muhojirlar abgor sharoitlarda yashagani ham ko‘plab o‘limlarga sabab bo‘lgan, deyishadi faollar.

Sochida ter to‘kkan muhojirlar abgor sharoitlarda yashagani ham ko‘plab o‘limlarga sabab bo‘lgan, deyishadi faollar.

Maqolada Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari muammolarini o‘rganish bilan shug‘ullangan huquq faoli Maqsud Abdujabborov to‘plagan ma‘lumotlar ham keltirilgan. Asli o‘zbekistonlik faol shu yil boshrog‘ida, jumladan, Ozodlik radiosiga bergan intervyusida, Rossiyada so‘nggi to‘rt yil ichida 48 mingdan oshiq o‘zbek mardikori turli vaziyatlarda vafot etgani to‘g‘risidagi iddaolarni ilgari surishi ortidan Rossiya rasmiylari tomonidan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan edi.

O‘zbekistonda ikki oy davomida qamoqda ushlab turilgan Abdujabborov hozirda mamlakatni tark etishga muvaffaq bo‘lgan, lekin uning qayerdaligi, xavfsizlik maqsadlarida sir tutilmoqda. “Sochi ko‘lankalari” maqolasi uchun theblacksea.eu nashri bilan suhbatlashgan faol o‘zidagi ma‘lumotlar Rossiya rasmiy idoralaridan olingan raqamlarga asoslanganini aytadi.

“Mehnat muhojirlari o‘limining turli sabablari bo‘lgan, lekin asosiy sababi noinsof ish beruvchilardir. Xavfli ish hech qanday malakaga ega bo‘lmagan odamlar tarafidan, tegishli nazoratsiz amalga oshirilgan. Yana bir muammo, odamlar dam olmay ishlashga majbur bo‘lgan. Ba‘zi hollarda hatto uxlashmagan ham. Ba‘zi ishchilar charchaganidan, fikrini bir joyga jamlay olmagani oqibatida fojea yuz berib, nobud bo‘lgan”, deya Abdujabborovdan iqtibos keltiradi maqola mualliflari.

50 milliardlik Sochi qurilishlarida arzon kuch sifatida ishlatilgan o‘n minglab mardikorning aksar katta qismi o‘zbekistonliklar bo‘lgan.

50 milliardlik Sochi qurilishlarida arzon kuch sifatida ishlatilgan o‘n minglab mardikorning aksar katta qismi o‘zbekistonliklar bo‘lgan.

Olimpiya inshootlari qurilishida korrupsiyaning keng ko‘lam kasb etgani ham ko‘plab muhojirlarning nom-nishonsiz o‘lib ketganiga sabab bo‘lgan va, ayniqsa, o‘zbekistonliklarning kundalik ravishda halok bo‘lganiga doir gap-so‘zlar ko‘p uchragan. theblacksea.eu muxbirlari suhbatlashgan muhojirlar Olimpiya o‘yinlarida chang‘i sporti musobaqalari o‘tkazilgan “Roza Xutor” inshooti qurilgan joyda yetti o‘zbekistonlikning jasadi ko‘milgan ommaviy qabr to‘g‘risida gapirib bergan.

Muhojirlarni yollagan xususiy shirkatlar, guvohlarning aytishicha, o‘z ob‘ektlarida yuz bergan o‘lim holatlarini xaspo‘shlash uchun huquq-tartibot idoralari rasmiylariga pora to‘lab kelgan.

Ozodlikka gapirgan londonlik jurnalist Kreyg Sho bu hikoyalar bir-biridan mustaqil ravishda gapirgan guvohlar hikoyalaridir, deydi.

- Bu mavzuni o‘rganishda har xil odamlar bilan muloqot qila boshladik. Ularning har biri, hech bir ikkilanishsiz, “ha, odamlar kundalik ravishda o‘lgan”, deya gapira boshlashdi. Bu hikoyalarga ko‘ra, o‘lganlarning ko‘pchiligi o‘zbekistonliklar bo‘lgan. Meni dahshatga solgan narsa, na Rossiyada, na O‘zbekistonda bu hodisalarga qiziqish bo‘lganidadir. Albatta, ma‘lum sabablarga ko‘ra, o‘limlar sonini aniq aytishning imkoni yo‘q. Chunki Rossiya hukumatini qancha mehnat muhojiri nobud bo‘lgani bilan ishi yo‘q. Boshqa tarafdan O‘zbekiston hukumati ham xorijga tirikchilik qilgani ketgan fuqarolaridan jirkanadi. Shu sababdan, hatto O‘zbekiston rasmiylaridan qancha o‘lim bo‘lgani, so‘nggi ikki yil ichida Rossiyadan, Sochidan qancha tobut qaytgani kabi savollarga javob olishning iloji bo‘lmadi. Raqamlarni tasdiqlash qiyin, lekin bizga aytilgan hikoya va guvohliklar bir-biriga mos kelgani, bu manbalar aniq bo‘lmasa-da, hech bo‘lmaganda, ishonchli, deyishimizga asos bo‘la oladi, deydi jurnalist.

Maqola mualliflari Olimpiada o‘yinlari tugaganiga qariyb bir yil bo‘lganiga qaramasdan bu muammoni ko‘tarib chiqishdan maqsad, birinchidan hukumat va jamoatchilik tarafidan mutlaqo qiziqish ko‘rsatilgan bu o‘limlar haqida, boshqa tomondan esa, Rossiyada 2018 yilda uyushtiriladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik bilan bog‘liq qonunnig qabul qilingan bu fojialarning yanada kattaroq ko‘lamda takrorlanishi ehtimoli haqida ommani ogohlantirishdir, deydi.

- Rossiya hukumati 2018 yilgi jahon chempionati inshootlari qurilishida ishtirok etadigan xususiy shirkatlar uchun yengilliklarni joriy qildi. Bu qonunga ko‘ra, shirkatlardan muayan shartlarga amal qilishi talab qilinmaydi. Bu talablar odamlarni ishga yollash va ishdan haydash, ta‘til haqi, ortiqcha ish vaqti haqi kabilarga doirdir. Bundan tashqari ish beruvchi mehnat muhojirini qayddan o‘tkazishi talab qilinmaydi. O‘zi aslida shu paytgacha ham bunday qilmagan, lekin hozir bu qonuniylashtirildi. Bu esa ishchilarning soliq va migratsiya idoralaridan ro‘yxatdan o‘tmasdan, ishga yollanishiga yo‘l ochib beradi. Ya‘ni Sochi Olimpiadasi misolida ko‘rilgan korruptsiya amaliyoti, xavfsizlik choralarining mutlaq amal qilmasligi kabi holatlar uchun imkon yaralmoqda va kim ishga olinib, kim ishdan haydalanayotgani, kim tirigu, kim o‘lib ketayotganini nazorat qilishning imkoni qolmaydi, deydi Londondagi Surishtiruv jurnalistikasi markazi muxbiri Kreyg Sho.

Surishtiruv jurnalistika markazi

Jurnalistika jamg‘armasi

theblacksea.eu

XS
SM
MD
LG