Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:25

Putin Toshkentga kelib ketdi – Kimga foyda¸ kimga zarar?


Iqtisodi G‘arb sanktsiyalari¸ neft narxining keskin tushishi ortidan inqirozga cho‘ka boshlagan¸ o‘zi G‘arb siyosatchilari tomonidan yakkalab qo‘yilgan bir paytda Vladimir Putin Toshkentga keldi. Ayni paytda¸ Putinni “bir kelib ketishga” chaqirgan Islom Karimov oldida ham yana prezidentlikda qolish¸ mamlakatdagi xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni saqlash kabi murakkab vazifalar turibdi. Ikkala tomon uchun ham og‘ir bir vaziyatda Toshkent uchrashuvi ko‘proq kimning manfaatiga xizmat qildi?

Putinning yana bir bor Hindiston yo‘lida Toshkentda to‘xtab o‘tishi¸ bu gal¸ 2012 yilning yozidagidan ko‘ra salmoqliroq bo‘ldi.

Mintaqaning eng keksa prezidenti Islom Karimov Rossiya prezidentini aeroportda shaxsan o‘zi qarshi oldigina emas¸ Putin og‘iz ochmay turib¸ unga ulkan haq ham berib qo‘ydi.

"Markaziy Osiyoda Rossiyaning manfaatlari har doim mavjud bo‘lgan va bu mavjudlik har doim barqarorlashtiruvchilik xarakteriga ega bo‘lgan. Biz minglab ip bilan bog‘langanmiz. Agar kimdir bu mushtaraklikni mensimaydigan bo‘lsa¸ bu befoyda ish va bu haqda safsata sotish qiladigan boshqa ishi yo‘qlarga qolgan"¸ dedi Islom Karimov Putinni quchoq ochib qarshi ola turib.

Bunday sharqona mulozamatu o‘zbekcha xushomaddan ko‘p o‘tmay¸ Rossiya O‘zbekistonning 90-yillardan beri yig‘ilib kelgan bir milliardga yaqin qarzidan voz kechganini ma‘lum qildi.

Kuzatuvchilar fikricha¸ qarzdan voz kechish Moskvaning Toshkentga¸ Putinning Karimovga qilgan tortig‘i¸ o‘zi uchun achchiq kunlarda olib kelgan shirinkulchasi bo‘ldi.

Ayni paytda¸ siyosatda doimiy do‘stlar emas¸ doimiy manfaatlar bor¸ degan asosga qurilgan xalqaro munosabatlar zamiridan turib ko‘pchilik¸ Putin va Karimovni aynan bugun uchrashish va bugungi bayonot va qarorlarni olishga undagan omillar nima¸ degan savolga javob izlamoqda.

Toshkent uchrashuvidan kim ko‘proq manfaat ko‘rdi¸ muhimi¸ O‘zbekiston xalqi¸ Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari hayotida bu uchrashuv va Toshkentda imzolanilgan kelishuvlar qanday aks etadi?

Putinning Toshkentga qilgan safari munosabati bilan uyushtirilgan Ozodlik davra suhbati ishtirokchilari shu kabi savollarga javob izladilar.

Davra suhbati ishtirokchilari siyosiy jihatdan Toshkent uchrashuvining qayta saylanish rejasini amalga oshirish oldida turgan Islom Karimov uchun ahamiyatliroq bo‘lgani¸ ayni paytda¸ G‘arb davrasidan quvilgan Putin ham¸ safar orqali qolgan dunyoga o‘z ta‘sir doirasidagi hududlar anchayin katta ekanini eslatib qo‘yganini tilga olishdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik¸ xususan¸ meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiyaga sotishni kuchaytirish oqibatida o‘zbek bozorlarida ayni shu mahsulotlarning qahatlashib¸ gazsizlik¸ svetsizlik muammosi yoniga¸ endilikda oziq-ovqat taqchilligi ham qo‘shilish ehtimoli faraz qilindi.

Suhbatda o‘zbekistonlik mustaqil tahlilchilar Farhod Tolipov¸ Kamoliddin Rabbimov va Anvar Nazirovlar ishtirok etdi.

Davra suhbati bilan quyida tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG