Линклар

O‘zbekistonga bir kunlik rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘zbekistonlik hamkasbi Islom Karimov bilan oziq-ovqat importi, O‘zbekistonning Rossiyadan qarzi hamda O‘zbekistonga qurol-aslaha yetkazib berish masalalarini muhokama qildi. Rossiya O‘zbekistonning 890 million dollarlik qarzidan voz kechishini bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 10 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Hindistonga ketayotib Toshkentda bir kunga to‘xtagan rossiyalik mehmonni O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Toshkentning xalqaro aeroportida kutib oldi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlarining Toshkentdagi ikki tomonlama muzokaralarida, asosan, iqtisodiy hamkorlik masalalariga e‘tibor qaratildi.

"Markaziy Osiyoda Rossiyaning manfaatlari har doim mavjud bo‘lgan va bu mavjudlik har doim barqarorlashtiruvchilik xarakteriga ega bo‘lgan”, dedi Islom Karimov Toshkentdagi muzokaralar payti.

O‘z navbatida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonni mintaqadagi muhim hamkor deb atadi.

- Rossiya O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy hamkorlari orasida birinchi o‘rinni egallaydi va biz hamkorlik aloqalarini shu darajada ushlab turishga harakat qilishimiz kerak, O‘zbekiston mintaqadagi muhim hamkorlarimizdan biridir, - dedi Vladimir Putin.

Toshkentdagi muzokaralar so‘nggida Rossiya rasmiylari O‘zbekistonning 890 million dollarlik qarzidan voz kechishini bildirdi.

Bu haqdagi kelishuvni Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanov va O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovlar imzoladilar.

-O‘zbekistonni qarzi 890 million dollarni tashkil etadi. Shundan 500 millioni asosiy qarzi. O‘zbekiston tomoni shundan 25 millionini bizga to‘laydi, qolganidan voz kechiladi, - dedi Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov.

Lekin, Rossiya 890 millionlik qarzdan nimani evaziga voz kechgani ma‘lum emas.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Toshkentdagi muzokaralarda O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro moliyaviy da‘volar va majburiyatlarni tartibga solishga kelishilganini ta‘kidladi.

- Biz bu borada uzoq muzokara olib bordik va hatto tortishdik. O‘zbekistonni o‘z qarashi, Rossiyani o‘z qarashi bor, - dedi Putin.

Rossiya rahbariga ko‘ra, Moskva va Toshkent yaqin fursatda O‘zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan erkin savdo hududi borasidagi shartnomani imzolashi bo‘yicha maslahatlashuvlarni o‘tkazadi.

O‘zbekistonning Rossiyadan qarzi

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistonning Rossiyaga qarzi bugunga kelib 890 million AQSh dollarini tashkil etishini ma‘lum qilgan.

Uning “ba‘zi hisob-kitoblarga” tayanib aytishicha, joriy yilning noyabrigacha O‘zbekistonning Rossiyaga qaytarish muddati o‘tib ketgan qarzi qariyb 890 million dollar bo‘lib, bu bu miqdorning 500 millioni qarzning o‘zi, 388 millioni to‘planib qolgan ustama foizdir.

Rossiya Strategik tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi Ajdar Kurtovga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyaga qarzi o‘tgan asr to‘qsoninchi yillari birinchi yarmida paydo bo‘lgan.

O‘sha yillari O‘zbekiston boshqa sobiq sovet o‘lkalari qatori rubl xududidan chiqishga majbur bo‘lgan va Rossiya tovarlari hamda texnikasini O‘zbekiston nasiyaga olgan. Yillar o‘tib Rossiyadan olingan maxsulotlar puli to‘lanmay qolib ketgan va qarz yuzaga kelgan.

2000 yillarga kelib, O‘zbekistonning Rossiyaga qarzi 550 million AQSh dollarini tashkil etishi ayonlashadi.

O‘zbekistonni qarzlari 10 million dollarlik yillik foiz hisobiga oshib, 890 million dollarga tenglashgan.

Oziq-ovqat importi

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, Toshkentdagi muzokaralarda ko‘tariladigan masalalardan yana biri G‘arbning Rossiyaga sanktsiyalari ortidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi maxsulotlarining Rossiyaga eksporti ko‘lamini oshirishdir.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga G‘arbning Moskvaga sanktsiyalari ortidan Rossiyaga O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlari importini oshirish masalasi ikki o‘rtadagi muloqotlar mavzusi bo‘lishini aytgan.

"Yangi imkoniyatlar ochilmoqda va ushbu sohada ishlar bir necha oydan beri allaqachon amalga oshirilmoqda", - dedi Ushakov.

Rossiya G‘arb sanktsiyalariga javoban Yevropa va Shimoliy Amerikadan oziq-ovqat maxsulotlari importiga bir yilga cheklov joriy qilgan.

Hozirda Moskva o‘zidagi oziq-ovqat maxsulotlariga bo‘lgan extiyojni qo‘shni davlatlar hisobidan to‘ldirishga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan qo‘shma korxonalarni ishga tushirish niyatida.

Rossiya Iqtisod vaziri Aleksayey Ulyukayev "Rossiya" telekanali muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi maxsulotlari importini oshirish imkonlari borliligini aytdi.

- Bu yerda gap sabazavot meva va paxta haqida bormoqda. Bundan tashqari o‘zbekistonlik hamkorlarimiz meva-sabzavotlarni qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda, - dedi Ulyukayev.

O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyaga 200 ming tonna meva-sabzavot eksport qilgan. Bundan mamlakat 300 million dollar foyda ko‘rgan.

Bu yil O‘zbekiston Rossiyaga 250 ming tonna meva-sabzavot yetkazib bergan.

Hozirda O‘zbekistonning chetga eksport qiladigan qishloq xo‘jaligi maxsulotlarining 80 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiya O‘zbekistonga qurol-aslaha yetkazishni rejalamoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga safari doirasida O‘zbekistonga qurol-aslaha yetkazib berish masalasi ham hal bo‘lishi mumkin.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, o‘zaro moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolanadi.

Mazkur bitim, Ushakovga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekistonga o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xususan, Rossiyadan O‘zbekistonga qurol-aslaha va zamonaviy harbiy texnika yetkazib berish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Lekin, aynan qanday qurollar haqida gap ketayotgani ma‘lum emas.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi payti ikki mamlakat orasida to‘rtta shartnoma imzolangan.

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasidagi 2015-2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqidagi kelishuv, o‘zaro moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2015 yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda narkotiklar noqonuniy savdosiga qarshi kurashda hamkorlik qilish bo‘yicha imzolangan kelishuvlar shular jumlasidan.

Shuningdek, Putin O‘zbekiston va Rossiya energetika va yadroviy sohalarda hamkorlik qilish salohiyatiga ega ekanini ta‘kidladi.

Toshkentdagi muzokaralar payti o‘zbekistonlik talabalarni Rossiya oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish imkonlarini kengaytirish masalasiga ham e‘tibor qaratilgan.

- Kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni bundan buyon ham davom ettiramiz. Hozir Rossiya oliygohlarida 12 ming o‘zbekistonlik o‘g‘il qiz taxsil olmoqda, ular turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilim olmoqda, - dedi Putin.

2013 yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 4,6 milliard dollarni tashkil qilgan.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, o‘tgan 11 oy ichida bu ko‘rsatkich 8 foizga oshgan.

Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiga sarmoyasi hajmi so‘nggi besh yil mobaynida 6 milliard dollarga yetgan.

Karimov Putin bilan so‘ngi bor sentabr oyida Dushanbeda uchrashgan edi. O‘shanda Karimov O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida “oriyentirni belgilab olishda” Kremlь xo‘jayinidan yordam so‘ragan edi.

Ayni paytda, Putin tashrifi arafasida Karimov O‘zbekiston “SSSR kabi tashkilotlarga hech qachon qo‘shilmasligi”ni bayon qildi. O‘zbekiston rahbarining Konstitutsiya kuni munosabati bilan 5 dekabr kuni qilgan bayonoti kuzatuvchilar tarafidan Toshkentning Kreml yetakchiligidagi Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish niyati yo‘qligi, deya talqin qilindi.

XS
SM
MD
LG