Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:24

Buxoroda poliklinika bosh vrachi poraxo‘rlik aybi bilan hibsga olindi


Buxoro shahridagi markaziy poliklinika bosh shifokori 36 yashar Jamol Shirinov 5 dekabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘z ish kabinetida hibsga olindi. Jamoliddin Shirinov birovni hamshiralikka ishga olish uchun 200 AQSh dollari miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda.

Bu haqda Ozodlik xabar bergan buxorolik manbaga ko‘ra, Jamoliddin Shirinov qalbaki ayblov qurboni bo‘lgan:

“Juma kuni tushdan keyin uni qo‘lga olishgan. Jamoliddinning qo‘liga kishan solib olib ketishayotganda u “ishonmanglar, meni podstava qilishdi, men pora olganim yo‘q, hamma joyga aytinglar, prezidentga yetkazinglar”, deb baqirgan, deydi manba.

Manbaga ko‘ra, voqea tafsilotlari aslida bunday:

“Tubdispanserdan kelib poliklinikada yarim stavka ishlaydigan Sayliyev degan vrach bir qizdan 200 dollar olib, men seni hamshiralikka ishga joylayman¸ degan. Keyin Sayliyevning o‘zi qo‘lga tushgan deyishayapti va u bu bosh vrachga beriladigan pul edi¸ deb o‘zini oqlagan. Keyin Sayliyevni ishga solishgan. U bosh vrachning kabinetiga kirib, bir hamshirani ishga olsangiz, mana hujjatlari ko‘rib chiqing, deganda chiqib ketgan. Chiqayotganda “hujjatlar ichida sovg‘asi ham bor”, degan. Shirinov esa uning orqasidan yugurib chiqayotganda militsiya xodimlari bosgan, Shirinov dollarni hatto ushlab ham ko‘rmagan”, dedi manba.

Poliklinikaning Ozodlik suhbatlashgan shifokorlari ham Jamoliddin Shirinovga qo‘yilayotgan ayblovga ishonmasliklarini aytdi.

Terapevt shifokor Nordona Muhsinovaga ko‘ra, bir yildan buyon bosh shifokor bo‘lib ishlayotgan Jamoliddin Shirinov halol odam bo‘lgan:

- U kishi adolatli va oqko‘ngil inson. Bir yildan buyon faqat xalqqa halol xizmat qilish, kadrlarni joy-joyiga qo‘yish bilan ovora edi. Bu do‘xtirning poraxo‘r bo‘lishini hech kim tasavvur qilolmaydi. Biz, barcha do‘xtirlar buning podstava ekanligi haqida viloyat prokuraturasiga, sog‘liqni saqlash boshqarmasiga ariza yozdik, dedi Nordona Muhsinova.

Poliklinikaning ginekolog shifokori Yulduz Sharipova Shirinovning professional neyroxirurg sifatida o‘z hamkasblariga talabchan bo‘lganini ta‘kidlaydi:

- Bu aniq podstavadan boshqa narsa emas. U birovga yomonlik qilgani yo‘q, dushmanlari nima uchun bunday qildilar, tushunolmayapmiz. Kimni ishga olsa eng avvalo kasbiy mahoratini tekshirib ko‘rardi. Meni ham shu kishi ishga olgan, lekin bir tiyin so‘ramagan. Talab qilgani faqat ish va ish edi, deydi Yulduz Sharipova.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Jamoliddin Shirinovning pora olganlikda gumonlanib hibsga olinganini tasdiqladi.

Mulozimga ko‘ra, Shirinov ayni paytda Otbozordagi vaqtincha saqlash izolyatorida ushlab turilibdi.

So‘nggi paytda O‘zbekistonda shifokorlarning pora bilan qo‘lga olinish holatlari ko‘p kuzatiladi. Kuzatuvchilarning aytishlaricha, do‘xtirlar maoshining juda ozligi, kasalxonalarda dori-darmonlarning yetishmasligi shifokorlarning bevosita va bilvosita pora olishga majbur qilmoqda.

Jumladan, 26 noyabr kuni Respublika Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam Markazi travmatologiya bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan Hakimov bemorlardan birining yaqinidan 1,5 million so‘m miqdorida pora olayotganida hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG