Линклар

Huquq faollari Ramzan Qodirovni jazolashni so‘ramoqda


Рамзан жанггарилар ҳужуми учун улар яқинларини жазолашдан баҳс этмоқда...

Рамзан жанггарилар ҳужуми учун улар яқинларини жазолашдан баҳс этмоқда...

4 dekabr kuni Checheniston poytaxti Grozniyga qurollangan bir guruh shaxslar tomonidan qilingan hujumdan keyin Ramzan Qodirov “terrorchilarning qarindoshlarini Chechenistondan badarg‘a qilish va ularning uylarini buzib tashlash”ni va‘da qildi. Qodirovning bu bayonotidan keyin terrorchilarning yaqinlari deb taxmin qilinayotgan 6 oilaga tegishli uylar noma‘lum kimsalar tomonidan yoqib yuborildi.

Bunday bedodlikdan junbushga tushgan “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” va “Memorial” Checheniston prezidentini javobgarlikka tortishga chaqirmoqda. “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” va “Memorial” Checheniston prezidentini javobgarlikka tortishga chaqirmoqda.

Bir hafta oldin Grozniy shahrida chechen maxsus xizmat xodimlari va bir guruh qurollangan shaxslar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda 14 nafar politsiyachi va 10 nafar jangari halok bo‘ldi, yana 28 hukumat vakili yaralandi.

Shahar markazidagi janglardan keyin Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov 5 dekabr kuni o‘zining Instagram sahifasida:

“Men ota-ona o‘z o‘g‘il-qizlari qilmishlari uchun javob bermaydi¸ degan davrlar tugaganini rasman e‘lon qilaman. Chechenistonda ular javob beradi! ... Agarda janggari Chechenistonda politsiya xodimi yoki boshqa odamni o‘ldirsa, uning oilasi zudlik bilan Checheniston tashqarisiga qaytib kelish huquqisiz chiqarib yuboriladi, uning uyi esa tag-tugi bilan buzib tashlanadi”, deb yozdi.

“Memorial” Inson huquqlari tashkiloti xabariga ko‘ra, Qodirovning bu bayonotidan keyin 6 va 7 dekabr kunlari chechen qishloqlarida janggarilarning yaqinlariga tegishli oltita uy yoqib yuborildi.

Inson huquqlari himoyasi tashkilotlari “qodirovchilar”ning Yandi qishlog‘ida sodir etgan bu aktsiyalarini qoralab, uning mavjud barcha qonunlarga xilof ekanini e‘tirof qildi.

11 dekabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan maxsus matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Human Rights Watch tashkilotining Rossiyadagi dastur direktori Tatьyana Lokshina Ramzan Qodirov o‘z bayonoti bilan janggarilar oilalarini yo‘q qilish, ularning uylarini vayron qilishga ochiqchasiga buyruq berganini gapirdi:

- Bunday holatlarni biz ilgari ham qayd etganmiz. Janggarilar qarindoshlari uylarini yoqib yuborish amaliyotlari 2008-2009 yillarda o‘tkazilgan. Human Rights Watch tashkilotimiz bu haqda maxsus ma‘ruza tayyorlagan edi. O‘sha ikki yil davomida biz 27 uyning jazo guruhlari tomonidan yoqib yuborilganini qaydga olganmiz, jumladan 13 tasi hisobotimizda batafsil yoritilgan edi. 2009 yil oxirlariga kelib biz bunday holatlar boshqa kuzatilmaydi, deb o‘ylagan edik. Afsus, mana yana o‘sha holat takrorlandi, dedi Tatyana Lokshina.

“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” raisi va Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha Kengash a‘zosi Igor Kalyapin bundan oldinroq - 9 dekabr kuni - davlat Bosh prokuraturasi va Tergov Qo‘mitasiga Ramzan Qodirovning bayonotlari qonuniyligini taftish qilish talabi bilan murojaat qilganini aytdi.

- Ramzan Qodirov yuqori lavozimli shaxs, Ramzan Qodirov keng vakolatlarga ega rahbar va Ramzan Qodirov politsiya general-mayori. Mintaqa rahbari, politsiya va shtab boshlig‘ining bunday bayonotlarni berishi, so‘zsiz, javobgarlikni ham keltirib chiqaradi va u vakolatli shaxs sifatida javob berishi kerak. Xullas kalom, Qodirov vakolatli shaxs sifatida Rossiya qonunlarini buzgan holda, zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirishga chaqirdi, dedi huquq himoyachisi.

Shu payt, anjumanga kelgan sport kiyimidagi bir guruh ko‘rinishidan chechenistonlik shaxs Kalyapin va boshqa huquq himoyachilarini haqorat qilib, tuxum otib yugurib chiqib ketdi.

Huquq himoyasi tashkilotlarining talablarini Ramzan Qodirov ham javobsiz qoldirmadi. Instagram sahifasida orqali u o‘zini “Chechenistondagi bosh huquq himoyachisi” ekani va “uni allaqanday huquq himoyachilari va tashkilotlari fikrlari mutlaqo qiziqtirmasligi”ni ma‘lum qildi.

Ayni paytda, Checheniston Ichki ishlar vazirligi huquq himoyachilarining bu bayonotlari asossiz ekanini bildirib¸ “Politsiyaga uylarning yondirilgani borasida fuqarolarning arzlari kelib tushgani to‘g‘risida ma‘lumot yo‘q”, deya javob qaytardi.

Chechenistondagi vaziyat ortidan, bir guruh Rossiya parlamenti deputatlari terrorchilikka qarshi kurash bayrog‘i ostida janggarilar oilalarini badarg‘a qilishni qonuniylashtirish taklifi bilan chiqdi. Ma‘lumki, Davlat Dumasida deputat Roman Xudyakov tomonidan taklif etilgan №437705-6 raqamli qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Unga binoan, “jamoatchilik xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarning yaqin qarindoshlari jinoiy javobgarlikka tortilishi” masalasi qo‘yilgan. Bu tartibni joriy qilishda tashabbus egalari Isroil hukumatining terrorchilikka qarshi kurash usullaridan foydalanganini e‘lon qilgan.

XS
SM
MD
LG