Линклар

Alisher Usmonov xayriya fondida oqqonga chalingan qizaloq uchun mablag‘ topilmadi


Alisher Usmonov ko‘proq Putin kabi hukmdorlar va boylarga xayr qilish bilan nom chiqargan...

Alisher Usmonov ko‘proq Putin kabi hukmdorlar va boylarga xayr qilish bilan nom chiqargan...

Ayni kunlarda xalqaro matbuot Rossiyaning eng boy odami Alisher Usmonovning saratonga davo izlayotgan amerikalik biolog olim kim oshdi savdosiga qo‘ygan Nobel medalini 4¸7 million dollarga sotib olib¸ yana egasiga qaytargani haqida yozmoqda. Ayni paytda¸ asli o‘zbekistonlik Usmonovga qarashli xayriya fondi 5 yashar qizini oqqondan davolash uchun 4 million rubl izlayotgano‘zbekistonlik onaga o‘z hisobida mablag‘ qolmaganini bildirgan.

Rossiyaning eng badavlat odami bo‘lib qolayotgan Alisher Usmonovning 4 dekabr kungi harakati hamon xalqaro xabar agentliklari bosh sarlavhalarini bezab turibdi.

Xususan¸ aksar agentliklar saraton davosini topish bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan amerikalik biolog olim Jeyms Uotsonning janob Usmonovga bildirgan minnatdorligini ketma-ket e‘lon qildilar.

Janob Uotsonga berilgan Nobel mukofoti medali Nьyu Yorkdagi Christie’s kim oshdi savdo uyida sotuvga qo‘yildi va uni sotib olgan Alisher Usmonov¸ medalni uning sohibiga qaytarishini e‘lon qildi.

Usmonovning bunday saxiyligi¸ o‘z otasi aynan saraton kasalidan o‘lgani bois¸ asli namanganlik milliarderning bu dardga davo topish yo‘lidagi ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgani bilan izohlandi.

Usmonov marhamatidan qattiq ta‘sirlanganini bildirgan Jeyms Uotson¸ 4 million dollardan oshiq tortiq pulini saraton kasalliklari bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan ilmiy markazlarga berishini bildirdi.

“Janob Usmonovning sovg‘asi umrimning qolgan qismini samaraliroq o‘tkazishim¸ bu dahshatli kasallikka dori izlashni davom ettirishimga imkon beradi”¸ dedi jumladan amerikalik Nobel mukofoti sovrindori matbuotda e‘lon qilingan bayonotida.

Rakdan qutqaruvchi davolar bor¸ ammo unga hammada ham pul yo‘q...

Buxorolik 4 yashar Samiraning onasi Gulruh Sharipova ham o‘z vatandoshi Alisher Usmonovning saxovatpeshaligi haqida matbuotda ko‘p o‘qigan¸ odamlardan turli lof-qoflarni ko‘p eshitgan.

Yagona qizi Samira oqqonga chalinib¸ oilasi bor-budini sotib bo‘lsa ham¸ uni bu darddan davolashga pul topa olmasligini bilganidan beri Gulruh¸ avvaliga O‘zbekiston¸ uch oydan beri esa¸ Rossiya bo‘ylab jamoatchilik¸ birinchi galda esa¸ xayriya va saxovatpeshaligi haqida nom chiqargan boylar dargohiga tinimsiz bosh urib kelmoqda.

Xususan¸ oktabr oyida Gulruh Moskvadagi bolalar ilmiy markazi qizini tuzatish uchun so‘ragan 6 million rublni misqollab bo‘lsa-da yig‘ish ilinjida Alisher Usmonovning Rublevkadagi xayriya fondiga ham murojaat qilgan.

Ammo bu dargohda meni loaqal eshitadigan tirik jon topilmadi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Gulruh.

Jamg‘armaga topshirgan yozma murojaatiga javob olish uchun o‘zi ikki haftadan keyin telefon qilganida¸ unga hozirda xayriya uchun ajratilgan mablag‘ taqsimlab bo‘lindi¸ 2015 yil iyun oyiga qadar bu masala yopiq¸ degan mazmunda javob berishgan.

Alisher Usmonovning ommaviy axborot vositalari sarlavhalarini bezayotgan saxovatpeshaligiga ko‘p ham yopishmayotgan Gulruhning bu hikoyasi ortidan Ozodlik muxbiri Usmonov matbuot xizmati vakili bilan bog‘landi.

Suhbatdosh Samira Sharipova taqdiri va uni saratondan davolash uchun xayriya mablag‘i yig‘ilayotganiyu Gulruhning Usmonov jamg‘armasiga murojaat qilganidan xabari yo‘qligini bildirdi.

- Bu jamg‘armaga yordam so‘rab murojaat qilayotganlar sonining naqadar ko‘pligini tasavvur qilish qiyin emas. Ular orasida noinsof ta‘magirlar ham anchagina. Shuning uchun xayriya mablag‘ini risoladagiday taqsimlashning muayyan mexanizmlari bor va bu tizimdan saralanish uchun vaqt kerak¸ albatta. Men Samiraning haqiqatda yordamga muhtoj ekani haqidagi gapingizga shubha qilmayman. Bizga tafsilotlarni jo‘natsangiz¸ bu yordam so‘rovining imkon qadar tezroq ko‘rib chiqilishini ta‘minlashimiz mumkin¸ dedi Alisher Usmonov matbuot xizmati vakili.

Ozodlik bilan suhbatda Gulruh¸ o‘zbekistonlik milliarder va millionerlar ostonasiga tinimsiz bosh uraverib¸ ulardan biror yordam ola olmaganini ayta turib¸ hozirgacha asosiy yordamni o‘zi kabi oddiy xalq vakillari¸ xususan¸ Rossiya va qolgan dunyoda yashayotgan mehnat muhojirlaridan olganini aytadi.

- Oddiy xalqdan qo‘ymasin o‘zi. Menga Ozodlikdan Samira haqida o‘qigan migrantlar pul yig‘ib¸ olib kelishdi. Men yig‘lab yubordim. Og‘ir kunimda shular yarayapti. Boylardan biror narsa chiqqani yo‘q¸ deydi Gulruh.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG