Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:31

Abdulloh Buxoriyni o‘ldirishda gumon qilingan shaxs ushlangani aytilmoqda


Turkiyadagi Incanews nashri imom Abdulloh Buxoriy nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Mirzag‘olib Hamidovni otib o‘ldirishda gumon qilingan Rossiya fuqarosi qo‘lga olinganini xabar qilmoqda. Istanbul politsiyasi qotillikni tasdiqladi, ammo qo‘shimcha ma‘lumot bermadi. Jihodchilikni targ‘ib qilgan andijonlik 38 yashar imom 10 dekabr kuni tongda otib ketilgan.

"Qotillikda Rossiya fuqarosi gumon qilinmoqda"

Incanews nashri qotillikda gumon qilib ushlangan shaxsning "Rossiya fuqarosi ekanidan tashqari hozircha biror ma‘lumot yo‘q", deb yozdi.

Suriyada jihod qilishga da‘vat qilgan va O‘zbekistonda islomiy davlat qurish targ‘ibotchisi bo‘lgan Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Hamidov Istanbulning Zaytunburni mavzeidagi uyi yonida 10 dekabr kuni ertalab otib ketilgan edi.

Islah haber nashrining yozishicha, imomni kepka va jinsi kiygan bir yoshgina erkak otganini ko‘rgan guvohlar bo‘lgan.

Ozodlik Turkiya fuqaroligini olgan va 8 yildan buyon Istanbulda yashayotgan Abdulloh Buxoriy otilgan Zaytunburni politsiya bo‘limiga bog‘landi.

Hodisani tasdiqlagan politsiya xodimlari: "Shunday hodisa bo‘ldi. Lekin, bu mavzuda hech qanday axborot berolmaymiz", deb javob berdi. Qotillikda gumon qilinayotgan shaxs haqida ham biror ma‘lumot berilmadi.

Ammo, Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Hamidovning politsiyadan ma‘lumot olgan talablaridan birining Turkiyadagi Hurriyet-TV tarmog‘iga aytishicha, noma‘lum shaxs imomni ortidan o‘qqa tutgan va imom olingan jarohatlaridan shifoxonada jon taslim qilgan.

Ayni paytda Abdulloh Buxoriyga nisbatan qotillik tafsilotlarini aniqlashga uchun advokat yollagan O‘zbeklar birligi jamiyati rahbari Odam Chevik qotillikda gumon qilinib, Rossiya fuqarosi yo‘lga olinganidan xabardor ekanini aytdi:

- Bizning advokatimiz politsiya bo‘limidan shunday axborot oldi. Bizda ham boshqa ma‘lumot yo‘q hozircha. Lekin, 3 oy muqaddam Buxoriyga suiqasd alomati qayd etilgan va Turkiyaning bir fuqarosi yo‘lga olingan. Hozir jinoyat ishi ko‘rilayapti, bir marta mahkama ham bo‘ldi, - deydi Odam Chevik.

Ozodlikka Turkiyadan bog‘langan va ismini oshkor qilmagan o‘zbekistonliklardan biriga ko‘ra, ko‘krak qismidan bitta o‘q yegan imom og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilgan va amaliyot chog‘ida olamdan o‘tgan. Marhumning janoza namozi esa 12 dekabr juma namozidan keyin bo‘lishi kutilmoqda.

"Suiqasdni o‘zbek-rus maxsus xizmatlari uyushtirdi"

Odam Chevik o‘z kuzatuvlari, imomning safdoshlari va yaqinlaridan olingan axborotlar, bundan tashqari, Istanbulda 3 oydan buyon davom etayotgan jinoyat ishi mazmunidan kelib chiqib, imomga O‘zbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari birgalikda suiqasd uyushtirdi, deb da‘vo qilmoqda:

- Imomga siuqasd tahdidida gumon qilinib, 3 oy oldin qo‘lga olingan Turkiya fuqarosi A.E. (huquq faoli bu shaxs ismini oshkor qilmadi - tahr.) ko‘rsatmalari bor. U ko‘rsatmalarida imom haqidagi ma‘lumot uchun Rossiyadan bog‘langan rus millatiga mansub shaxs katta miqdorda pul va‘da qilgani va bunga rozi bo‘lganiga iqror bo‘lgan. Bizda suiqasdni O‘zbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari uyushtirganiga ishorat beruvchi dalillar to‘plangan, - deb iddao qildi Odam Chevik.

Buxoriy O‘zbekiston uni qidiruvga berganini iddao qilgan

Youtube tarmog‘ida shu yilning oktabrь oyida e‘lon qilingan nutqida Buxoriy O‘zbekistonda qidiruvga berilgani, Turkiyaga kelib, uning ma‘ruzalarini tinglagan o‘zbekistonliklar esa yurtiga qaytgach, maxsus xizmatlari ta‘qibiga uchraganini iddao qilgan edi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga oid va‘zlarida "Islom Karimov rejimi kufrga xizmat qiluvchi rejim" ekanini bot-bot takrorlagan imom mamlakat musulmonlarini O‘zbekistonda Islomiy davlat boshqaruvini o‘rnatishga da‘vat qilar edi.

Ayni paytda imomning safdoshlari Buxoriy shu da‘vatlari uchun O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘ldirilgan, deb da‘vo qilmoqda.

"So‘nggi paytlarda u kishi O‘zbekistondagi ahvol, musulmonlarning ahvoli haqida ancha jiddiy tanqidlarni gapirayotgan edi. 3-4 oy oldin bu kishini Rossiyami, O‘zbekistonning maxsus xizmatlari otib ketishi mumkin, degan gaplar tarqalgan edi. U kishi O‘zbekistondan, Qirg‘izistondan kelgan o‘zbeklarga yordam berardi, ularga boshpana berardi. O‘zbekistonning hozirgi hukumati, Karimov sistemasiga qarshi odam edi", dedi imom Buxoriy o‘limi haqida Ozodlikka xabar bergan manba.

Buxoriy jihod haqida

Abdulloh Buxoriy 2011 yilning mart oyida Turkiyaga qo‘shni Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi isyonlar boshlanishi bilan Assad rejimini qattiq qoralab, uning rejimiga qarshi jihod barcha musulmonlar, xususan o‘zbekistonlik musulmonlarga ham farz bo‘ldi, deb fatvo berishi ortidan jamoatchilik diqqatini tortdi.

U Suriyada jihod qilish o‘zbek musulmonlari uchun farz, deb ma‘ruza qilgan birinchi o‘zbek imomi bo‘ldi:

- Biz, alhamdulilloh, Suriyadagi jihodni boshidan beri bu jihodning fazilatini, ahamiyatini bayon qildik. U yerda bir zulm bo‘layotgan edi. Suriyadagi mazlum birodarlarimizni zulmdan qutqarishlik va u yerda islomning hukmlarini Robbimiz Olloh subhanahu va taoloning shariatini hokim qilishlik har bitta mo‘minga vojibligini bayon qilganmiz va biz doim bu narsani hayotimizning oxirigacha aytamizki, dunyoning qayerida zulm bo‘lsa, u zulmni yo‘qotishlik butun mo‘minlarga farz bo‘ladi, - degan edi ma‘ruzalaridan biri imom Buxoriy.

Абдуллоҳ Бухорий жиҳод ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:34 0:00
Бевосита линк

Buxoriy IShID haqida

Shuningdek, Abdulloh Buxoriy Suriya va Iroqdagi "Islomiy davlat" haqida ham o‘z munosabatini bildirgan va hali yakuniy xulosaga kelmaganini ta‘kidlagan edi:

- Mening o‘zimga yana bitta johil mesaj yozvoribdi. Men bundan oldingi darslarda "Jabhatun Nusra", "Ahrorush Shom"ga o‘xshagan jamoatlarning mujohidlarini, ya‘ni ko‘pchiligini men “ular mo‘minlar” degan edim. Shu darsni eshitib turib, menga risola yozayaptiki: “Sen nimaga yolg‘on gapirayapsan? Ularning nimasi islom? Hammasi kofir-ku ular. Ya‘ni hozir bizga tashlanib, bizga bu kufr, adashganlik, fisqni nisbat berishayapti. Nimaga? Davladan boshqalarni kofir demaganligimiz uchun.... Lekin butun jamoat to‘g‘risida bir xulosaga kelganimiz yo‘q va shoshilmaymiz ham. Bitta-ikkita johilni deb butun jamoatni qoralamaymiz. Ammo hozirgi oyat, hadislarga ko‘ra tekshiramiz. Kelajakda ko‘ramiz. Agar kelajakda bu davlat yoki IShID haqiqatan islom ahlini takfir qiladigan bo‘lsa, mo‘minlarni kofir deb e‘tiqod qilsa, bu aniqlashadigan bo‘lsa, albatta, biz buni qattiq rad qilamiz. Chunki bu islomga va Ahli sunna val jamoatga hech to‘g‘ri kelmagan narsadir, - degan edi Abdulloh Buxoriy.

Ammo¸ G‘arb hukumatlari va shuningdek bugungi aksar islomiy davlatlarni ham kufr deb qoralagan Buxoriy tanlash majburiyati tug‘ilganda IShIDni tanlashini ham ochiq bayon qilgan.

Islomiy davlat jangarilarini "xatokor¸ gunohkor" bo‘lishi mumkinligini ta‘kidlab¸ umumiyatla ularni "musulmon birodarlar" deb atagan.

Абдуллоҳ Бухорий ИШИД ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:25 0:00
Бевосита линк

Uning ma‘ruzalari Internetda Ihsanilim nomi ostida ochgan maxsus sahifasi hamda Youtube tarmog‘da ayni nomda ochgan kanalida e‘lon qilib borildi.

Turkiyadagi o‘zbek jamoalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Abdulloh Buxoriy madrasalarida ilm olgan o‘zbekistonliklar soni yuzlabdir, ba‘zi manbalar esa bir mingdan ortiq, degan ma‘lumotni tilga olmoqda.

Shahrixonlik Buxoriy

Abdulloh Buxoriy shaxsi va faoliyati haqida bir-biriga zid ma‘lumotlar bor.

Aksar mustaqil manabalarda uning Andijon viloyati Shahrixon tumanida 1976 yilda dindor oilada tug‘ilgani, asli ismi esa Mirzag‘olib Hamidov ekani aytilmoqda.

Mustaqil manbalar xabariga ko‘ra, u 1995 yillarda O‘zbekistonni tark etib, avvaliga O‘zbekiston islomiy harakatiga qo‘shilgan. So‘ngra uning harakat yetakchilari bilan nizolashib, Turkiyaga qochgani aytilmoqda. Ba‘zi manbalarda uning baytulmolni o‘g‘irlagani nizoga sabab ekani iddao qilinadi.

Safdoshlaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, marhum 8 yil oldin Turkiyaga hijrat qilgan va imomlik bilan shug‘ullana boshlagan. Keyinchalik uning Turkiya fuqarosiga uylanib, bu davlat fuqaroligini olgan. Ammo, uning o‘limidan xabar qilgan turk matuboti Buxoriyni "O‘zbekiston fuqarosi" deb yozmoqda.

38 yashar imomning Zaytunburnida sakkizta madrasa ochgani, uning qo‘lida Turkiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston fuqarolari, ularning farzandlari dars olgani aytilmoqda.

Buxoriy, uning Internetdagi ma‘ruzalari bilan tanish kuzatuvchilarga ko‘ra, radikal islomiy g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanib kelgan.

XS
SM
MD
LG