Линклар

logo-print

O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi kelasi yili qit‘ada eng yuqori bo‘ladi


O‘zbekistondagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi aholi real daromadiga nisbatan bir necha barobar tezlik bilan oshib bormoqda.

O‘zbekistondagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi aholi real daromadiga nisbatan bir necha barobar tezlik bilan oshib bormoqda.

O‘zini iste‘mol bozorlari bo‘yicha strategik tadqiqotlar jabhasida dunyoning yetakchi guruhi deb taqdim etgan Euromonitor International O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi inflyatsiya darajasiga oid hisobot va bashoratiga jiddiy shubha bildirdi. Guruhga ko‘ra¸ bu yil va kelasi yilgi inflyatsiya darajasi hukumat aytayotganidan kamida ikki marta balandroqdir.

13 noyabr kuni O‘zbekiston parlamenti qabul qilgan 2015 yilgi davlat byudjetida kelasi yilgi inflyatsiya darajasining 5¸5-6¸5 foizdan oshmasligi “realistik taxmin” sifatida tasdiqlandi. Hukumat ta‘kidicha¸ 2014 yilda inflyatsiya ko‘rsatkichi 6¸8 foizdan oshmagan.

Ozodlik bilan suhbatda Euromonitor International tahlilchisi eng kamtar hisob-kitobda 2014 yilda O‘zbekistondagi inflyatsiya 10 foizdan kam emasligini aytadi:

- Biz tadqiqotlarimizdagi raqam va bashoratlarni nafaqat hukumatlar¸ balki Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi yirik moliyaviy tizimlar¸ shuningdek¸ mustaqil tahlilchilardan ham olamiz. Shu bois 2014 yilda O‘zbekistondagi inflyatsiya darajasi 10 foizni¸ kelasi yili esa¸ 11¸2 foizni tashkil etadi degan raqam va farazlar¸ imkon qadar ob‘ektiv tahlilga asoslangan¸ deydi Euromonitor International guruhining yetakchi tahlilchilaridan biri Anna Solovyova Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda tahlilchi¸ O‘zbekistondagi asl inflyatsiya darajasi bu raqamlardan balandroq ekanini ham tan oladi:

- Haqiqiy raqamlar bundan balandroq bo‘lishi mumkin. Zotan bozorni hukumat to‘liq nazorat qilishi bois¸ haqiqiy raqamlarni aniqlashning imkoni yo‘q. Haqiqiy raqamlarni esa O‘zbekiston ichkarisida yashovchilar yaxshi biladilar¸ deb qo‘shimcha qiladi Solovьyova.

Iste‘mol mahsulotlari va xizmatlar narxining o‘sib borishini anglatuvchi inflyatsiya darajasi so‘mning bu mahsulot va xizmatlarni sotib olish qurbiga qarab belgilanadi. O‘zbekistonliklar esa o‘z cho‘ntaklaridagi so‘mning bozorda tobora kamroq narsa sotib olayotganini yaxshi biladilar.

Ozodlikning asosiy iste‘mol mollari va xizmatlar bozoridagi narxlar dinamikasiga bag‘ishlangan so‘nggi kuzatishlarida o‘zbekistonliklar joriy yilda go‘sht, guruch, o‘simlik yog‘i, kiyim-kechak va qurilish mollari narxining 20-30 foizga qimmatlaganini real bozor manzarasida tasdiqlab bergan.

O‘zbekistonlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov oziq-ovqat bozoridagi inflyatsiyaning ayni kunlarda hukumat va Euromonitor International keltirgan raqamlardan ham bir necha baravar balandligini aytadi:

- Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha inflyatsiya 30-40¸ hatto 50 foizgacha chiqishi mumkin yil davomida. Bu hukumat narxlar o‘sishini qattiq nazorat qilayotgan bir vaziyatdagi ahvol. Hozir bular yana g‘irromlikka o‘tib oldi. Narxni ushlash uchun sifatni yo‘qotayapti. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechak¸ etiketkada ko‘rsatilgan razmerdan kichik. yoki nonni oling. Narxni ushlab qolish uchun¸ non og‘irligini qariyb ikki barobarga yengillatib yubordi. Lekin bunaqa g‘irromlik uzoqqa bormaydi. Narxlar o‘sishi kelasi yilda yana ham kuchaymay qolmaydi¸ deydi o‘zbekistonlik bu kuzatuvchi.

O‘z ismi keltirilishini istamagan o‘zbekistonlik boshqa bir iqtisodchi¸ mamlakatdagi inflyatsiya darajasi baland ekanini tasdiqlay turib¸ kelasi yilgi ko‘rsatkichning yanada baland bo‘lishini bashorat qiladi:

- Inflyatsiya O‘zbekistonda doimiy ravishda yuqori darajada bo‘lgan¸ ayniqsa¸ mustaqillikning dastlabki yillarida bu yaqqol sezilgan.

Bugungi kunda oldingi yillardagiday bo‘lmasa ham¸ inflyatsiya yuqori. Asosan bu iste‘mol mahsulotlari inflyatsiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Chunki bu asosan dollarning kursi bilan bog‘liq. Biz juda ko‘p narsalarni import qilamiz¸ maishiy mollardan tortib oziq-ovqat tovarlarigacha. Ular narxi esa dollarga bevosita bog‘liq. Dollarning narxi ko‘tarilsa¸ avtomatik ravishda tovarlar narxi ham ko‘tariladi.

Dollar qurbi bugungi kunda deyarli barcha dunyo valyutalariga nisbatan oshib bormoqda. Bu AQSh iqtisodiyoti¸ shuningdek neft narxining tushayotgani bilan bog‘liq. Yana bir muhim faktor esa. mamlakatga kelayotgan valyuta oqimining kamayishidir. Rossiyaga mashina eksporti 35% tushib ketdi. Valyuta qancha kam bo‘lsa¸ unga bo‘lgan talab ham shunchalik ortadi¸ deydi o‘zbekistonlik iqtisodchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik suhbatlashgan Euromonitor International tahlilchisi¸ rasmiy Toshkent o‘z moliya-pul siyosati¸ qolaversa butun iqtisodiy siyosatini qayta ko‘rib chiqmasa¸ inflyatsiya kuchayishini to‘xtatib bo‘lmasligini ta‘kidladi.

O‘zbekistonlik tahlilchilar esa¸ iqtisodiy-moliyaviy islohotlar uchun siyosiy hokimiyat o‘zgarishi zaruriy shart ekanini urg‘ulamoqda.

XS
SM
MD
LG