Линклар

Rublning qadrsizlanishi va dollarning keskin oshib borayotgani o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari tomonidan Rossiyadan o‘z yurtlariga pul yuborishlarining keskin kamayishiga sabab bo‘layapti. Mutaxassislar Rossiyadagi pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi 2009 yilgi iqtisodiy inqirozdan buyon birinchi marotaba kuzatilayotganini ta‘kidlamoqda. Ular bu holat yaqin bir necha yil ichida ham saqlanib qolishini taxmin qilayotirlar.

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi kamaydi

Joriy etilgan sanksiyalar va neft narxining keskin tushib ketishi MDH davlatlaridan Rossiyaga kelib ishlayotgan muhojirlar pul o‘tkazmalariga ham salbiy ta‘sir o‘tkazmoqda.

Buni tasdiqlagan Rossiyadagi qator pul o‘tkazish tizimlari mutaxassislariga ko‘ra, joriy yilning noyabrida Rossiyadan chetga mablag‘ chiqarish 12 foizga kamaygan. Bu haqda "Kommersant‘" nashri xabar qiladi.

“Zolotaya Korona” tizimi direktori Ivan Sitnov bu tendentsiyani muhojirlarning ommaviy ravishda o‘z yurtlariga qaytishi bilan bog‘lamaslikni so‘ragan. U keltirgan hisob-kitobga ko‘ra, o‘tgan 2013 yilda pul o‘tkazmalari sovuq tushishi va ishchilarning ketishi munosabati bilan 25 foizga kamaygan bo‘lsa, 2014 yilda bu ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan.

“Zolotaya Korona” direktorining pul o‘tkazmalari kamayishi birinchi navbatda dollarning oshib borayotgani bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi mulohazalarini BLIZKO va Contact tizimlari ham tasdiqlamoqda.

Ekspertlar xulosalaridan Rossiyadan olib chiqilayotgan mablag‘larning aynan O‘zbekistonga ketayotgan hajmi keskin kamaygani e‘tiborga sazovor. Ivan Sitnov 2014 yilning noyabr oyida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari oktyabrga nisbatan 35 foizga kamaygan bo‘lsa, avgust oyiga nisbatan 50 foizga tushganini aytdi.

“Kommersant‘” nashrining yozishicha, o‘tgan yil noyabr oyiga nisbatan Rossiyadan MDH davlatlariga jami 6,4 milliard rublga kamroq pul jo‘natilgan. Mutaxassislar Rossiyada boshlanib borayotgan iqtisodiy inqiroz tufayli yaqin kelajakda migrantlarning pul jo‘natmalari hajmi o‘sishini kutmasa ham bo‘ladi, degan fikrni bildirmoqda.

“Qishda qoringa ishlaymiz!”

Ozodlik o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va ular muammolari bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarning e‘tiborini mazkur muammoga qaratib ko‘rdi.

Rostov-Dondagi “Aziz” O‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Qiyomxon Boboyev O‘zbekistonga pul jo‘natmalari keskin kamaygani sabablarini ish mavsumi tugagani bilan izohladi.

- Ko‘pchilik avtotrasport orqali Rossiyani tark etayapti. Bugunga kelib hamma ketib bo‘ldi allaqachon. Yanvarь-fevraldan boshlanadi qaytish. Masalan, qirg‘izlar va tojiklar o‘zbeklarga nisbatan Rossiyada ishlash uchun qulayroq sharoitga ega, ko‘plari o‘troqlashgan, fuqarolik olgan. Tojikistonliklar aksari qishga qolib ketadi, negadir o‘zbeklar borib-kelib yuradi. Ommaviy ketib-kelayotgan asosan o‘zbeklardir. Bu har yili kuzatiladigan holat. Mana shu ketayotganlar jo‘natib o‘tirmaydi – ular pulni o‘zlari bilan olib ketadi. To‘g‘ri, bu holatda dollarning o‘sishini ham inobatga olish kerak, - dedi pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishini ish mavsumi tugagani bilan izohlashga uringan Qiyomxon Boboyev.

Moskvada kvartira ta‘mirlash bilan shug‘ullanib kelayotgan Muzaffar Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida eng zarar ko‘rayotgani – maoshga ishlayotgan migrantlar, degan fikrda.

- Shu dollarning rublga nisbatan qimmatlashib ketgani tashvishliroq bo‘lib turganini aytmasak, qolgani har doimgidek - o‘zgarishsiz. Dollar olish qimmat bo‘lib ketdi, xolos. Asosan oylikka ishlaydigan ishchi, dvornik, gruzchiklar oyog‘iga katta bolta urildi. Hatto O‘zbekiston, Tojikiston fuqarolarini ham aynan oylik to‘lash masalasi bo‘yicha sokratitь qilib yubordi, ko‘chada qolib ketdi bolalar. Buning hammasi shu rublning qadrsizlanib ketganidan – boshqa muammo yo‘q, - deydi ta‘mirchi Muzaffar.

Samarada ishlab yurgan xorazmlik Nurmuhammad ham pul o‘tkazmalarining kamayishini mavsum bilan bog‘laydi. U qishda “ish faqat qoringa” bo‘lishini aytadi:

- Biz O‘zbekistonga pul o‘tkazib turamiz, faqat hozir emas. Yozda qachon ishlasak, shunda o‘tkazamiz-da. Qishda ish bo‘lmaydi, men ham faqat qoringa ishlayman, kvartira puliga... Dollar 55 bo‘ldi! Yozda 37-39 dan jo‘natgan edik rublni, - deydi narxi oshib borayotgan dollarni sotib olish to‘g‘risida o‘ylamayotganini ham gapirgan Nurmuhammad.

Rossiya Markaziy Banki ma‘lumotiga muvofiq, 2014 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga Rossiyadan bo‘lgan pul jo‘natmalari MDH davlatlariga jo‘natilgan umumiy mablag‘dan 30 foizni yoki 2 milliard 570 million dollarni tashkil etgan (jami Rossiyadan MDH davlatlariga bu muddat ichida 8,4 milliard AQSh dollari yuborilgan).

Ma‘lumki, 2014 yil boshidan buyon Amerika dollari va Yevropa valyutasi rublga nisbatan qariyb 1,5 barobarga ko‘tarildi. 12 dekabr kuni Moskva birjasida bir dollar 57 rubl, bir yevro esa 71 rublga sotildi.

XS
SM
MD
LG