Линклар

22 yashar Akmal Yangiyo‘l militsiyasi qiynoqqa solganini iddao qilmoqda


Kaltaklangan Akmal Tohirovga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan.

Kaltaklangan Akmal Tohirovga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi 22 yashar Akmal Tohirov militsiya xodimlari uni qiynoqqa solib, soxta ko‘rsatma yozdirib olishganini iddao qilmoqda. Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganligini tan olgan Akmalning aytishicha, tergovchi uni qonunga ko‘ra jazolash o‘rniga, qattiq kaltaklagan.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar ichki ishlar boshqarmasi tergovchisi Akmal Mahkamov 6 dekabr kuni rulda spirtli ichimlik iste‘mol qilganligi uchun ushlab keltirilgan yangiyo‘llik 22 yashar Akmal Tohirovni qattiq kaltaklagan.

Spirtli ichimlik ichib rulga o‘tirganini tan olgan Akmal Tohirovning iddao qilishicha, tergovchi uni qonun bilan jazolash o‘rniga, qiynoqqa solgan:

- O‘rtoqlarim bilan uchrashib, bir bakal pivo ichib rulga o‘tirgandim. Biz bir oz qiyqirib ROVDning oldidan bir marta o‘tib ketdik. Ketimizdan keyin uchta moshinada GAIlar tushdi, men esa qochdim. Quvlab kelgan bitta GAI moshinasi orqamizdan urdi. Keyin to‘xtadim. Bizni ROVDga olib kelishdi. Moshinadan tushirishlari bilan Akmal Mahkamov degan melisa meni o‘sha yerning o‘zida tepib tashladi,- deydi haydovchi.

Akmal Tohirovga ko‘ra, uni kabinetga olib kirishganidan so‘ng, kaltaklash yana davom etgan:

- O‘sha Akmal degan tergovchi “men moshinani orqaga yurgizayotganimda, GAIni moshinasini urib oldim”, deb yozib berasan dedi. Men aytdimki, men urganim yo‘q, GAI o‘zi kelib orqamizdan urdi, men ichganimni bo‘ynimga olaman, qochganimni ham, qonun bo‘yicha chora ko‘ring, dedim. Tergovchi esa oyoqlarimni, boshimni tepib tashladi. Sochimdan ushlab boshimni stolga urdi. Ikki ko‘zim ko‘karib, bitta qoshim yorilib ketdi. Tergovchi agar yozib bermasang, moshinangga narkotik tashlab qamatib yuboraman, dedi. Keyin qo‘rqqanimdan yozib berdim,- deydi Akmal Tohirov.

Haydovchining aytishicha, shundan so‘ng uni bir kecha kameraga qamab qo‘yishgan:

- Ertalabgacha azob chekib yotdim. Ertalab uyga qo‘yib yuborishdi. Agar biror joyga arz qilsang, moshinangdan narkotik chiqadi, deb qo‘rqitishdi. Keyin nima bo‘lganini hech kimga aytmay uyda yotdim. Uch kundan so‘ng boshim aylanib qusa boshladim. Keyin onamga bor gapni aytdim va ular meni do‘xtirga olib kelishdi, hozir kasalxonada yotibman,- deydi Akmal Tohirov.

Akmalning dadasi Qo‘chqor Tohirov barcha tafsilotlarni bilganidan so‘ng, Yangiyo‘l tumani ichki ishlar boshlig‘iga arz qilgan. U yerdan qoniqarli javob ololmagach O‘zbekiston inson huquqlari Alyansiga murojaat qilgan.

Alьyans rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, tashkilot bu qonunbuzarlik haqida barcha idoralarga shikoyat arizasi yozgan:

- Biz Akmal Tohirovning yaqinlari bilan O‘zbekiston Bosh Prokuraturasiga, Ichki ishlar vazirligiga zudlik bilan bu masalani ko‘rib chiqishlari haqida maktub yozdik. Militsiyaning ishonch telefonlariga sim qoqdik. Perzident devoni oldida piket o‘tkazmoqchi edik, lekin militsiya yo‘limizni to‘sdi. Bugun kasalxonaga borib Akmalni ko‘rdik. Hamma joyi momataloq bo‘lib ketgan, miyasi jarohat olgan. Uni qiynoqqa solgan militsiya xodimlari qonun oldida javob berishi kerak, dedi Yelena Urlayeva.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish maqsadida Yangiyo‘l shahar ichki ishlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildi. Telefon go‘shagini ko‘targan tergov bo‘limi mulozimi maqsadimizni bilgach, go‘yoki bizni ovozimiz unga eshitilmaganday go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Bizning boshqa urinishlarimiz natija bermadi.

Inson huquqi himoyachilarining aytishlaricha, O‘zbekistonda qiynoq qo‘llashni taqiqlovchi qonun kuchga kirganiga bir yil bo‘lganiga qaramasdan, tergov izolyatorlarida va qamoqxonalarda gumonlanuvchi va mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llash davom etmoqda.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi so‘nggi bor 2013 yilning noyabrida O‘zbekiston hukumatini mamlakat qamoqxonalardagi “sistematik qiynoqlar”ga chek qo‘yishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG