Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:29

Yenı Şafak: “Muhammad Solih o‘ldiriladiganlar ro‘yxatida”


Yenı Şafak gazetasidagi maqola.
Yenı Şafak gazetasidagi maqola.

Turkiyadagi yetakchi va iqtidorga yaqin Yenı Şafak gazetasida O‘zbekiston muxolifat arboblaridan biri Muhammad Solih va uning o‘g‘li Temur Solih o‘ldiriladiganlar ro‘yxatida borligi haqida yozdi. Turk jurnalisti iddaosicha, bu ro‘yxat o‘zbek va rus xavfsizlik xizmatlari tomonidan tayyorlangan.

Shu yilning 10 dekabr kuni Turkiyaning Istanbul shahri Zaytunburni mavzesida Abdulloh Buxoriy nomi bilan tanilgan Mirzag‘olib Hamidovning otib o‘ldirishi munosabati bilan yozilgan maqolada ushbu suiqasd ortidan rus va o‘zbek maxsus xizmatlarining to‘rt kishilik qatl ro‘yxati chiqqanligi ta‘kidlanadi.

Maqola muallifi Hamdi Qo‘ch o‘g‘lining Ozodlikka bildirishicha, uch oy ilgari tayyorlangan bu ro‘yxatda Muhammad Solih, uning o‘g‘li Timur Solih, qirg‘izistonlik imom Rashod qori va bir necha kun oldin o‘ldirilgan Abdulloh Buxoriylarning ismlari joy olgan:

- Bu ro‘yxat o‘zbek maxsus xizmatlari tarafidan¸ rus maxsus xizmatlarining ko‘magi bilan tayyorlangan. Jiddiy va taxlikali bu ro‘yxat meni qo‘limga uch oy burun tushdi. Bu ro‘yxatdagilardan biri¸ ya‘ni Buxoriy o‘ldirildi. Ro‘yxatda yana uch kishining ismi bor. Bulardan biri O‘zbekiston Xalq Harakati lideri Muhammad Solih. Yana biri u kishining o‘g‘li Timur Solihdir. Shuningdek bu o‘lim ro‘yxatida qorasuvlik Rashod qori ham bor. Qo‘limdagi hujjatga asoslanib aytsam bu kishilar hayoti uchun jiddiy tahlika mavjud¸- dedi Yenı Şafak muxbiri Hamdi Qo‘ch o‘g‘li Ozodlik bilan suhbatda.

Gazetaning ich sahifasi
Gazetaning ich sahifasi

Suhbatdoshga ko‘ra¸ ro‘yxatdagilarni birlashtiruvchi nuqta — Karimov rejimiga qarshilikdir:

- Ro‘yxatdagi odamlarni bir-birlari bilan yaqin munosabati yo‘q. Ularni birlashtiruvchi nuqta Karimov rejimiga qarshilikdir. Abdulloh Buxoriy o‘z ma‘ruzalarida Karimovga qarshi gapirgani uchun ro‘yxatga tirkaldi. Rashod qorining o‘zbeklar va qirg‘izlar tarafidan ehtirom qilinishi, uning diniy mavzudagi ma‘ruzalari rejimga tahdid sifatida ko‘rilgani bois ro‘yxatga kirdi. Qatl ro‘yxatiga ismi kiritilgan O‘zbekiston Xalq Harakati lideri Muhammad Solihga nisbatan ilgari ham ikki marotaba suiqasd tayyorlangan va yangi qatl ro‘yxatiga kiritilgan. Uning o‘g‘li Timur Solih esa ilk marotaba qatl ro‘yxatiga kiritilgan¸- deydi Hamdi Qo‘ch o‘g‘li.

Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda bu ro‘yxatni Karimovning saylov kampaniyasidagi qo‘rqitish tadbiri ekanini urg‘uladi:

- Shu paytgacha ro‘y bergan hodisalar mantig‘idan kelib chiqib shuni taxmin qilamanki, jinoyatlar saylovlar arafasida qasddan sodir qilinmoqda. 2007 yilda jurnalist Alisher Soipov ham saylovlar arafasida o‘ldirilgan edi. Alisher Soipov o‘z maqolalarida Karimov rejimini keskin tanqid ostiga olgan va muxolifat bilan yaqin aloqada bo‘lgan edi. Bundan tashqari, 2011 yilda O‘zbekiston Xalq Harakati a‘zosi Fuad Rustamxo‘jayev ham o‘ldirilgan edi¸- deydi Muhammad Solih.

"Qotilning qo‘lida Muhammad Solih yashaydigan uyning chizmasi bo‘lgan"

Yenı Şafak gazetasi muxbiri Hamdi Qo‘ch o‘g‘lining Ozodlikka bildirishicha, qotilning qo‘lida Muhammad Solih yashaydigan uyning chizmasi bo‘lgan:

- Bu ro‘yxatdagi Buxoriyga qarab o‘q otgan kishi ushlandi. Uning chechen millatiga mansubligi va qo‘lida Ukraina pasporti borligini ayta olaman. Mendagi hujjatlar to‘plamida Muhammad Solih, Timur Solih, Rashod qori va o‘ldirilgan Abdulloh Buxoriyning rasmi, ular haqida batafsil ma‘lumotlar va yashayotgan joylari haqidagi ma‘lumotlar bor. Shuningdek, Muhammad Solih yashayotgan uyning xaritadagi joylashuvi ham ko‘rsatilgan¸- deydi suhbatdosh.

Tazyiqlar bilan yuzma-yuz

O‘zbekiston muxolifati arboblariga nisbatan hujumlar ilk bora bo‘layotgani yo‘q. Joriy yilning 24 avgustga o‘tar kechasi Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi o‘qqa tutilgan edi.

2011 yilning 24 sentabr kuni, o‘zbek muxolifati faollaridan biri Fuad Rustamxo‘jayev Ivanovo shahrida o‘z uyi oldida otib ketilgan edi.

Fuad Rustamho‘jayev
Fuad Rustamho‘jayev

2012 yil 22 fevral kuni Shvetsiyaning Stromsund shahrida O‘zbekistondagi Karimov rejimini oshkora tanqid qilib kelgan taniqli ulamo Obid qori Nazarovga o‘z uyi pod‘ezdida suiqasd uyushtirilgan edi.

Yaqin tarixga nazar solsak, o‘zbek muxolifat yetakchilarining tahdid bilan yuzma-yuz bo‘lgan holatlari ko‘pligini ko‘ramiz.

2001 yil 15 iyunida Qashqadaryolik muxolifatchi¸ parlament deputati Shovriq Ro‘zimurodov qo‘lga olindi va sal o‘tmay jasadi oilasiga qaytarildi. Shovriq Ro‘zimurodovning tergov davomidagi qiynoq oqibatida o‘lgani aytiladi.

1999 yili O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining terrorizmga qarshi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Botir Tursunov va Interpolning O‘zbekiston bo‘limi boshlig‘i polkovnik Mahmud Xayitovlar, Rossiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan sobiq militsioner Bahrom Mo‘minoxunov ishtirokida Muhammad Solihga qarshi amalga oshmay qolgan suiqasd haqida Ozodlik radiosi rus hizmati maqola e‘lon qilgan edi.

Bu radiomaqolada Muhammad Solihga qarshi suiqasd qilishdan oxirgi daqiqada voz kechgan sobiq militsioner Bahrom Mo‘minoxunovning iqrori o‘rin olgan.

Muhammad Solih haqida

Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solih 1949 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi Milliy Universitet)ning Jurnalistika fakulьtetini, Moskvadagi Oliy Adabiyot kursini tugatgan.

Muhammad Solih
Muhammad Solih

SSSRning so‘nggi yillaridagi oshkoralik siyosati Muhammad Solihni o‘tkir publitsistga aylantirdi.

U O‘zbekistondagi paxta yakkaxokimligi, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojea mavzularida ko‘plab maqolalar e‘lon qildi.

Muhammad Solih 1988 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk norasmiy muxolif harakat - "Birlik"ning asoschilaridan biri bo‘ldi. Muhammad Solih muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasini 1990 yilda tashkil etdi.

Muhammad Solihning nomzodi O‘zbekistonda 1991 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga raqib sifatida ilgari surilgan, rasman 12,7 foiz ovoz to‘plagani xabar qilindi.

O‘zbekistonda muxolifatga qarshi boshlangan tazyiqlar 1993 yilda Muhammad Solihni vatanni tark etishga majbur qildi. O‘zbekiston hukumati Muhammad Solihni 1999 yilgi 16 fevral portlashlarining tashkilotchilaridan biri deb ayblagan, lekin O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rsatma bergan va keyin qamoqxonada hayotdan ko‘z yumgan Zayniddin Asqarov Muhammad Solih haqidagi ko‘rsatmalarini qiynoqlar natijasida olinganini Ozodlikka bildirgan edi.

2011 yildagi "Arab bahori" dan ruhlangan o‘zbek muxolifatchilarini, Berlin shahrida qator O‘zbek muxolif guruhlarini o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston Xalq Harakatiga asos solishdi. Muhammad Solih bu qurultoyda O‘zbekiston Xalq Harakatining raisi etib saylandi.

XS
SM
MD
LG