Линклар

"Norvegiyada boshpana olish uchun yolg‘on ko‘rsatma berganlar ko‘p"


Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, bu yigitlar hozirda Toshkent viloyati sudida sudlanmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, bu yigitlar hozirda Toshkent viloyati sudida sudlanmoqda.

O‘tgan hafta O‘zbekiston televideniyesida namoyish qilingan “Xiyonat” ko‘rsatuvi qahramonlariga doir yangi tafsilotlar aniqlandi. O‘zbekistonga bo‘hton ag‘darib, Norvegiyada boshpana olishga urinayotgani iddao qilingan o‘zbekistonliklarga bag‘ishlangan film ishtirokchilari shu kunlarda sud qilinayotgani to‘g‘risida Ozodlik manbasi xabar qildi.

Ayni paytda, bu odamlarni shaxsan tanigan o‘zbekistonlik ularga film davomida qo‘yilgan diniy ekstremizm va besoqolbobzlik ayblari yolg‘on ekani bildirdi, lekin shu bilan birgalikda ular Norvegiyadan boshpana olish uchun noto‘g‘ri ko‘rsatma berganliklarini tan oldi. Norvegiya migratsion tizimi bilan tanish mutaxassis “Xiyonat” filmi bu mamlakatdan o‘zbekistonliklarning deportatsiya qilinishga to‘siq yasashi mumkinligini aytmoqda.

"O‘zbekiston" telekanali 11 dekabr kuni namoyish qilgan "Xiyonat" filmida Norvegiyada qochqinlik maqomida yurgan o‘zbekistonliklar diniy eksrtemistik oqimlarga qo‘shilib ketayotgani, hatto dinni niqob qilib olib, besoqolbozlik bilan shug‘ullanayotganiga doir iddaolar ilgari suriladi.

Ozodlikka dushanba kuni kelgan qisqa maktubda aytilishicha, 35 daqiqalik filьm qahramonlari hozirda Toshkent viloyati sudida O‘zbekiston jinoyat kodeksining 159-, 244- va 246- moddalari bilan ayblanib sud qilinmoqda.

“Sudda ayblanuvchilar tergov paytida o‘zlariga nisbatan qattiq qiynoq qo‘llanilganini aytsa ham, sud buni inobatga olmayapti. Ular O‘zbekistonga kelganlaridan beri biror marta yaqinlari bilan uchrashtirilmagan. Tergov paytida advokatlar qatnashmagan, advokatlar faqat sud boshlanganida qo‘shildi”, deya bildirdi Ozodlik manbasi.

Shuningdek, maktubda yozilishicha, ularga qo‘yilayotgan ayblovlarning barchasi asossizdir: “bu yigitlar Norvegiyaga tirikchilik uchun borgan, davlatga qarshi ish qilishmagan. Filmda ularga qo‘yilgan ayblovlar ham dalilsiz. Bu film bolalar MVD podavlida o‘tirgan paytda, yoz oylarida olingan. Sud boshlanganiga endi 1 oydan oshdi”, deb yozdi mushtariymiz.

Ozodlik “Xiyonat” filmiga olib chiqilgan yigitlarni shaxsan tanigan, hozirda Norvegiyada yashab turgan o‘zbekistonlik bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. Suhbatdoshimiz ham Norvegiya migratsiya xizmati tomonidan deportatsiya qilinish xavfi ostida qolayotgani bois ismi va ovozni ochiqlamasligimiz sharti bilan Ozodlikka gapirdi.

Bu suhbatdoshimiz ham, shu yilning yanvar oyida Norvegiya rasmiylari tomonidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan yigitlarning diniy oqimga aralashganligi yoki besoqolbozlik bilan shug‘ullanganiga doir iddaolar mutlaqo asossiz ekanini aytadi.

Leikn shu bilan birgalikda, uning aytishicha, “Xiyonat” filmida ilgari surilgan ularning qochqinlik maqomini olish ilinjida Norvegiya migratsiya xizmatiga yolg‘on ko‘rsatma bergani bor gap.

“Bu yerga kelgan o‘zbeklarning ko‘pchiligi o‘zining ertagi bor. Ular asosan tirikchilik, oila boqish uchun keladi. Lekin bu gapda jon bor, ular kelgan paytda yolg‘on ko‘rsatma berishgan”, deydi Norvegiyadagi o‘zbekistonliklardan biri.

Ko‘p yillardan beri Norvegiyada muhojiratda istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik huquq faoli Yevgeniy Dyakonov bu mamlakatda migrantlarga ko‘maklashish bilan ham shug‘ullangan. Dyakonovning aytishicha, haqiqatan Norvegiyaga kelgan yuzlab o‘zbekistonliklarning aksari oddiy mehnat muhojirlaridir. Ular bu mamlakatda uzoq vaqt qolish maqsadida boshpana so‘rab, murojaat qiladi, buning uchun esa mutlaqo yo‘q muammolarni o‘ylab topadi, deydi huquq faoli.

- Rostini aytish kerak, bu yerga kelayotgan vatandoshlarimizning katta qismi mehnat muhojirlaridir. Lekin haqiqatan ham O‘zbekistonda real muammolarga duch kelganlar ham bor. Bu yerga kelgan gastarbayterlar, vatanida hech qanday muammosi bo‘lmasa-da, bu yerda qolish uchun O‘zbekistonda ta‘qib qilinayotgani to‘g‘risidagi cho‘pchakni to‘qiydi. Lekin Norvegiya rasmiy idoralarida ham ahmoqlar o‘tirmaydi, ular ham ertakni haqiqatdan ajratishni biladi. Bu odamlar deportatsiya qilinganidan keyin O‘zbekistonda haqiqiy muammolari boshlanadi. Chunki Norvegiya yoki Shvetsiyada bo‘lib, boshpana so‘raganlar darrov MXX nazariga tushadi, chunki ularni dindorlar yoki muxolifat vakillari bilan aloqa qilganlikda gumon qila boshlashadi, deydi Dyakovnov.

O‘tgan hafta namoyish qilingan “Xiyonat” filmi qahramonlari Zafar Karimov, Davron Rahmonov, Ahmadjon Xoliqov, Asadulla Rizqiyev, Shuhrat Ilhomovlarning boshpana so‘rovi Norvegiya rasmiylari tarafidan ikki marta ko‘rib chiqilib, rad etilishi ortidan shu yilning boshida O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Ularni shaxsan tanigan o‘zbekistonlikning aytishicha, bu yigitlar bilan birgalikda jami 36 kishi O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan.

Norvegiya Migratsiya xizmatidagi Ozodlik manbasining aytishicha, shu kunlarda 600ga yaqin o‘zbekistonlikning qochqinlik maqomi berilishini so‘rab qilgan murojaati qondirilmagan va ularni O‘zbekistonga qaytarib yuborishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bo‘lgan. Lekin “Xiyonat” filmi “O‘zbekiston” telekanali tomonidan namoyish qilingani bu deportatsiya jarayonining to‘xtatilishiga asos bo‘lishi mumkin, deydi Ozodlik manbasi.

Norvegiya migratsiya tizimidan yaxshi xabardor Yevgeniy Dyakonov ham bu ishlarning ko‘pchiligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, degan fikrda.

- Tajribadan kelib chiqib shuni aytishim mumkin, Norvegiya rasmiylari ko‘pchilik ishlarni qayta ko‘rib chiqib, appelyatsiyaga topshiradi, menimcha. Albatta, Norvegiyada jinoyatga qo‘l urganlar, qotillik, o‘g‘rilik, jinsiy tajovuz qilganlar qaytarib yuboriladi. Lekin bu ishlarning aksarini qayta ko‘rib chiqishlari mumkin, deb o‘ylayman. Ularga siyosiy boshpana berishga asos bo‘lmasa ham, gummanitar sabablarga ko‘ra uch yilga bu yerda qoldirib, keyin yangi qaror chiqarishlari mumkin. Lekin bundaylar orasida O‘zbekistonda hatto og‘ir jinoyat sodir etganlar ham Norvegiyada qolib ketishi mumkin. Chunki bu film orqali O‘zbekiston qiynoq qo‘llaydigan mamlakat ekanini yana bir bor tasdiqladi, deydi Yevgeniy Dyakonov.

XS
SM
MD
LG