Линклар

Pskovda besh bolali surxondaryolik ayol deportatsiya kutmoqda


Domodedovo aeroportining tranzit zonasida qolaëtgan o‘zbek ayoli (Ozodlik arxividan).

Domodedovo aeroportining tranzit zonasida qolaëtgan o‘zbek ayoli (Ozodlik arxividan).

Pskov shahar deportatsiya markazida o‘zbekistonlik muhojir ayol 5 nafar farzandi bilan O‘zbekiston elchixonasidan hujjatlar kelishini kutib qolmoqda. Biroq, 31 yoshli Dilorom Tog‘ayeva muassasa rahbariyatidan bahorgacha badarg‘a qilmaslikni so‘rayotgani aytilmoqda.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikning Moskvadagi byurosiga murojaat qilgan tinglovchilardan biri Pskov shahar Xorij fuqarolarini saqlash markazida beshta bolasi bilan O‘zbekistonga jo‘natilmayotgan 31 yoshli Dilorom Tog‘ayeva to‘g‘risida xabar berdi:

- Bittasidan eshitib qoldim. Bitta opa yotibdi ekan spetspriyomnikda beshta bolasi bilan. “U yoqqa jo‘natmayaptimikan?”,desam, O‘zbekistondan zapros kelishi kerak ekan, “qabul qilamiz” degan. O‘sha kelmasa jo‘natmas ekan. Yana bir tog‘a bor ekan, u ham 10 oy bo‘libdi yotganiga. Shularni bir tojik boladan eshitdim. O‘shanga qanday qilib yordam qilsak ekan? U yerga hech kimni kirgizmas ekan. Ovqat beraman desangiz ham - qo‘ymas ekan.“Bizda ovqat bor, hamma sharoitlar bor, bollariga kompyuter qo‘yib berganmiz”, deyapti. Elchixonaga ham telefon qilishibdimish: 200 ming rubl pul so‘rabdi. “Shuncha pul bersalaring boramiz!”, debdi, deydi Pskov shahar deportatsiya markazidan chiqib kelgan tojikistonlik muhojirlardan eshitganini Ozodlikka so‘zlab bergan tinglovchi.

Suhbatdoshning bu ma‘lumotlarni aniqlash maqsadida Ozodlik Pskov shahar Readmissiya qilinayotgan shaxslarni saqlash markazi direktori Aleksandr Palaginga murojaat qildi.

Markaz direktori surxondaryolik ayol besh nafar bolasi bilan haqiqatan ham deportatsiya muassasasida saqlanayotganini tasdiqladi.

- Tog‘ayeva Dilorom Yo‘ldoshevna. U eng kichigi 10 oylik va 5, 8, 10,11 yoshdagi besh bolasi bilan muassasamizga 2014 yilning 22 oktyabrida joylashtirilgan. U Surxondaryo viloyatining Denov shahridan shu yilning sentyabrida kelgan. 14 oktabr kuni unga 2016 yilning dekabrigacha kirish ta‘qiqlangani to‘g‘risida qaror chiqqan. 22 oktabr kuni u Rossiyadan chiqib ketmagan. Shu sababli, uni majburan chiqarib yuborish uchun readmissiya markaziga olib kelishdi, deydi Aleksandr Palagin.

Markaz direktoriga ko‘ra, avval qizlar bolalar uyiga, onasi bilan o‘g‘il farzandi esa deportatsiya markaziga jo‘natilgan. Keyinroq, vasiylik idoralari xodimlari qolgan qizlarni ham onasi oldiga - readmissiya markaziga olib kelishga qaror qilgan.

“Biz bu oilaga ikkita xona ajratib berdik, kompьyuter bilan jihozladik ” , deya davom etadi Aleksandr Nikolayevich.

- Men sizga ochig‘ini aytishim kerakki, ularning bahorgacha bu yerdan ketgisi yo‘q. Ammo hujjatlari yetib kelsa – na iloj... “Men qishda qayerga boraman bolalarim bilan?”, deyapti. Odatda hujjat va qaytishga guvohnomalar masalalari 90 kun davomida hal etiladi. Dilorom bolalariga yaratib berilgan sharoitdan va ular uch mahal issiq ovqat bilan ta‘minlanganidan xursand, dedi markaz direktori.

Aleksandr Palagindan biz muassasada 10 oydan beri saqlanayotgan ikkinchi o‘zbekistonlik taqdiri haqida ham so‘radik:

- Jumayev Ilhom Ibragimovich. Darhaqiqat, u shu yerda. Ammo u 4 avgust kuni qochib ketgan edi. Ikki oydan keyin uni qayta ushlashdi. Aprel oyidan buyon shu yerda saqlanyapti. Bu odamdan xavotir olmang – 24 dekabr kuni uni jo‘natib yuborayapmiz. Sankt-Peterburg-Toshkent aviareysi bilan kechki payt jo‘natiladi, dedi Pskov shahar Readmissiya qilinayotgan shaxslarni saqlash markazi direktori Aleksandr Palagin.

Ozodlik Pskov shahar xorij fuqarolarini saqlash markazida qolayotgan O‘zbekiston fuqarolari taqdirini kuzatishda davom etadi.

2013 yilning oktyabr oiyda Bishkekdan Rossiyaning Domodedovo aeroportiga uchib borgan andijonlik Zulhumor Alijonova 4 bolasi bilan bir haftadan ortiq muddat hibsda saqlangan edi.

Alijonova va uning farzandlariga vaqtinchalik qochqinlik maqomi berilgani va ular aeroport hibsxonasidan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG