Линклар

O‘zbekistondagi parlament saylovlarida baholovchi sifatida qatnashayotgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillarining har bir qadami O‘zbekiston xavfsizlik tizimlari tarafidan kuzatib borilayotgani bildirildi.

YeXHT vakillari bilan Toshkentda uchrashgan va xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi oshkor qilinishini istamagan ikki jurnalist bu haqda Ozodlikka ma‘lum qildi.

Suhbatdoshlardan birining aytishicha, saylovga kelgan YeXHT vakillarining jurnalistlar bilan Toshkent kafelaridan biridagi uchrashuvini ikki noma‘lum shaxs maxsus sumkalarga solingan videokamera bilan tinimsiz suratga olgan.

“YeXHT vakillari Toshkentdagi “Poytaxt” savdo markazidagi kafeda jurnalistlar bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Biz stolga o‘tirishimiz bilan ikkita qora kurtkali va yelkasiga g‘alati sumka osgan yigitlar yonimizdagi stolga o‘tirib oldi. Biz darhol kafedagi boshqa stolga borib o‘tirdik. Bu ikki yigit ham tezlikda o‘rnidan turib yonimizdagi stolga kelib joylashdi. Atrofda bo‘sh stollar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, ular aynan yonimizdagi stolga kelib o‘tirishdi. YeXHT vakillari bilan 20 daqiqa suhbatlashganimizdan keyin bu ikki yigitdan biri o‘z sumkasini bizga oshkora yo‘naltirib, o‘zini fosh qilib qo‘ydi”, deydi uchrashuv ishtirokchisi bo‘lgan jurnalist.

Ana shundan keyin voqea detektiv filmlardagi “Agentning fosh bo‘lish sahnasi” kabi rivojlanadi.

YeXHT vakillarining jurnalistlar bilan suhbatiga qiziqqan “qora kurtkali” yigitning sumkasidan mo‘ralab turgan videokamera ob‘yektivi uni fosh qilib qo‘ydi¸ dedi ayni uchrashuvda qatnashgan va ismi aytilishini istamagan yana bir jurnalist.

“Bu yigit sumkasini mening yelkam osha tirab olib kelganida sumka chetidagi ikki santimetrli teshikka ko‘zim tushdi. To‘rtburchak shaklida kesib qo‘yilgan teshik ichidan videokameraning ob‘ektivi yaltirab turar edi. Bilishimcha, bu yigit bizni muttasil tasvirga olib turgan. Men kulib, barmog‘im bilan obe‘ktivga ishora qilib¸ "eplasang agentlik qilgin" deb, yigitga tanbeh berdim. Fosh bo‘lgan kurtkali yigit shoshib qolib, o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. Buni ham eplay olmaganidan keyin esa u indamay joyiga o‘tirib oldi va o‘zini telefonda gaplashayotganga solib, bez bo‘lib o‘tiraverdi”, deydi YeXHT vakillari bilan uchrashgan jurnalistlardan yana biri.

YeXHT vakillari bilan “Poytaxt” savdo markazidagi kafeda uchrashgan jurnalistlar bu “qiziquvchan” ikki yigitni rasmga tushirib, Ozodlikka jo‘natishdi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, 13 noyabr kuni O‘zbekiston markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekiston MSKsida qayddan o‘tgan ikki vakili Elma Shexalich va Enira Bronitskaya Toshkentda jurnalistlar bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazgan.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasida ro‘yxatdan o‘tgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ozodlik bog‘langan vakili o‘zlarining kuzatilayotgani borasidagi voqea hech bir shaklda izohlanmasligini ta‘kidladi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Daan Everts boshchiligidagi vakillari 21 dekabrda O‘zbekistonda o‘tadigan parlament saylovlarini baholaydi.

21 noyabr kuni YeXHT rasmiysi Reychel Bending Ozodlik radiosiga o‘z tashkiloti O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish uchun to‘laqonli missiyani jo‘natmasligini ma‘lum qilgan edi.

Reychel Bendingning aytishicha, O‘zbekistondagi saylovlarda raqobatchilik muhitining yo‘qligi bois faqat baholovchi missiyani yuborish bilan cheklanilgan.

XS
SM
MD
LG