Линклар

logo-print

O‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagaevga chempionlik jangini boy bergan puerto-rikalik bokschi Fres Okendo ushbu jang tashkilotchisi Terek Box Event shirkatini sudga berdi.

“Fight News” nashri bergan xabarni Okendo o‘z Feysbuk sahifasida tasdiqladi.

41 yoshli puerto-rikalik bokschi jang tashkilotchilarini unga va‘da qilingan 1 million dollarlik gonorarni to‘lamaganlikda va hakamlarga bosim o‘tkazishda ayblamoqda.

Shuningdek, Fres Okendoning aytishicha, unga avval va‘da qilingan revansh imkoniyati ham berilmayotir.

- Men sudda adolat topmoqchiman. Bular turli nayranglar - 1 million dollarlik gonorar va revansh jangini o‘tkazish va‘dasi bilan meni, ruhan tayyor emasligimga qaramay, ringga chiqishga majburlashdi. O‘sha paytda rafiqam va yangi tug‘ilgan farzandim kasalxonada edi. Ular endi 2 yanvargacha mening suddagi da‘voimga javob berishlari kerak, – dedi Okendo.

Bokschi o‘z da‘vosini Nyu Yorkdagi Manxetten federal sudiga kiritgan.

Bokschi sudga Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov ustidan ham shikoyat qilgan. Unga ko‘ra, Qodirov qoidalarga zid ravishda jang payti ring burchagiga chiqib, Chagayevga dalda bergan. Okendo prezident bu xatti-harakati orqali hakamlarga bosim o‘tkazgan, deb hisoblaydi.

Joriy yilning 6 iyulida Checheniston poytaxti Grozniyda WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida “muntazam” jahon chempioni unvoni uchun o‘tgan jangda o‘zbekistonlik Ruslan Chagaev puerto-rikalik bokschini kichkina farq bilan (114-114, 115-113 va 115-113) mag‘lub etgan edi.

35 yoshli Ruslan Chagayev o‘tgan yildan buyon boks janglarida Chechenistondagi Ahmad hoji Qodirov nomli boks klubini tamsil etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG