Линклар

logo-print

O‘zbek siyosiy muxolifatining chet ellardagi tashkilotlari Internet orqali o‘zbekistonlik saylovchilarni parlament saylovini boykot qilishga chaqirmoqda.

Hatto YeXHT ham 21 dekabrga belgilangan saylovni “raqobatchilik muhiti yo‘q sharoitda o‘tkaziladigan saylov”, deb baholab, O‘zbekistonga to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasini emas, balki faqat baholovchilar guruhini yuborgan bir sharoitda, o‘zbek muxolifatining saylovni boykot qilishi katta yangilik emas.

Lekin tashkilotlar e‘lon qilgan boykotlar shaklida muayyan farqlar bor.

Boykot-inkor

21 dekabrda o‘tkaziladigan saylovni boykot qilish chaqirig‘i bitilgan bayonotlardan biri 16 dekabr kuni O‘zbekiston xalq harakati rasmiy saytida paydo bo‘ldi.

Bayonot mazmuni uning birinchi jumlasidanoq tushuniladi:

“Xuddi 20 yil davomida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda 21 dekabrga belgilangan parlament saylovlari bezbetlarcha qilinayotgan navbatdagi ko‘zbo‘yamachilikdir”, deb boshlanadi O‘zbekiston xalq harakatining “Qo‘g‘irchoqlar saylovi haqida”, degan ostlavhali bayonoti.

“O‘zbekiston xalq harakati” Muassislar majlisi raisi Muhammad Solih harakat e‘lon qilgan boykotning shakli to‘g‘risida Ozodlikka bunday dedi:

- Biz bugungi vaziyatda saylov kuni umuman uydan chiqmay, fuqaroning ovoz bermaslik haqidan foydalanishini boykot deb tushunayapmiz. Chunki saylov uchastkasiga borib, chizib-chizmagani bilan, hukumat, baribir, o‘zining aytganini qilib, shu paytgacha o‘tgan saylovlarni soxtalashtirgani kabi soxtalashtiradi va natija o‘zgarmay qolaveradi. Ammo, fuqarolar saylovga bormasa, ko‘chaga chiqmasa, ularning saylovga qatnashmagani hech yo‘q zohiran ko‘rinadi, deydi Muhammad Solih.

Oq boykot

Birdamlik harakati o‘zining saylovni boykot qilish chaqirig‘ini rasmiy saytida e‘lon qilganiga bir necha kun bo‘ldi.

Bu tashkilot masalaga ijodiy yondoshib, o‘z chaqirig‘ini animatsion videorolikka joylagan:

3 yarim daqiqali rolikda dastlab ulkan bir shaharning tepalikdan olingan panoramasi, kadrning o‘ng-past burchagida televizor va undagi boshlovchining rasmi ko‘rinadi. Boshlovchi tilidan chiqayotgan “Hamma saylovga”, “Yashasin Islom Karimov” kabi xitoblarning yozuvi birin-ketin ko‘rinaveradi.

Keyingi kadrda saylov uchastkasi joylashgan binoni va ovoz berish uchun navbatda turgan saylovchilarni ko‘ramiz.

Kadr almashadi va oldingi planda turganlar o‘z pozitsiyalarini bildira boshlaydilar. Multfilm qahramonlaridan biri bunday deydi: “Men ushbu soxtalashtirilgan saylovni ochiq boykot qilishdan qo‘rqaman. Ammo norozilikni oq ro‘mol o‘rab bildirayapman”.

Birdamlik harakatining animatsion videoroligida shu tariqa aholining turli tipajlari bo‘lajak saylovga o‘z munosabatini bildirgan.

Birdamlik harakati lideri, o‘zbekistonlik siyosiy muhojir Bahodir Choriyev Ozodlik savollariga javob berarkan, boykotning shakli haqida bunday dedi:

- Shakli shunday: istagan kishi egniga oq kiyim – u ko‘ylak bo‘lishi mumkin yoki sharf bo‘lishi mumkin – kiyib, saylov kuni ovoz berish uchastkasida byulletenni olib, undagi nomzodlarning barchasini o‘chirib tashlaydi, ya‘ni biz byulletenlarni yaroqsiz holga keltirishga chaqirayapmiz, dedi Bahodir Choriyev

Light boykot

Liderlari chet ellarda yashaydigan O‘zbekiston xalq harakati va Birdamlik harakatidan farqli o‘laroq, Bosh kotibi Toshkentda yashaydigan Erk demokratik partiyasi saylovni boykot qilish chaqirig‘i bitilgan alohida bir hujjat e‘lon qilgani yo‘q.

Erk demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov Ozodlik savollariga javoban, “avvalgi saylovlarda maxsus murojaat va bayonotlar bilan chiqqanmiz, hatto prezidentga murojaat qilib, “Siz amaldan madaniy ravishda ketishga qodir emassiz, keling, biz Sizga yordam beraylik ketishingizga”, deganmiz, lekin hech qanday foydasi bo‘lmadi”, dedi.

Shunga qaramay, Erk demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, 21 dekabrda o‘tkaziladigan saylovga nisbatan partiyaning pozitsiyasi shakllangan:

- Boykotni avvalgi saylovlarda boshqacharoq – saylovga qatnashmaslik, bormaslik, deb talqin qilar edik. Endi esa, faol qatnashishga chaqirmoqdamiz. Faqat, nomzodlar orasida biron bir ma‘quli bo‘lsa, o‘shanga ovoz berib, qolganlarni chizib tashlash kerak, dedi Otanazar Oripov.

O‘zbekiston parlamentiga saylovlar 21 dekabrda bo‘lib o‘tishi kerak. Tahlilchilarga ko‘ra, saylovda ishtirok etayotgan nomzodlarning birontasi ham joriy hukumat siyosatidan farq qiladigan qarashga ega emas. Saylovga qatnashayotgan siyosiy partiyalarning birontasi ham o‘zini hukumatga muxolif deb hisoblamaydi.

XS
SM
MD
LG