Линклар

Peshovar maktabidagi hujumda 130dan oshiq odam, jumladan 125 bola halok bo‘ldi


16 dekabr kungi hujum dunyo bo‘ylab makatbalarga qilingan eng yirik hurujlardan biri bo‘ldi.

16 dekabr kungi hujum dunyo bo‘ylab makatbalarga qilingan eng yirik hurujlardan biri bo‘ldi.

Pokistonning Peshovar shahrida mahalliy maktabga jangarilarining hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 130dan oshdi. Ularning kamida 125 nafari maktab bolalari ekani tasdiqlandi. Mas‘uliyatini Tolibon harakati o‘z zimmasiga olgan hujum seshanba kuni ertalab ro‘y berdi.

Hujum boshlanganidan bir necha soat o‘tib ham maktab ichida yuzlab bola va o‘qituvchilar qolayotgan paytda otishma davom etdi. Maktab binosi atrofi harbiylar tarafidan qurshab olindi. O‘quvchilar ota-onalari va qarindoshlari ham Peshovarning xavfsizlik kuchaytirilgan bu hududiga to‘plangan.

Xaybar Paxtungvxva viloyati bosh vaziri ma‘muriyatining bildirishicha, hozirgacha 130dan oshiq odamning halok bo‘lgani aniqlangan. Bu Pokistonda jangarilar tomonidan amalga oshirilgan eng talafotli hujum bo‘ldi.

Viloyat bosh vaziri Parvez Xattak Armiya qoshidagi maktabga hujum qilgan “terrorchilar” soni 8-10 kishini tashkil qilganini bildirdi. Ular ertalab maktabga bostirib kirib, o‘quvchi va o‘qituvchilarga qarata palapartish o‘t ochgan.

Maktabning o‘zini Ibod deb tanishtirgan 10 sinf o‘quvchisi voqeaga guvoh bo‘lgani, uning ko‘z o‘ngida o‘nlab sinfdoshlarining o‘ldirilganini gapirdi. “Ertalab soat 10:30lar atrofida biz birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha armiya polokovnigi o‘tkazgan dars uchun auditoriyaga kirdik. U yerga kirib kelganimizda otishma boshlandi va ular auditoriyaga kirib keldi”, deya gapirib berdi hujumdan omon qolgan o‘quvchi. “Ular ko‘pchilik talabani otib o‘ldirdi. Ko‘z oldimda 40-50 o‘quvchini otib o‘ldirishdi, keyin polkovnikka qarab otishdi”, deydi yana Ibod.

Bu o‘quvchi qora kiyimda bo‘lgan to‘rt yoki besh nafar qurollangan hujumchini ko‘rganini aytadi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Peshovarga yo‘l olishi hamda bugungi voqealar qurbonlari xotirasiga uch kunlik motam e‘lon qilishini bildirdi.

“Men Islombodda qololmayman. Bu vaxshiylar tarafidan sodir etilgan butun millatning foijiasidir. Ular mening bolalarim edi”, deya bayon qildi Sharif.

O‘zini Taxriki Tolibon harakati matbuot vakili Muhammad Xurosoniy deb tanishtirgan shaxs Ozodlikning Pokiston xizmatiga telefon orqali bog‘lanib, hujum uchun mas‘uliyatni harakat o‘z zimmasiga olishi, bu armiyaning Shimoliy Vaziristondagi harakatlariga javob bo‘lganini iddao qildi.

Pokiston harbiylari Shimoliy Vaziristonda iyunь oyida harbiy harakatlarni boshlagandan beri 1100dan ortiq islomchi jangarilarni o‘ldirganini bildirgan.

Reyters Xurosoniyning “biz armiyaga tegishli maktabni tanlashimiz sababi, hukumat bizning oilalarimiz va ayollarimizni nishonga olmoqda. Ular ham biz his etgan og‘riqni his etishini istaymiz”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.

Xurosoniyning Reytersga aytishicha, hujum qilganlarga “bolalarni otmaslik, faqatgina harbiy xodimlarni nishonga olish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan”.

Lekin rasmiylarning bildirishicha, halok bo‘lganlarning aksar katta qismi bolalardir.

Voqea joyiga yetib kelgan harbiylarning bildirishicha, maktabga kamida olti nafar tish-tirnog‘igacha qurollangan jangari bostirib kirgan paytda, bino ichida 500ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilar bo‘lgan.

Tolibon bu hujumga xudkush kamzullarini kiygan olti kishini safarbar qilganini bildirdi. Maktabga hujum qilinishida bir necha soat o‘tib, bino ichida uchta qattiq portlash sodir bo‘ldi.

Pokiston harbiylariga ko‘ra, hujumchilarning to‘rt nafari o‘ldirilgan, qolganlari qidirilmoqda.

Ayni paytda voqea joyidagi askarlardan ba‘zilariga ko‘ra, hujumchilarning bir necha nafari qochishga muvaffaq bo‘lgan.

16 dekabr kungi hujum dunyo bo‘ylab makatbalarga qilingan eng yirik hurujlardan biri bo‘ldi.

2004 yilda Rossiyaning Beslan shahridagi maktabga chechen jangarilari hujum qilishi oqibatida 330dan oshiq odam halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG