Линклар

Chagayevga yutqazgan Okendo Chechenistondagi jang tashkilotchilarini sudga berdi


Puerto-rikolik Fres Okendo Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ustidan ham sudga shikoyat qilganini aytadi.

Puerto-rikolik Fres Okendo Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ustidan ham sudga shikoyat qilganini aytadi.

Iyul oyida o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagaevga chempionlik jangini boy bergan puerto-rikolik bokschi Fres Okendo ushbu jang tashkilotchisi Terek Box Event shirkatini sudga berdi. Bokschining aytishicha, qoidabuzarliklar bilan o‘tgan jang tashkilotchilari yolg‘on bahonalar bilan uning gonorarini to‘lashdan bosh tortmoqdalar.

Puerto-rikolik 41 yoshli bokschi Fres Okendo Terek Box Event shirkatini va‘da qilingan 1 million dollarlik jang haqini to‘lamaganlikda va hakamlarga bosim o‘tkazishda ayblamoqda.

Shuningdek, Fres Okendoning aytishicha, Grozniy shahrida o‘tgan jang tashkilotchilari unga avval va‘da qilingan revansh imkoniyatini ham berishmayotir.

Bokschi o‘ziga yetkazilgan zarar uchun 5 million dollar va revansh jangi uyushtirilmaguncha Ruslan Chagayevning ringa chiqishiga ta‘qiq qo‘yishni talab qilmoqda.

"Men sudda adolat topmoqchiman. Bular turli nayranglar - 1 million dollarlik gonorar va revansh jangini o‘tkazish va‘dasi bilan meni, jismonan va ruhan tayyor emasligimga qaramay, ringga chiqishga majburlashdi. O‘sha paytda rafiqam va yangi tug‘ilgan farzandim kasalxonada edi. Ular endi 2 yanvargacha suddagi da‘voimga javob berishlari kerak", dedi Okendo "Boxing News" nashriga bergan intervyusida.

Terek Box Event shirkati noyabr oyida puerto-rikolik bokschining qonida doping izlari topilgani bois unga gonorar to‘lamaslikka qaror qilinganini bildirgan.

Biroq Okendo hech qanday taqiqlangan moddalardan foydalanmagani, Rossiyada o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasi soxtalashtirilgani, AQShda o‘tkazilgan testlar buni tasdiqlaganini aytgan.

Ruslan Chagayev o‘tgan yildan buyon boks janglarida Chechenistondagi Ahmad hoji Qodirov nomli boks klubini tamsil etib kelmoqda.

Ruslan Chagayev o‘tgan yildan buyon boks janglarida Chechenistondagi Ahmad hoji Qodirov nomli boks klubini tamsil etib kelmoqda.

Chempionlik janggida Okendoga promouterlik qilgan Hitz Boxing va Square Ring Promotions shirkatlari ham Chechenistondagi hamkorlari ularga jang oldidan va‘da qilingan 100 ming dollarni to‘lamaganini aytmoqdalar.

"Ular to‘lovni kechiktirish uchun bir qancha usullardan foydalanishdi. Diniy bayramlar, ta‘tillar, siyosiy muhit va shunga o‘xshash sabablar keltirilgan edi. Sabr kosamiz to‘ldi. Biz buni shundayligicha qoldira olmaymiz. Boz ustiga, ular bizga shartnomada ko‘rsatilgan revansh jangi imkoniyatini bermaslikka harakat qilishmoqda", dedi Hitz Boxing shirkati rahbari Bobbi Xitz "Boxing Scene" nashriga.

Fres Okendo da‘vosini 12 dekabr kuni Nyu Yorkdagi AQSh federal sudiga kiritgani haqida dushanba kuni o‘zining Facebook sahifasida e‘lon qildi. U keltirgan sud hujjatida aytilishicha, Terek Box Event shirkati vakillari 21 kun ichida sudga o‘z javobi yoki rasmiy arizasini topshirishi kerak. Aks holda, shirkatga qarshi da‘vo to‘lig‘icha qondiriladi.

Okendo sudga Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ustidan ham shikoyat qilganini aytadi. Unga ko‘ra, Qodirov qoidalarga zid ravishda jang payti ring burchagiga chiqib, Chagayevga dalda bergan. Okendo prezident bu xatti-harakati orqali hakamlarga bosim o‘tkazgan, deb hisoblaydi.

Avvalroq WBA Checheniston prezidentining harakati boks qoidalarini buzmagani haqida qaror chiqargan edi.

Joriy yilning 6 iyulida Checheniston poytaxti Grozniyda WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida “muntazam” jahon chempioni unvoni uchun o‘tgan jangda o‘zbekistonlik Ruslan Chagaev puerto-rikolik bokschini kichkina farq bilan (114-114, 115-113 va 115-113) mag‘lub etgan edi.

35 yoshli o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev o‘tgan yildan buyon boks janglarida Chechenistondagi Ahmad hoji Qodirov nomli boks klubini tamsil etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG