Линклар

logo-print

Gulistonlik o‘qituvchilar paxtada yemagan somsasiga pul to‘lamoqda


Gulistonlik o‘qituvchilardan paxta terimi uchun pul undirilmoqda.

Gulistonlik o‘qituvchilardan paxta terimi uchun pul undirilmoqda.

Bu yilgi paxta terimi mavsumidagi harajatlar uchun gulistonlik o‘qituvchilardan pul undirilmoqda. Paxta terimi paytida o‘qituvchilar o‘rniga yollangan terimchi-mardikorlar haqini to‘lash ham bugungi kunga kelib oddiy kollej o‘qituvchilari zimmasiga tushmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ paxta harajatlari uchun pul berishdan bosh tortgan o‘qituvchilar direktor xonasiga chaqirtirilib “muhokamadan o‘tkazilmoqda”.

Ozodlik bog‘langan va ismi sir qolishini istagan Guliston shahar Sanoat kasb -hunar kolleji o‘qituvchilaridan birining aytishicha¸ paxta terimiga borgan o‘qituvchilar o‘zlari bilan ovqat olib borgan bo‘lishiga qaramasdan ulardan ovqat puli undirilmoqda.

Paxta terimi paytida o‘qituvchilar o‘rniga yollangan terimchi- mardikorlar haqini va ular yegan ovqatlar pulini to‘lash ham bugungi kunga kelib oddiy kollej o‘qituvchilari zimmasiga tushmoqda.

Gulistondagi Sanoat kasb-hunar kollejining o‘qituvchisi Ozodlikka ismi aytilmaslik sharti bilan mana bu gaplarni aytdi:

- Haliyam paxta muammolari yakuniga yetgani yo‘q. Kecha kollejga borsam zavxoz meni izlayotgan ekan. Uning aytishicha, meni va yotarli (yotib terish uchun, demoqchi - tahr.) paxtaga borgan boshqa o‘qituvchilarni qarzdor qilib qo‘yishibdi. Paxta mavsumidagi sarf-harajatlar¸ ovqat¸ transport uchun ketgan pulni biz qoplab berishimiz kerak ekan. Zavxozning qo‘lida qarzdor o‘qituvchilarning ro‘yxati bor edi. Men hozircha 30 ming so‘m to‘lab¸ qarzimdan qisman qutuldim¸ deydi suhbatdosh.

Kollej o‘qituvchisining aytishicha¸ paxta terimi uchun o‘qituvchilar o‘rniga yollangan terimchi-mardikorlar puli ham muallimlardan undirilgan:

- Mardikor terimchilarning bir kunlik narxi 50 ming so‘mga chiqib ketgan edi. Paxtaga o‘qituvchilar o‘rniga borish uchun 50 mingdan kamiga hech kim rozi bo‘lmagan edi. Endi o‘shanda ko‘pga kelgan to‘y, deb bir amallab mardikor yollab o‘rnimizga paxtaga jo‘natgan edik. Zavxozning aytishicha, yotoqli paxtaga o‘rnimizga yollangan mardikorlar yolchitib paxta termagani bois ovqatdan qarz bo‘lishgan. Men bu gapga ishonmadim. Chunki men o‘z o‘rnimga yollagan terimchining har kuni normani bajarganini tekshirib turganman. Bu narsani o‘z vaqtida direktor talab qilgan edi. Demak, mendan bugun asossiz pul talab qilishmoqda¸ deb ta‘kidladi suhbatdosh.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ paxta harajatlari uchun pul berishdan bosh tortgan o‘qituvchilar direktor kabinetiga chaqirtirilib “muhokamadan o‘tkazilmoqda”

Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan vakili paxta harajatlari uchun kollej o‘qituvchilaridan pul yig‘ishning mutlaqo qonunga zidligini ta‘kidladi.

Mulozimga ko‘ra¸ "Sirdaryo viloyatidagi kollej o‘qituvchilarining hech kimdan qarzi yo‘q va ularning oyligidan pul chegirib qolish qonunbuzarlikdir".

Suhbat asnosida mulozim "noqonuniy yig‘imlar bilan shug‘ullanayotgan kollej rahbariyatiga chora ko‘rilishini ham bildirdi".

Ozodlik suhbatlashgan kollej o‘qituvchilari o‘tgan paxta mavsumida ancha chiqimdor bo‘lib qolganligidan shikoyat qilishdi.

O‘zbekistondagi paxta mavsumini tahlil qilgan faollarning aytishiga ko‘ra¸ bu yilgi terim jarayoni korruptsiyaga keng imkon bergan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova o‘tgan hafta Shveysariyaning Bern shahrida o‘tgan anjumanda aynan shu nuqtaga e‘tibor qaratganligini Ozodlikka bildirdi:

- O‘zbekistondagi paxta sektori turli korrupsion sxemalarni o‘z ichiga olgan. Bu sxemalar ko‘p hollarda mayda mulozimlarning boyishi uchun hizmat qiladi. Terimni minimal resurslar bilan amalga oshirgan mulozim ayni vaqtda oddiy odamlardan o‘z cho‘ntagi uchun pul undirishni ko‘zlaydi. Masalan, o‘qituvchilar zimmasiga 25 kilo paxta teruvchini ovqat bilan ta‘minlash majburiyati tushgan. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ ovqat sifati va qiymati 10 marta oshirib ko‘rsatilgan. Agar bu raqamni paxta sektoriga jalb qilingan barcha o‘qituvchilar soniga ko‘paytirsangiz, korruptsiya ko‘lami ayon bo‘ladi, dedi Umida Niyozova.

XS
SM
MD
LG