Линклар

Maktabga hujum ortidan Pokiston o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qildi


Peshavordagi maktabga qilingan hujum qurbonlarining dafn marosimida o‘qilgan janoza namoziga minglab kishi qatnashdi.

Peshavordagi maktabga qilingan hujum qurbonlarining dafn marosimida o‘qilgan janoza namoziga minglab kishi qatnashdi.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif 16 dekabr kuni Peshavor shahridagi harbiy maktabga qilingan hujum oqibatida 132 o‘quvchi va 9 o‘qituvchi o‘ldirilganidan so‘ng 17 dekabr kuni terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarlarda ayblanganlarga nisbatan o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bugun Peshavor shahrida mamlakat parlamentining barcha fraktsiyalari vakillari oldida qilgan chiqishi chog‘ida Sharif Pokiston terrorizmga qarshi kurashni davom ettiraverajagi to‘g‘risida bayonot berdi.

Pokiston bosh vaziri fraktsiyalar vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida mamlakatdagi barcha siyosatchilarni janggarilar zo‘ravonligiga qarshi birgalikdagi kurashga chaqirdi.

Navoz Sharif Peshavordagi maktabga qilingan hujumni “yovvoyilar amalga oshirgan milliy fojea”, deb atadi.

Pokistan 2008 yili o‘lim jazosini qo‘llashga moratoriy joriy etgan, lekin sudyalar vaqti-vaqti bilan terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor, deb topilganlarga o‘lim jazosi tayinlash to‘g‘risida hukm chiqarib kelayotgan edi.

Lekin e‘lon qilingan moratoriy tufayli o‘limga mahkum etilganlar ustidan hukm ijro etilmasdi.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro va mahalliy guruhlar hisob-kitobicha, shu kunda mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan o‘limga mahkum qilingan 8000 nafar atrofidagi mahbusning qariyb 800 nafari terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlari uchun qamalgan.

16 dekabr kuni Peshavor shahridagi maktabga qilingan hujum Pokiston tarixidagi eng qonli hujum bo‘ldi.

Mazkur harbiy maktabda harbiy va noharbiy oilalarning o‘g‘il-qizlari ta‘lim oladi.

Pokiston Armiyasi rasmiylari tarqatgan ma‘lumotlarga ko‘ra, maktabga bomba boylangan kamzulli 7 janggari hujum qilgan, ular maktabda xonadan xonaga o‘tib, o‘quvchilar va o‘qituvchilarni birin-ketin otib tashlagan.

O‘zini Taxriki Tolibon harakati matbuot vakili Muhammad Xurosoniy deb tanishtirgan shaxs Ozodlikning Pokiston xizmatiga telefon orqali bog‘lanib, hujum uchun mas‘uliyatni harakat o‘z zimmasiga olishi, bu armiyaning Shimoliy Vaziristondagi harakatlariga javob bo‘lganini iddao qildi.

Peshovardagi maktabga qilingan va 130 hayotiga zomin bo‘lgan toliblar hujumi xalqaro hamjamiyat va jahondagi yetakchi liderlar tomonidan keskin qoralandi.

BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun sodir bo‘lgan voqeani “qo‘rqitish harakati va ayni paytda o‘taketgan qo‘rqoqlik”, deb atadi.

AQSh prezidenti Barak Obama va Frantsiya prezidenti Fransua Olland yana bir bor Pokistonni ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurashda qo‘llashlarini bildirdilar.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani esa “aybsiz bolalarni o‘ldirish Islom diniga mutlaqo zid” ekanini ta‘kidladi.

Nobel tinchlik mukofoti laureati, pokistonlik huquq faoli Malala Yusufzay sodir bo‘lgan voqeani “sovuqqonlik bilan amalga oshirilgan mantiqsiz terrorchilik xuruji”, deya baholadi.

XS
SM
MD
LG