Линклар

Shahrisabzda 1 ta "isparapka" uchun 1 ta daraxt o‘tqazishni talab qilmoqdalar


Shahrisabzni obodonlashtirish maqsadida kesib tashlangan daraxtlar o‘rniga yangilarini o‘tqazish QFYlarga yuklandi.

Shahrisabzni obodonlashtirish maqsadida kesib tashlangan daraxtlar o‘rniga yangilarini o‘tqazish QFYlarga yuklandi.

Shahrisabz shahridagi mahalla va Shahrisabz tumanidagi qishloq fuqarolar yig‘inlariga ma‘lumotnoma so‘rab kelgan har bir fuqaroga ma‘lumotnoma evaziga shaharga bitta ko‘chat o‘tqazib berish yoki shu ko‘chatning pulini to‘lash sharti qo‘yilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan shahrisabzlik manbaga ko‘ra, u biometrik pasport olish uchun talab qilinadigan ma‘lumotnoma so‘rab, Chorshanbe mahalla fuqarolar yig‘iniga borganida undan ham bitta ko‘chat o‘tqazish talab qilingan:

“Kecha biometrik pasport masalasi buyicha spravka olish uchun Chorshanbe mahalla fuqarolar yig‘iniga borgan edim. Ular menga Shahrisabz shaxrida obodonlashtirish ishlari ketayotgani sababli, har bir spravka uchun murojaat qilganlarga bittadan daraxt ko‘chati o‘tqazib berish majburiy ekanligini aytishdi. Aks holda pechat urib berilmas emish”, deydi Ozodlikka yozgan maktubida shahrisabzlik manba.

Chorshanbe mahalla fuqarolar yig‘inining o‘zini Sodiq deb tanishtirgan maslahatchisi fuqarolar yig‘inlari shaharni obodonlashtirishda faol ishtirok etayotganini tasdiqlar ekan, biroq bu tadbir faqat ko‘ngilli tarzda amalga oshirilayotganini ta‘kidladi:

- Kecha 3 ta chuqur kavlab zagotovka qilgan edik, bugun 5 ta qildik. Har kuni 5-6 odam qatnashyapti. Ko‘ngillilar borib ko‘chat o‘tqazib kelyapti, hashar qilyapmiz. Lekin ma‘lumotnoma berish uchun ko‘chat o‘tqazishni talab qilganimiz yo‘q, dedi mahalla faoli.

Ozodlik Shahrisabz tumanining boshqa qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlariga ham xuddi shunday ko‘rsatma berilganini surishtirib aniqladi.

Oqsaroy mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Dilorom ismli ayolning aytishicha, mahallada ma‘lumotnoma uchun o‘tqaziladigan ko‘chatning pulini talab qilishmoqda:

- Bu to‘ppa-to‘g‘ri gap. Mening kelinayam Oqsaroy mahalla fuqarolar yig‘iniga bolalar nafaqasi uchun spravkaga borgan edi. Oqsoqol “mana ko‘ryapsiz, ko‘chalarda daraxt ko‘chatlari ekilyapti, bular bizning mahallamizga aytilgan. Siz ham bitta ko‘chatning puli, 50 ming so‘mni olib kelsangiz keyin spravka beraman”, debdi, dedi shahrisabzlik Dilorom.

Ozodlik bu voqeaga Shahrisabz tumani hokimiyati bilan bog‘landi.

Hokimlikning o‘zini tanishtirmagan mulozimi obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan mablag‘ yetarli ekanligini ta‘kidlar ekan, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlariga bunday topshiriq berilganini rad qildi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining obodonlashtirish dasturiga ko‘ra, Shahrisabz shahrini qayta qurish joriy yilning fevralida boshlangan edi.

Ayni paytda, Ozodlikka yil davomida buzilgan uylari uchun yetarli miqdorda tovon puli ololmagan shahrisabzliklar ko‘p murojaat qilgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG