Линклар

logo-print

Litvalik tadbirkorlar Rossiya - Belarus chegarasida o‘rnatilgan cheklovlar tufayli O‘zbekistonga 1 ming tonna sariyog‘ni yetkazib bera olmayapti.

Rossiya Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) buni Kreml joriy qilgan sanksiyalar tufayli Yevropadan oziq-ovqat mahsulotlari kiritilishiga to‘siq qo‘yilgani bilan izohlamoqda.

Ming tonna sariyog‘ chegaradan ortga qaytdi

Belarus orqali O‘zbekistonga jo‘natilayotgan 1 ming tonna Litva sariyog‘i Rossiya chegarasiga yetmasdan ortga qaytarildi.

Litva Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiysi Bojena Zaborovskaya Ozodlik bilan suhbatda Belarus va Rossiya o‘rtasidagi tovarlar tranziti bilan bog‘liq tushunarsiz vaziyat va siyosiy kelishmovchiliklar uchinchi mamlakatlar oldi-berdisiga jiddiy zarar ko‘rsatmoqda, dedi.

- Bizning firmamiz O‘zbekistonga ming tonna sariyog‘ sotdi va mahsulot Belarus chegarasidan o‘tib, keyin ortga qaytarildi. Endi bu mahsulot uchun boshqa tranzit yo‘li qidirilmoqda: bilmadim, Latviya-Estoniya yoki Polsha orqali. To‘g‘risi, biz bu yerda tushunarsiz siyosiy vaziyat bilan to‘qnashdik. Bizning ma‘lumotimizga ko‘ra, Rossiya Belarus orqali tovarlarning tranzitiga cheklov qo‘ydi, Belarus esa bu cheklovlardan norozi. Xalqaro qiodalarga ko‘ra esa bunday qaror kuchga kirishi uchun ikki tarafning roziligi kerak. Bizning shirkat esa bunday vaziyatda Belarus orqali sariyog‘ni jo‘natishga qo‘rqdi, deydi Bojena Zaborovskaya.

Vazirlik vakili so‘zlaricha, Rossiya 2014 yilning 30 noyabridan Belarusdan kelayotgan har qanday tranzit yuklarni o‘z hududiga kiritmasligi to‘g‘risida Yevropa hukumatlarini ogohlantirgan.

Rossiya Belarus tadbirkorlarini sanksiyalarga uchragan mahsulotlarni mamlakatga olib kirayotganlikda ayblayotgani hech kim uchun sir emas. Rus nazorat idoralari sanksiyalar joriy qilingandan buyon Belarus krevetka kabi dengiz mahsulotlari va papayya kabi ekzotik mevalarni “yetishtira” olayotganidan hayratga tushgan.

Bojena Zaborovskaya, shunga qaramasdan, hozircha bu masalada Rossiya va Belarus rahbarlari biror to‘xtamga kelmagani va muzokaralar davom etayotgani to‘g‘risida ma‘lumotga ega ekanini aytdi. U hozircha bunday cheklovlar mavjudligi to‘g‘risida Belarus hukumatidan ularga biror rasmiy hujjat yuborilmaganini ham qo‘shimcha qildi.

- Nima bo‘lganda ham, sariyog‘ O‘zbekistonga yetkaziladi, deya ishontirdi Litva Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili.

Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi matbuot xizmati rahbari Zinaida Bereshchenko Ozodlikka o‘z hukumatining Rossiya cheklovlariga qarshi ekanini tasdiqlab, Belarus orqali har qanday tranzitni cheklovsiz amalga oshirish mumkinligini gapirdi.

- Agarda Belarus davlati rahbari chiqishlarini inobatga olsak, tranzit taqiqlanmagan. Shaxsan men ham bu haqda biror narsa eshitganim yo‘q. Rosselxoznadzor masalasida: u qanday qilib ikki davlat hukumatlari vakolatlarini o‘z zimmasiga yuklab oldi ekan? Buni hukumatlar hal etishi lozim! Ular qarori bu masalada yo‘qmi, demak Rosselxoznadzorning qarorlari hech qanday kuchga ega emas. Bu tashkilot chegaraga kelgan yuklarni tekshiradi, xolos, dedi Belarus hukumatining rasmiy munosabatini bildirarkan Zinaida Bereshchenko.

Eslatish joyizki, noyabr oxirlarida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni Rossiya chegarasida qayta tiklangan bojxona nazorat punktlari g‘azabga keltirgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

"Belarus taqiqlangan tovarlarni kiritmoqda!"

Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi Rosselxoznadzordan ittifoqdosh bo‘lgan Qozog‘iston respublikasiga Belarus orqali tranzit cheklovlarni joriy qilmaslikni so‘rab besamar murojaat qilib ko‘rgan.

Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan izoh berish iltimosi bilan Ozodlik Rossiyaning Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor)ga murojaat qildi. Xizmat rasmiy vakilasi Yuliya Trofimova haqiqatan Belarusdan kirayotgan barcha tranzit tovarlarga cheklov o‘rnatilganini tasdiqlab, bunday dedi:

- Tranzit mahsulotlar kiritilishi taqiqlanmagani, shunchaki uchinchi, ya‘ni Rossiya va Belarusning umumiy chegarasidan emas, balki boshqa rasmiy chegara punktlaridan kirayotgan tovarlarga ruxsat berilishini alohida ta‘kidlashim kerak. Ya‘ni, agarda Yevropadan Belarus orqali biror mol kelayotgan bo‘lsa, ular Belarusga kirib, Rossiya bilan bo‘lgan bevosita chegaradan o‘ta olmaydi va uchinchi mamlakatlar orqali yurishga majburdir. Bu Ukraina yoki boshqa mamlakat bo‘lishi mumkin.

Bunday tartibning joriy qilinishiga sabab, Rossiya Yevropadan bo‘lgan qator tovarlarga embargo e‘lon qilgan. Aynan shunday tranzit tovarlar ko‘rinishida davlatimizga taqiqlangan mahsulotlar olib kirilmoqda va tranzit bo‘lishiga qaramasdan, shu yerda qolib ketmoqda. Shunday tushunmovchiliklarning oldini olish uchun bu tartib joriy qilindi, deya tushuntirish berdi Rosselxoznadzor rasmiy vakilasi Yuliya Trofimova.

Rosselxoznadzorda, shuningdek, Belarusdan kiritilayotgan tovarlar tranzitiga qo‘yilgan taqiq ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik va hamkorlik shartnomalariga mutlaqo zid kelmasligini ham ta‘kidlashdi.

Ayni paytda, Rossiya hukumati joriy etgan cheklov Belarus orqali o‘tayotgan avtomobil tranzitiga tegishli emasligi ma‘lum.

XS
SM
MD
LG