Линклар

O‘zbekiston 2015 yili Rossiyaga qariyb 400 ming tonna meva-sabzavot eksport qilishni rejalashtirmoqda. Bu joriy yil yakunida kutilayotgan ko‘rsatkichdan 150 ming tonnaga ko‘pdir. O‘zbekistonlik tahlilchilar fikricha, bu o‘sish mamlakat ichki bozori hisobidan ta‘minlanadiki, natijada narxlar ko‘tarilib ketishi mumkin.

G‘arbdan arazlagan Putin O‘zbek bilan savdo qilmoqchi

Rossiyaga meva-sabzavot eksportiga oid xabarni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ismi keltirilmagan vakiliga tayanib, 17 dekabr kuni Rossiyaning Novosti axborot agentligi tarqatdi.

Vazirlik vakiliga ko‘ra, kelasi yili O‘zbekiston meva-sabzavot eksportini joriy yildagi ko‘rsatkichdan 20 % ga oshiradi.

“O‘sish eng avvalo meva va sabzavot eksporti umumiy hajmining 80 % dan ortiqrog‘i to‘g‘ri keladigan Rossiyaga ko‘paytirilishi hisobiga ta‘minlanadi”, degan vazirlik rasmiysi.

Xabarlarga qaraganda, O‘zbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladigan meva-sabzavot hajmini oshirish masalasi Rossiya prezidentining 10 dekabr kuni O‘zbekistonga qilgan safari doirasida muhokama qilingan.

Eksport hajmini oshirish yo‘lidagi to‘siqlar sifatida shu paytgacha Bojxona Ittifoqiga a‘zo davlatlar hududidan o‘tish tariflarining balandligi, Rossiya bojxona chegarasida joriy etilgan karantin choralari, hamda Rossiyadagi chakana savdo tarmoqlariga meva-sabzavotni kichik hajmlarda jo‘natish norentabel ekanligi tilga olinib kelgan.

Ukrainadagi harakatlari uchun joriy etilgan G‘arb sanktsiyalariga javoban Yevropadan oziq-ovqat mahsulotlari importini taqiqlab, rossiyaliklarni jazolagan Putin 10 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazgan so‘zlashuvlarda shu muammolar yechimini taklif etganmi-yo‘qmi – bu haqda xabar yo‘q.

Nafaqat G‘arb, balki o‘zi yetakchilik qilayotgan Bojxona Ittifoqiga a‘zo Belarus bilan ham “bojxona urushi”ga kirishgan Rossiya joriy qilgan choralar tufayli O‘zbekistonning Boltiqbo‘yi mamlakatlari bilan savdosi ham to‘siqlarga uchramoqda.

Meva-sabzavot eksporti hajmi nima hisobiga oshiriladi?

Bu savolga javoban RIA Novostining mana bu xabarini keltirish mumkin:

"2015 yili O‘zbekistonda 15,5 mln. tonna meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich joriy yil yakunlariga ko‘ra, 14,4 mln. tonna bo‘lishi kutilmoqda".

Agar bu raqamlarga ishonilsa, meva-sabzavot eksportining Rossiyaga qariyb ikki barobarga oshishi mamlakat ichki bozoriga ta‘sir qilmaydi, deb o‘ylash mumkin.

Biroq toshkentlik iqtisodchi G‘olibbek Xolnazarov bu raqamlarga ishonmaydi.

"O‘zimizga yetmayapti-ku?!"

O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot yetishtiruvchi maxsus xo‘jaliklar mavjudmi yoki eksport hajmi ichki bozor hisobiga oshiriladimi, degan savolimizga javoban iqtisodchi bunday dedi:

- Hukumatning eksport uchun yo‘naltirilgan maxsus qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, shu jumladan meva-sabzavot yetishtirish programmasi yo‘q. Buni men mutaxassis sifatida, qishloq xo‘jaligini biluvchi odam sifatida aytayapman. Gaplarimini istalgan joyda tasdiqlab berishim ham mumkin, dedi iqtisodchi.

G‘olibbek Xolnazarov o‘z fikrini qishloq xo‘jaligi sohasida tub islohotlar o‘tkazilmayotgani bilan izohladi.

Uning fikricha, eksport hajmi ichki bozor hisobidan oshadi:

- Ichki bozordagi mahsulotning 50 foizi endi eksport qilinadi. Bu ish bilan esa, asosan, katta mansabdorlar shug‘ullanadi. Ular bozordan oladiyu Rossiyaga olib borib sotadi, demak, bu yerdagi narxlar o‘sadi, dedi G‘olibbek Xolnazarov.

Bozorda o‘zgarishlar yangi yil kelmay turiboq boshlangani to‘g‘risida kuni kecha OzodNazar eshittirishida toshkentlik siyosatshunos Anvar Nazirov bunday degan edi:

- Rossiyaga eksport qilinayotgan mahsulotlardan biri piyozdir. Uning narxi 1 oy ichida taxminan 100 foizga oshdi. O‘zbekistonda o‘zimizni o‘zimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan zo‘rg‘a ta‘minlayapmiz. Biz eksportbop qishloq xo‘jaligiga ega emasmiz. Bu – fakt, dedi Anvar Nazirov.

Topilgan 4 dollardan 1 dollari davlatga sotilishi shart

Yana bir gap: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti o‘zining 2014 yil, 4 dekabrdagi qarori bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar zimmasiga 2015 yilning 1 yanvaridan valyuta tushumlarining 25% ini davlatga sotish majburiyatini yuklab qo‘ydi.

Joriy tartibga ko‘ra esa, mikrofirmalar va kichik korxonalar bunday majburiyatdan ozod edi.

XS
SM
MD
LG