Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:45

Qo‘shrabotda ikki farzand onasi o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘ldi


O‘zbek ayollari norozilik sifatida o‘zlariga o‘t qo‘yish holatlari bugun ham uchrab turadi.
O‘zbek ayollari norozilik sifatida o‘zlariga o‘t qo‘yish holatlari bugun ham uchrab turadi.

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Rabot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 27 yoshli ayol 16 dekabr kuni o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalarining aytishlaricha, oilaviy janjal tufayli ayol molxonada ustiga benzin quyib o‘ziga o‘t qo‘ygan. Ayol voqea joyida halok bo‘lgan.

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Rabot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi ikki farzandning onasi Gulmira Malikova 16 dekabr kuni soat 15lar atrofida o‘ziga o‘t qo‘yish bilan joniga qasd qilgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan qo‘shrabotlik manbaga ko‘ra, ayolning o‘z joniga qasd qilishiga oilaviy janjallar sabab bo‘lgan:

- Voqea seshanba kuni ro‘y bergan. Ayolning ikki nafar yosh bolasi bor edi. Qaynisi bilanmi, qaynonasi bilanmi, unisini hali aniq bilmaymanu, janjal bo‘lgan. Keyin u molxonaga kirib ustiga benzin sepib o‘t qo‘yib yuborgan. Ayolni qutqarib qolishga qilingan harakatlar samara bermagan va u o‘sha joyning o‘zida halok bo‘lgan. Bugun xudoyisini o‘tkazishdi,- dedi manba.

Marhumaning janozasida qatnashgan Rabot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi boshqa bir manbaning iddaosicha, Gulmira o‘limining sababi boshqa ham bo‘lishi mumkin. Manba bu iddaosini asoslash uchun qishloqda tarqalgan gap-so‘zlarni keltiradi:

- Gulmiraning ota-onasi yoshligida o‘lib ketgan. Bu qiz akalarning qo‘lida katta bo‘lgan mehnatkash qiz edi. Eri Toshkentda ishlardi. O‘sha kuni eri uyida bo‘lmagan. Odamlarning aytishlaricha, Gulmirani avval urib o‘ldirib qo‘yib, keyin yoqib yuborishgan. Lekin bu odamlarning og‘zidagi gap,- dedi manba.

Manbaning bu iddaosini Qo‘shrabot tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi tasdiqlamadi. Uning Ozodlikka aytishicha, sud tibbiy ekspertizasi Gulmirani o‘z joniga qasd qilgan deb, xulosa bergan:

- Bu ish yuzasidan hozir Qo‘shrabot tumani prokuraturasi jinoyat ishi ochgan. Marhuma yashagan uydagi odamlar so‘roq qilinyapti. Hozircha boshqa hech narsa deya olmayman,- dedi ichki ishlar mulozimi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, O‘zbekistonda o‘tgan asrning 80-90 yillarida ayollarning o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari ko‘p kuzatilgan.

O‘zbek ayollarining nega o‘z joniga qasd qilishda bunday og‘riqli va dahshatli usulni tanlashi o‘sha yillari ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilingan.

Mustaqil O‘zbekistonda ham ayollarning o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari uchrab turadi.

Jumladan, joriy yilning 6 avgust kuni Qashqadaryoning Kitob tumani IIB binosida 35 yoshli o‘qituvchi Mavjuda Tursunova o‘g‘lining militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanganiga norozilik bildirib o‘ziga o‘t qo‘ygan va halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG