Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:23

Putin Rossiya muammolarida G‘arbni aybladi


Vladimir Putin G‘arb "rus ayig‘ini" kishanlamoqchi, qabilidagi iddaolarni yana takrorladi.
Vladimir Putin G‘arb "rus ayig‘ini" kishanlamoqchi, qabilidagi iddaolarni yana takrorladi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G‘arbni yangi “virtual” Berlin devorini qurganlikda aybladi va rublning qulashi vaziyatida paydo bo‘lgan xavotirlarni bostirish urinishi o‘laroq Rossiya iqtisodi, albatta, oyoqqa turib oladi, deya va‘da berdi. 18 dekabr kuni o‘tkazilgan an‘anaviy yillik matbuot anjumanida Putin o‘z hukumati yuz tutgan qiyinchiliklar oldida kuchli yetakchi imijini yasashga urindi.

Rossiyada bayram ta‘tili boshlanishi arafasida, rubl qulagan, mamlakat iqtisodiy inqirozga yuz tutgan va G‘arb bilan qarama-qarshilik kuchaygan vaziyatida o‘tkazilgan yillik marafon-matbuot anjumanida Putin Rossiya iqtisodi oyoqqa turib olishi “muqarrardir”, deya ta‘kidlab, buning uchun ikki yil talab qilinishini taxmin qildi.

Bir necha yuz jurnalist oldida qilgan chiqishida Putin Rossiyaning moliyaviy qiyinchiliklari tashqi faktorlar, jumladan neftь narxlarining tushib ketgani bilan bog‘liqligini e‘tirof etib, energiya vositalari eksportiga qaram bo‘lgan mamlakat iqtisodini diversifikatsiya qilishni va‘da berdi.

- Kelasi ikki yil ichida – bunga shubha qilmayman – iqtisodimizni diversifikatsiya qilish uchun ko‘p narsani amalga oshirishimiga to‘g‘ri keladi. Chunki reallikning o‘zi bizni shunga majbur qiladi – oddiy qilib aytganda, bizning boshqa ilojimiz qolmaydi, dedi Putin.

Ukraina masalasia to‘xtalganda Putin agressiv ohangga o‘tdi va Kiyev hukumatini mamlakat sharqidagi qurolli mojaroni keltirib chiqarganlikda ayblay ketdi. Moskva bilan G‘arb o‘rtasidagi qarama-qarshilikda Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqini agressor maqomiga qo‘ydi.

- Siyosiy ma‘noda biz hech kimga hujum qilayotganimiz yo‘q. Biz o‘z manfaatlarimizni himoya qilyapmiz. G‘arbdagi hamkorlarimiz, ayniqsa, amerikaliklarga esa bu yoqmayapti,- deya ta‘kidladi Putin.

Putin Ukraina bitta siyosiy makon bo‘lib qolishi kerak, deya ta‘kidlab, Kiyev hukumatini sharqiy Ukrainada “jazo operatsiyasini” o‘tkazganini iddao qilib, hukumat barcha mintaqalar, jumladan rossiyaparast ayirmachilar qo‘lida qolayotgan viloyatlar bilan “to‘g‘ridan-to‘g‘ri, teng huquqli” muloqot o‘rnatishi shart, deya talab qildi.

Aprel oyidan beri 4700dan oshiq odam halok bo‘lgan sharqiy Ukrainadagi mojaroda, NATO vakillari Rossiya bevosita ishtirok etayotganini aytib keladi.

Putin 1991 yilda Sovet Ittifoqi qulashidan keyin NATOning sharq tomon kengayishi va AQSh aksilraketa mudofaa tizimi ishlab chiqilganini Yevropada yangi to‘siqlar yaratilayotganiga misol sifatida keltirdi va Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi G‘arbga bu yo‘ldan voz kechish fursati kelgani to‘g‘risida signal bo‘lishi kerak, deya ta‘kidladi.

U G‘arb davlatlarini Rossiyaning Shimoliy Kavkaz mintaqasida “terrorchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va to‘laligicha” qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi. Putin doim takrorlab keladigan, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Rossiyani oyog‘ini kishanlash harakatlaridan hech qachon voz kechmaydi, qabilidagi iddaolarini yana bir bor takrorladi.

- Ba‘zan o‘ylab qolaman, balki ayig‘imiz tinchgina o‘tirgani yaxshimikin, deb. Balki, taygada to‘ng‘izchalarni quvmasdan, reza mevalari va asalini yeb yursa, uni tinch qo‘yisharmikin? Yo‘q, hech qachon tinch qo‘yishmaydi. Chunki uni har doim kishanlashga harakat qilishadi. Kishanlab bo‘lishganda esa, uning tish-tirnoqlarini sug‘urib olishadi. Bugungi ma‘noda bu yadroviy tiyish kuchlaridir. Buni amalga oshirshgandan keyin esa, ayiqcha ham kerak bo‘lmay qoladi.

Yillik matbuot anjumani Putin 1999 yilda iqtidorga kelganidan beri an‘anaga aylangan tadbirdir. Putin prezidentligida ham, bosh vazir lavozimidaligida ham o‘tkazib kelinadigan bu tadbirni asosan o‘zining mamlakat ichkarisidagi obro‘yini oshirish va g‘arbga nadomat toshlarini otish vositasi sifatida ishlatib keladi.

Bu yilgi mashvarat Ukraina bo‘hroni va rublning qulashi fonida Rossiya jahon diqqat markaziga tushgan paytda o‘tkazildi.

Rossiya mart oyida Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qildi. Bunga Yevropa Ittifoqi bilan Assotsiatsiya kelishuvini imzolashdan bosh tortgan Ukraina prezidenti hokimiyatdan ag‘darilishi sababchi bo‘ldi.

Ukrainada iqtidorga kelgan g‘arbparast hukumat Moskvani sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachilarga qurol va qo‘shinlar bilan yordam berayotganlikda ayblab kelmoqda.

Yuzaga kelgan bo‘hron bois AQSh va YeI tomonidan Moskvaga joriy qilingan sanktsiyalar va neftь narxining tushishi yil boshidan beri Rossiya rublining ikki barobar qadrslanishiga olib keldi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukraina bo‘yicha tutgan yo‘lidan qaytadigan taqdirda sanktsiyalarni tez orada bekor qilishni taklif qilgan. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 16 dekabrь kuni qilgan chiqishida “prezident Putin tanlagan yo‘lga qarab sanktsiyalar bir necha hafta ichida bekor qilinishi mumkin”, deya bayon qildi.

Putin sanktsiyalar xalqaro qonunlar va Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid kelishini aytishdan to‘xtamayotir.

Putin Ukrainada tinchlik o‘rnatish borasidagi navbatdagi muzokalar “ishtirok etishga doim tayyorligi”ni ta‘kidladi, lekin Rossiya bu bo‘hrondagi siyosatini o‘zgartirishga tayyorligini aniq-tiniq bildirgani yo‘q.

Putin aniq iboralarni ishlatmasdan, Rossiya Ukrainaga qo‘shin yuborganini yana bir bor inkor qildi. U yerda jang qilayotgan har qanday rossiyalik “ko‘ngil chaqiruviga” amal qilgan ko‘ngillilar ekanini iddao qildi.

Bugungi matbuot anjumanida savollar berilishidan avval Putin vaziyatni bezatib ko‘rsatish urinishi o‘laroq, joriy yilda mamlakat iqtisodi o‘sishi va daromad xarajatlardan ko‘ra ancha kattaroq bo‘lishini ham iddao qildi.

Qrim anneksiyasidan keyin Putinning mamlakat ichidagi reytingi misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarildi. Lekin iqtisodiy muammolar uning obro‘yi puturini ketkaza boshladi.

62 yoshli Putin 2018 yilda joriy muddati tugashidan keyin yana prezidentlik kursisi uchun kurashishini ehtimodan soqit qilmadi.

XS
SM
MD
LG