Линклар

Istanbulda o‘zbek imomini o‘ldirishda gumon qilingan kishining shaxsi ochiqlandi


Ozodlik tasarrufidagi hujjatlar orasida Sobir Shukurov nomiga berilgan Rossiya pasporti nusxasi ham bor.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlar orasida Sobir Shukurov nomiga berilgan Rossiya pasporti nusxasi ham bor.

Istanbulda asli o‘zbekistonlik imomning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxs yonidan O‘zbekistonda berilgan haydovchilik guvohnomasi chiqdi. Bu haqda Ozodlikka mazkur jinoyatni taftish qilayotgan tergov guruhi vakili ma‘lum qildi. Shuningdek, Ozodlik ushbu maqolani hozirlashda turkiyalik jurnalist Hamdi Qo‘ch o‘g‘li¸ o‘ldirilish ro‘yxatida bo‘lgan o‘zbek muxolifatchisi Muhammad Solih va Qorasuvdagi masjid imomi Rashod Qori Kamolovlar bilan bo‘lgan suhbatlarga ham tayandi.

Andijonning Shahrixon tumanida tug‘ilgan 39 yashar imom Mirzag‘olib Latifovich Hamidov bundan sakkiz kun oldin Istanbulda otib o‘ldirilgan edi.

Ozodlikka ismi oshkor etilmasligi sharti bilan eksklyuziv suhbat bergan Istanbuldagi terrorizmiga qarshi kurash boshqarmasi zobiti "Qotillik izlari O‘zbekiston va Rossiyaga olib bormoqda", deya ta‘kidladi.

Lekin suhbatdoshimiz qotillik O‘zbekiston va Rossiyadagi qaysi doiralar qotillikni buyurganini aniqlashtirmadi.

Istanbuldagi terrorizmiga qarshi kurash boshqarmasi xodimining o‘z tasarrufidagi ma‘lumotlarga tayanib Ozodlikka aytishicha¸ suiqasdni uyushtirish uchun 20 kishilik guruh Turkiyadan kelgan.

“Bu guruhning O‘zbekiston va Rossiyadan kelgani haqida ma‘lumotlar bor,”- dedi suhbatdosh.

Gumonlanuvchining haydovchilik guvohnomasi

Gumonlanuvchining haydovchilik guvohnomasi

Zobitning aytishicha, bir necha kun avval Istanbuldagi mehmonxonalardan birida o‘zbekistonlik imomning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan shaxs yonidan O‘zbekistonda berilgan haydovchilik guvohnomasi chiqqan.

Unga ko‘ra¸ 30 yashar Sobir yoqubovich Shukurov qotillik "buyurtmachisi", deya gumon qilinmoqda.

Shuningdek, Sobir Shukurov o‘zbek muxolifati yetakchilaridan biri Muhammad Solihga suiqasd uyushtirishga urinishda ham gumon qilinmoqda.

Ayni paytda, Sobir Shukurov yonidan Rossiya pasporti ham chiqqan. Shu bilan birga pasportning haqqoniyligi va gumondorning aynan qaysi davlat fuqarosi ekani o‘rganilmoqda.

Istanbuldagi terrorizmiga qarshi kurash boshqarmasinig ishonishicha, Sobir Shukurov O‘zbekiston xavfsizlik tizimlarida ishlagan bo‘lishi mumkin.

Uning aytishicha, Sobir Shukurov Turkiyaga kelib, suiqasdni amalga oshirish uchun ijrochilarni qidirgan.

Suiqasd ijrochisi, degan gumon bilan 11 dekabr kuni qo‘lga olingan 27 yoshli Ukraina fuqarosi chechen millatiga mansub Zelimxon Maxtiyev va asli asxika turklaridan bo‘lgan Turkiya fuqarosi Eldor Aslandan olingan ma‘lumotlarga tayangan suhbatdosh imomning o‘ldirilishi qay tarzda tashkil qilinganini aytib berdi:

“Sobir Shukurov Turkiya hududida uch kishi, ya‘ni Mirzag‘olib Hamidov, Muhammad Solih va Temur Solihlarga suiqasd uyushtirish uchun Turkiya fuqarosi Eldor Aslan bilan bog‘lanadi. O‘z navbatida Eldor Aslan qo‘lida Ukraina pasporti bo‘lgan chechen millatiga mansub Zelimxon Maxtiyevni topadi. Zelimxon Maxtiyev yollangan qotil vazifasini bajarib 10 dekabr kuni o‘zbekistonlik imom Mirzag‘olib Hamidovga qarab o‘q otadi. Hamidov o‘sha kuni kechga yaqin kasalxonada jon beradi.”

Turkiya xavfsizlik idoralari gumonlanuvchi yonidan topgan hujjatlarning ayirmlari Ozodlik tasarrufiga kelib tushdi.

Mirzag‘olib Hamidovga suiqasdda gumonlanaëtgan shaxs ënidan chiqqan hujjat.

Mirzag‘olib Hamidovga suiqasdda gumonlanaëtgan shaxs ënidan chiqqan hujjat.

Ulardan birida Mirzag‘olib Hamidov haqida mufassal ma‘lumot bor.

Unda 39 yashar imom Mirzag‘olib Latifovich Hamidovnig asosan payshanba¸ juma va shanba kunlari soat 10 dan 21 gacha madrasada bo‘lishi¸ boshqa kunlari esa Marmara dengizi yaqinidagi mavze‘da bo‘lishi yoziladi.

Shuningdek, hujjatda imomning O‘zbekistondagi manzili va oilasi¸ qo‘llaniladigan aloqa vositalari hamda telefon raqamlari qayd etilgan.

“Rus tilida yozilgan bu ma‘lumotlar ko‘magida Zelimxon Maxtiyev 10 dekabr tongida suiqasdni amalga oshirdi va uning navbatdagi nishoni Muhammad Solih va uning o‘g‘li Temur Solih edi,” deb ta‘kidladi Istanbuldagi terrorizmiga qarshi kurash boshqarmasi xodimi.

Suhbatdosh Ozodlik muxbiriga suiqasd tashkilotchilari yonidan topilgan qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etdi.

Mirzag‘olib Hamidovga suiqasdda gumon qilinaëtgan shaxs ënidan chiqqan hujjatda Muhammad Solih uyining xaritasi aks etgan.

Mirzag‘olib Hamidovga suiqasdda gumon qilinaëtgan shaxs ënidan chiqqan hujjatda Muhammad Solih uyining xaritasi aks etgan.

Ulardan birida Temur Solih fotosurati aks etgan, boshqasi esa Muhammad Solihning Istanbul shahar Tuzla tumanidagi hovlisiga borish yo‘llari tasvirlangan xaritadir.

Qotilning qo‘lida Muhammad Solih yashaydigan uyning chizmasi bo‘lganligini Yenı Şafak gazetasi muxbiri Hamdi Qo‘ch o‘g‘li ham Ozodlikka bildirgan edi.

Hamdi Qo‘ch o‘g‘lining aytishicha¸ gumonlanuvchilarni qo‘lga olishda qotillik sodir etilgan joydagi kuzatuv kameralaridan olingan tasvirlar yordam bergan.

Suiqasddan maqtul va boshqalarning xabari bo‘lgan

Ozodlik tasarrufidagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ suiqasd voqeasidan 3 oy oldin qatl ro‘yxatida bo‘lganlarning hammasi xabardor bo‘lgan.

2014 yilning 17 sentabrida muhojirotda yashayotgan imom Muhammad Solih Abutov o‘z radioblogida Istanbulda Buxoriy nomi bilan tanilgan Mirzag‘olib Hamidov bilan suhbatlashadi.

Suhbat davomida Mirzag‘olib Hamidov o‘ziga suiqasd tayorlanayotganini aniq bilishini ta‘kidlaydi:

- Bundan bir oy oldin (2014 yil 17 avgust) ba‘zi kishilar kelib qo‘lida hujjatlar bilan menga qarshi suiqasd tayyorlanayotganligini aytishdi. Ularni qo‘lida jiddiy hujjatlar bor edi. Ammo men Ollohga tavakkul qilib bu haqda Turkiya istixborotiga (Xavfsizlik tizimlariga) xabar bermadim¸ - degan edi o‘limidan ikki yarim oy oldin Mirzag‘olib Hamidov.

Hamidov 12 avgust kuni Istanbuldagi terrorizmiga qarshi kurash boshqarmasi vakillari bilan suhbatlashganini aytadi:

- Istanbuldagi terrorizmiga qarshi kurash boshqarmasi vakillar menga qarab¸ sen nega o‘zinga qarshi suiqasd hozirlanayotgani haqida hech narsa demading deb aytishdi va meni ogoh bo‘lishga hamda kerakli tadbirlarni olishga chaqirishdi¸- degan edi Mirzag‘olib Hamidov.

Turkiyadagi yetakchi va iqtidorga yaqin Yenı Şafak gazetasi muxbiri Hamdi Qo‘ch ham Ozodlik bilan suhbatda bu suiqasd tayyorlanayotgani haqida 3 oy oldin xabar topganini aytgan edi.

Turkiya xavfsizlik idorasi o‘ldiriladiganlar ro‘yxatida bo‘lganini aytayotgan Qorasuvdagi masjid imomi Rashod Qori ham rejalangan suiqasdni uch oy oldin bilganini Ozodlikka aytdi:

Qorasuvlik imom Rashod qori Kamolov.

Qorasuvlik imom Rashod qori Kamolov.

- Suiqasd rejalangani to‘g‘risida, ro‘yxatda 4 kishi borligini eshitgan edim. Bundan taqriban 3 oydan ko‘proq avval eshitgan edik buni xabarini. Bizga xabar yetkazganlarga albatta Abdulloh Buxoriygayam yetkazinglar deb aytgan edik. Abdulloh Buxoriyniyam bu to‘g‘rida xabari bor edi. Shaxsan o‘zimga nisbatan buyurtmani, Qirg‘izistonda yurgan ko‘cha bolalaridan eshitgan edim,- deydi Rashod qori.

Ayni paytda, Rashod qori huquq-tartibot idoralariga o‘ziga nisbatan tahdid borligi to‘g‘risida bildirmaganini aytadi.

O‘ziga va o‘g‘liga nisbatan suiqasd rejalangani haqida bundan 3 oy oldin O‘zbekiston muxolifat arbobi Muhammad Solih ham ogohlantirilgan.

O‘zbek muxolifati arbobi Muhammad Solih

O‘zbek muxolifati arbobi Muhammad Solih

- Uch oy oldin Istanbul politsiyasidan kelib meni suiqasd ehtimolidan ogohlantirishdi. Lekin o‘shanda bunga jiddiy ahamiyat bermagan edim. Voqealarning bunday rivoji bois xozir mening uyim yonidagi havfsizlik tadbirlari ikki marta kuchaytirildi¸- deydi Muhammad Solih.

Tazyiqlar bilan yuzma-yuz

O‘zbekiston muxolifati arboblariga nisbatan hujumlar birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. O‘tgan yilning 24 avgustga o‘tar kechasi Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi o‘qqa tutilgan edi.

Jurnalist Alisher Soipov

Jurnalist Alisher Soipov

2007 yil 24 oktabr kuni taniqli jurnalist, o‘zbek tilida O‘shda chiqadigan "Siyosat" gazetasining noshiri va bosh muharriri, "Amerika ovozi" radiosi muxbiri Alisher Soipov noma‘lum shaxslar tomonidan otib ketilgan edi.

Fuad Rustamxo‘jayev

Fuad Rustamxo‘jayev

​2011 yilning 24 sentabr kuni, o‘zbek muxolifati faollaridan biri Fuad Rustamxo‘jayev Ivanovo shahrida o‘z uyi oldida otib ketilgandi.

Obid qori Nazarov

Obid qori Nazarov

2012 yil 22 fevralь kuni Shvetsiyaning Stromsund shahrida O‘zbekistondagi Karimov rejimini oshkora tanqid qilib kelgan taniqli ulamo Obid qori Nazarovga o‘z uyi pod‘ezdida suiqasd uyushtirilgan edi.

Yaqin tarixga nazar solsak, o‘zbek muxolifat yetakchilarining tahdid bilan yuzma-yuz bo‘lgan holatlari ko‘pligini ko‘ramiz.

2001 yil 15 iyunida Qashqadaryolik muxolifatchi¸ parlament deputati Shovriq Ro‘zimurodov qo‘lga olindi va sal o‘tmay jasadi oilasiga qaytarildi. Shovriq Ro‘zimurodovning tergov davomidagi qiynoq oqibatida o‘lgani aytiladi.

1999 yili O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining terrorizmga qarshi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Botir Tursunov va Interpolning O‘zbekiston bo‘limi boshlig‘i polkovnik Mahmud Xayitovlar, Rossiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan sobiq militsioner Bahrom Mo‘minoxunov ishtirokida Muhammad Solihga qarshi amalga oshmay qolgan suiqasd haqida Ozodlik radiosi rus xizmati maqola e‘lon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG