Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:59

Naqshbandiylikning “soxta piri” shakkoklikda ayblandi


Farg‘ona viloyati sud ijrochilari departamenti rahbari poraxo‘rlikda ayblanib qamaldi. Olmaliqda yolg‘iz qariya 30 ming so‘m uchun o‘ldirildi. Grigoriy Lepsning Toshkentdagi kontserti kolxoz tomoshasiga o‘xshatildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Markaziy saylov komissiyasi: Caylovchilar soni 20,8 milliondan oshdi”

21 dekabr kuni o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovga tayyorgarlik nihoyasiga yetdi (“O‘zbekiston ovozi”, 18 dekabr).

Markaziy saylov komissiyasi rahbari Mirzo Ulug‘bek Abdusalomovga ko‘ra, Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha o‘rtacha 154 ming saylovchi hisobiga 135 ta saylov okrugi, 9035 ta saylov uchastkasi tuzildi. Barcha saylov uchastkalari to‘liq holga keltirilgan.

Uchastka saylov komissiyalari saylovchilarning to‘liq ro‘yxatini tuzgan bo‘lib, ular 20 million 895 ming 572 nafarni tashkil etdi.

“Farg‘ona viloyati sud ijrochilari departamenti rahbari poraxo‘rlikda ayblanib qamaldi”

Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta‘minlash departamenti Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi rahbari To‘lqinjon Jo‘rayev poraxo‘rlik bilan shug‘ullanib kelgani va katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj qilgani aniqlandi (“Huquq”, 18 dekabr).

Jo‘rayev, masalan, xizmat vazifasini bajarish evaziga Farg‘ona viloyati energiya markazidan 3000, “Farg‘ona erkin savdo” jamiyatidan 2500 dollar pora olgan. Bundan tashqari, 80 million so‘mga yaqin mablag‘ni talon-taroj qilgan.

Hududiy boshqarmada xodimlarni yuqoriroq lavozimlarga o‘tkazish uchun ham “stavka” asosida pora olingan. Qayd etilishicha, Jo‘rayevga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha viloyat sud ijrochilari idoralarining yana o‘nga yaqin mansabdori qamalgan.

“Naqshbandiylikning soxta piri shakkoklikda ayblandi”

O‘zini naqshbandiylik tariqatining piri deb e‘lon qildi qozog‘istonlik Qurbonali Ahmedov yolg‘on da‘volar bilan chiqmoqda. Toshkentda esa uning “xalifalari” paydo bo‘lmoqda (“Darakchi”, 18 dekabr).

Qayd etilishicha, Qurbonali Ahmedov “Ruhnoma” deb nomlangan kitobida o‘zini “Olamlarning qutbi”, “Olamlarning sohibi” deb e‘lon qilgan. Gazetaga ko‘ra, o‘zini olamlarning egasi deb e‘lon qilish islom dinida taqiqlangan shirk sanaladi.

Aytilishicha, Q.Ahmedovning “Nimaga hozir arvohga, jonga, Ruhga, Ruhoniyatga, Nurga, Pirga imon keltirgan ota-bobolarimizning ishonchini tark qilyapsiz?” degan fikrlari “shakkoklik” va “dindan chiqish”dir.

“Eng yomoni, mamlakatimizda ham ana shu Qurbonali Ahmedovni naqshbandiya tariqatining “piri murshidi” sifatida ko‘rib, unga ko‘r-ko‘rona ergashayotgan, tez-tez uning ziyoratiga – suhbatiga borib kelib turadigan kishilar toifasi shakllandi”, deyiladi gazeta maqolasida.

“O‘zbekistonda sun‘iy urug‘lantirish taqiqlangan”

O‘zbekistonda sun‘iy urug‘lantirish taqiqlangan, aniqrog‘i, bu amaliyotga izn beradigan qonun yo‘q (“Oila davrasida”, 18 dekabr).

Bu haqda Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi direktori o‘rinbosari Ro‘ziqul Fozilbekov ma‘lum qiladi. Farg‘onalik fuqaro Ravshanoy Yusupov ikki qizdan keyin sun‘iy urug‘lantirish orqali o‘g‘il ko‘rish niyatida ekanini bildirgan.

“Biroq bizda sun‘iy urug‘lantirish texnologiyalari yo‘q. Chunki bizda sun‘iy urug‘lantirishning huquqiy asosi yo‘q. Ya‘ni bunga ruxsat beradigan qonun qabul qilinmagan. Buni faqat xorijda amalga oshirish mumkin”, degan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi direktori o‘rinbosari Fozilbekov.

“Grigoriy Lepsning Toshkentdagi kontserti “Qizil oktyabrь” kolxozi sut sog‘uvchilari uchun uyushtirilgan tomoshaga o‘xshatildi”

Rossiyalik xonanda Grigoriy Lepsning Toshkentda o‘tgan kontserti tanqidlarga sabab bo‘ldi (“Noviy vek”, 18 dekabr).

Avvalo, kontsert chiptasi olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketgan va chiptalar oldingi qatorlar uchun 100 ming so‘mdan oshiqqa pullangan.

“Kontsert tashkilotchilariga qayerga qaragan bilmaysiz! San‘atkorlar “Qizil oktyabr” kolxozining sut sog‘uvchilariga tomosha ko‘rsatgani kelgan go‘yo. Sahnaning ko‘rinishi abgor ahvolda... Qo‘shiqchining ortidagi almisoqdan qolgan ekranda naridan-beri olinayotgan tasvirlarni ko‘rish mumkin, aftidan, professional s‘yomkadan bexabar havaskor dastyor tasvirga olayotgan edi”, deb yozadi gazeta.

Kontsert davomida, shuningdek, ovoz rejissyorining no‘noqligi pand bergan. Qo‘shiqchining o‘zi ham avvalgi diskidagi qo‘shiqlarini takrorlash bilan cheklangan.

“Olmaliqda yolg‘iz qariya 30 ming so‘m uchun o‘ldirildi”

Yolg‘iz qariyalarni to‘nash, firibgarlik va qotillik jinoyatlarida ayblangan olmaliqlik Jamshid Soatov 20 yilga, Sardor Uchqunov 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

“Huquq” gazetasi xabariga ko‘ra, ikki sudlanuvchi o‘zini kommunal xizmatlar vakili sifatida tanishtirib o‘nga yaqin yolg‘iz qariyani to‘nab ketgan, qotillik jinoyati ham sodir etgan. Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 85 yoshli Gazalina Sharapovani uyida bo‘g‘ib o‘ldirishgan.

Marhumaning hamyonidan esa bor-yo‘g‘i 30 ming so‘m pul topishgan. Qayd etilishicha, jiyani Uchqunovni jinoyatga boshlagan Soatov avval ham ikki bora qamalgan.

“Qarshilik qiz bo‘lajak eri o‘z familiyasiga majburlab o‘tkazayotganidan arz qildi”

Qarshilik Nigora Malikova yaqinda turmush qurishi, bo‘lajak kuyov uni o‘z familiyasiga o‘tkazishga majburlayotganidan shikoyat qilgan (“Adolat ko‘zgusi”, 18 dekabr).

Toshkent shahar 1-nikoh uyi xodimi Dilafro‘z Ahmedovaga ko‘ra, familiya tanlash er va xotinning shaxsiy huquqi sanaladi. Nikoh tuzish vaqtida er va xotin o‘z xohishi bilan eri yoki xotinining familiyasini umumiy familiya qilib tanlaydi yoki ularning har bir o‘z familiyasida qoladi.

Mabodo er yoki xotin familiyasini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, u holda doimiy yashash joyidagi FHDYo bo‘limiga murojaat qiladi.

XS
SM
MD
LG