Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda bola sotib olish haqidagi e‘lon bahslarga sabab bo‘lmoqda


Bahslarga sabab bo‘lgan e‘lon “Tomchi” gazetasining 16 dekabr kungi sonida chop etilgan.

Bahslarga sabab bo‘lgan e‘lon “Tomchi” gazetasining 16 dekabr kungi sonida chop etilgan.

Qirg‘izistondagi mahalliy gazetalarning birida “bola sotib olaman” degan e‘lonning chop etilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. "Tomchi" gazetasi tahririyati e‘lon xato ketganini aytmoqda. Kuzatuvchilar esa Qirg‘izistonda qonuniy tarzda bola boqib olish o‘ta mashaqqatli bo‘lgani bois bola savdosi tez-tez uchrayotganini aytishadi.

Qirg‘iz tilida chop etiladigan “Tomchi” gazetasining so‘nggi sonida “bir yarim yoshgacha bo‘lgan qiz bola sotib olaman” degan e‘lon chop etildi. E‘lonning surati Feysbuk va Tvitter tarmoqlari foydalanuvchilari tarafidan keng tarqatilib, voqea ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati faollari tomonidan qizg‘in muhokama etilmoqda.

Mamlakat Ichki ishlar vaziri matbuot xizmati xodimi Ernis O‘smo‘nbayev vazirlikning Jinoiy tergov boshqarmasi bu voqea yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazayotganini ma‘lum qildi. Uning aytishicha, hozircha bola sotib olish haqidagi e‘lonni kim va nima maqsadda bergani aniqlanmagan.

- Jinoiy tergov boshqarmasi xodimlari hozir bu borada ish olib borishmoqda. Hozircha e‘lonni bergan shaxs aniqlanmagan. Gazetaning nima uchun odam savdosiga oid e‘lonni nashrga bergani hozircha tushunarsiz,- dedi O‘smo‘nbayev.

E‘londa buyurtmachining telefon nomeri ham ko‘rsatilgan, biroq Ozodlik muxbirining ushbu telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish urinishlari besamar ketdi – qo‘ng‘irog‘imizga hech kim javob bermadi. Buning uddasidan chiqqanini iddao qilgan “24.kg” nashrining bildirishicha, buyurtmachi o‘zini 48 yoshdagi Venera ismli ayol ekanini va eri bilan boqib olish uchun qizcha izlayotganini aytgan.

"Bizning oilamiz juda yaxshi. Erim militsioner, o‘zim esa shifokorman. Yoshim 48da. Ikkita bolamiz katta bo‘lib qoligani uchun kichkina qizni boqib olmoqchimiz", deya iqtibos keltiradi “24.kg” nashri.

Nashrning yozishicha, Venera o‘zini bola sotmochqi bo‘lgan yosh juvon deb tanishtirgan jurnalistga bola uchun qancha pul berishini aytolmagan, biroq unga qo‘nrg‘iroq qilayotganlar 10-15 ming qirg‘iz so‘mi (170-250 dollar) so‘rashayotganini bildirgan.

Bahslarga sabab bo‘lgan e‘lonni chop etgan “Tomchi” gazetasi muharriri Janar Qambaraliyev Ozodlik bilan suhbatda, e‘londa xato ketib qolganini, gazetaning keyingi sonida bu borada tushintirish berilib, mushtariylardan kechirim so‘ralishini aytdi.

- Reklama bo‘limidagi qizimiz “boqib olaman” degan jumlani “sotib olaman” deb yozib olibdi. Keyingi sonimizda xalqdan kechirim so‘rab, to‘g‘rilab chiqaramiz. Endi “bola boqib olaman” deb e‘lon bersa yaxshida. Yetim yurgan bolalar ota-onali bo‘lib qolishadi,- deydi Qambaraliyev.

Biroq mutaxassislar Qirg‘izistonda bola asrab olish bo‘yicha qonunlar borligi va ularga rioya qilmaganlar javobgarlikka torlishi aytishadi.

Qirg‘izistondagi “Bedarak yo‘qolgan bolalarning ota-onalari” jamoatchilik uyushmasi rahbari Baqit Egemberdiyev Qirg‘izistonda noqonuniy bola savdosi chuqur ildiz ortganini aytadi. Unga ko‘ra, hukumatning tashlandiq yoki yetim qolgan bolalarni asrash, ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yetarlicha ish olib bormayotgani bunga sabab bo‘lmoqda.

- Hukumatning yetim bolalarni asrash bo‘yicha siyosati yo‘q. Shuning uchun ham bizda bola savdosi rivojlanib ketgan. Bola asrab olmoqchi bo‘lgan o‘zimizning fuqarolarimiz qator qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ko‘pchilik ota-onalar qo‘yilgan shartlardan o‘tolmay qolishadi. Bizda yetim bolalar, yo‘qolib qolgan bolalar xavfsizligini hech qim muhofaza qilmaydi. Bunday e‘lonlarni bolaga muxtoj bo‘lganlar ilojsizlikdan yozishadi. Hukumatning yagona dastur ishlab chiqa olmagani sabab bola savdosiga chek qo‘yilmayapti, - dedi Baqit Egemderdiyev.

Qirg‘izistonning Ijtimoiy taraqqiyot vaziri Qudaybergen Bazarbayev yuqorida aytilgan fikrga qo‘shilmaydi. Unga ko‘ra, vazirlik bu borada qator chora-tadbirlar olib bormoqda. Vazir gazetalardagi “bola sotib olaman” yoki “boqib olaman” degan e‘lonlar qonunga zid ekanini aytib, bunday holatlarga nisbatan tegishli organlar chora ko‘rishlari kerak ekanini ta‘kidlaydi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, Qirg‘izistonda bola asrab olmoqchi bo‘lganlarning soni oz emas. Yangi tug‘ilgan bolalarni asosan tug‘olmaydigan ayollar yoki bola ko‘rmagan ota-onalar boqib olishadi. Bunday fuqarolarning bola asrab olishdagi asosiy muammosi qog‘ozbozlik ekani aytiladi.

Kuzatuvchilar bola savdosi o‘zbekistonliklar, ayniqsa Rossiyada mehnat qilayotan o‘zbek muhojirlari orasida ham keng tarqalganini aytishadi. Dekabr oyi boshida Sankt-Peterburg shahrida 9 oylik chaqalog‘ini 25 ming rublga sotishga uringan 24 yoshli o‘zbekistonlik ayol 3 yarim yilga qamalgan edi.

XS
SM
MD
LG