Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:25

2014 yilda Rossiya media mashinasi G‘arbga qarshi yo‘naltirildi


2014 yil Rossiya ommaviy axborot vositalarining o‘z propagandasini mamlakat hududidan tashqarida yoyishni kuchaytirgan yil sifatida tarixga kirdi. Mamlakat aholisi uchun mo‘ljallangan ichki propaganda rossiyaliklarni Kreml siyosati mutlaq to‘g‘riligiga ishontirishni maqsad qilgan bo‘lsa¸ xorijda bu propaganda jamoatchilikni fikrini chalg‘itishni ko‘zladi.

2 may. Odessa. Vrach rossiyaparast namoyishchilarni qutqarishga urinmoqda. Shahar kasabachilar uyida qopqonga tushganlardan 40 nafardan oshig‘i ko‘p o‘tmay nobud bo‘ladi.

- Men doktor sifatida qutqarish mumkin bo‘lganlardan biriga yordam berib¸ hayotini saqlab qolishga urindim. Ammo Ukraina radikal-natsistlari menga bunday imkon berishmadi. Ulardan biri meni kuch bilan chetga itardi va tez orada Odessadagi menga o‘xshagan yahudiylarni ayni taqdir kutayotganini va‘da qildi ¸ deb yozadi o‘z Facebook sahifasida Ukraina hukumati tepasidagilarni og‘izga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqoratlagan shaxs.

Odamni to‘lqinlantiradigan bu hikoyaning mutlaq to‘qima va yolg‘onligi ko‘p o‘tmay fosh bo‘ldi. Odessalik vrach haqiqatda bor bo‘lib chiqdi¸ ammo bu yolg‘onni Facebookka qo‘ygan shaxsning Odessadan 2000 kilometr masofada choylashgan Qorachoy-Cherkes respublikasidagi tish do‘xtiri suratini o‘g‘irlagani ayon bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay rossiyaparast namoyishchilarning ukrain natsistlari tomonidan qirg‘in qilingani haqidagi bu yolg‘on hikoya muallifi Facebookdan g‘oyib bo‘ldi. Ammo aytilgan so‘z – otilgan o‘q – bu yolg‘on va tuhmat ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqab¸ jamoatchilikni chalkashtirmay qolmadi.

2014 yilda Kreml tomonidan moliyalashtirilayotgan ommaviy axborot vositalari o‘z ko‘lamini global maydonga yoygan yilga aylandi va G‘arbga qarshi ochiq axborot urushiga o‘tdi.

Rossiya telekanallari¸ Internet nashrlari o‘z propagandasining asosiy nishoni sifatida “tarixan o‘z ta‘sir doirasida bo‘lib kelgan hududlardagi manfaatlarini qat‘iy turib himoya qilishga qaror qilgan Rossiyadan uyatsizlarcha o‘ch olayotgan G‘arb”ni tanladi.

Kreml ko‘rsatmasi bilan harakatga tushgan yuzlab¸ minglab Internetdagi yolg‘on tarqatuvchilar ijodi hech bir filьtrsiz darhol davlat telekanallari ekranlariga ko‘chdi.

Xususan¸ Rossiyadagi uch asosiy davlat tekelanalining muntazam tomoshabinlari uchun go‘yo sharqiy Slavyanks shaharchasida Ukraina askarlarining uch yashar rus bolasini chorcho‘pga qoqqani, Ukrainada mamlakat sharqidagi ruslar uchun kontslagerlar qurilayotgani¸ Kiyev yangi rasmiylarining shaytonparastlar bilan til biriktirgani haqidagi lavhalar qayta-qayta namoyish qilindi.

Bu kadrlarning mutlaq uydirma va studiya mahsuli ekani ko‘p o‘tmay fosh bo‘lganiga qaramay¸ Levada markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra¸ asosiy xabarlarning 94 foizini televizordan olishini aytgan rossiyaliklardan 50 foizga yaqini davlat telekanallarida namoyish etilayotgan bu kabi yolg‘onlarga ishonishlarini bildirdi.

“Rossiya” telekanalining yetakchi jurnalisti sanalgan Andrey Kondrashov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda davlat ommaviy axborot vositalari va jurnalistika rolining birlashib ketganidan faxrlanishini bildirdi:

- Men bu ikki tushuncha o‘rtasiga keskin chegara qo‘ymagan bo‘lardim. Chunki ikkita har xil tsivilizatsiya o‘rtasida haqiqiy qarama-qarshilik borayotgan hozirgidek vaziyatda bu ikki tushuncha bir butunga aylanadi. Hozirda axborot dunyosidagi eng qulay propaganda vositasi aynan jurnalistikadir¸ dedi Kondrashov.

Rossiya va rus tilidagi axborot maydonida qolayotgan aksar postsovet hududiga voqea-hodisalarning Kremlь prizmasidan ko‘riladigan tasvir va sharhini taqdim qilib kelgan davlat mediasi¸ G‘arb bilan yangi Sovuq urush boshlanishi ortidan xorij jamoatchiligiga mo‘ljallangan tashviqotni kuchaytirishga zo‘r berdi.

Rossiyani AQShni sanoqli daqiqalar ichida yadroviy kukunga aylantirishga qodir yagona davlat deb atagan Dmitriy Kiselyov¸ o‘z haftalik dasturini “Sputnik” deb nomlangan yangi axborot agentligiga aylantirdi. Uning iddaosicha¸ 2015 yil oxiriga borib “Sputnik” dunyoning 34 davlatiga 30 tilda eshittirishni yo‘lga qo‘yadi.

Russia Today deb nomlangan kremlparast telekanal byudjetining kelasi yilda 280 million dollarga chiqarilgani e‘lon qilindi.

Kreml propagandasi quroli bo‘lgan bu axborot vositalari o‘z auditoriyasi fikrini o‘zgartirish emas¸ ularni sarosimaga tushgan passiv holatda ushlab turishni maqsad qilgan¸ deydi Prinston universiteti hozirlagan “Noreallik tahdidi” nomli hisobot mualliflaridan biri Piter Pomerantsev:

- Kremlь2008 yildan beri har qanday axborotga qurol sifatida qarab kelmoqda. Kreml uchun axborot insonni nimagadir ishontirish yoki piar vositasi emas. U axborotga o‘z raqibini saflarini to‘zitish¸ uning kommunikatsiyasini ishdan chiqarish¸ raqibni aldab¸ qopqonga tushirish vositasi sifatida qaraydi¸ deydi Pomerantsev.

Kuzatuvchilar ta‘kidicha¸ Kreml axborot mashinasi umumiyatla Ukrainadagi voqealar¸ xususan¸Malayziya yo‘lovchi uchqichining Ukraina sharqida qulab tushishi haqida G‘arb jamoatchiligini chalg‘ituvchi mish-mishlar tarqatishga zo‘r berdi.

Bu urinishlar turli manbalardan axborot olish imkoni cheklanmagan G‘arbda aytarlik muvaffaqiyat keltirmagan bo‘lsa-da¸ kuzatuvchilar 2014 yil davomida Rossiya axborot makonida qolayotgan O‘zbekiston kabi postsovet davlatlari aholisining kattagina qismini o‘z ta‘siriga olganini ta‘kidlamoqdalar.

XS
SM
MD
LG