Линклар

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Toshkent vaqti bilan soat 10 ga qadar saylov ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning 34 foizi uchastkalarda ovoz berib bo‘lgani haqida ma‘lumot tarqatdi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar to‘g‘risida”gi qonunning 44-moddasiga muvofiq, parlament saylovida saylovchilarning 33 foizi ishtirok etishi rasmiylarning “saylov bo‘lib o‘tdi” deya xulosa chiqarish uchun yetarlidir.

Bugun o‘zbekistonliklar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy hokimiyat kengashlariga deputat saylash uchun ovoz bermoqda.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining xabar qilishicha, 21 dekabr kuni ertalab soat 6.00 dan mamlakatdagi 135 saylov okrugidagi barcha saylov uchastkalari ochilgan.

Bu gal 8991 saylov uchastkasida ovoz berishda ishtirok etish uchun 20 million 789 ming 572 nafar saylovchi saylov ro‘yxatlariga kiritilgan. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi qaydiga ko‘ra, saylov uchastkalari ochilganidan keyin o‘tgan to‘rt soat mobaynida saylovchilarning uchdan biri yoki 7 milliondan ko‘proq saylovchi ovoz berishga ulgurgan.

Toshkent vaqti bilan soat 13 ga qadar esa, O‘zbekiston MSK raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovga ko‘ra, 51 foizdan ziyod saylovchi ovoz berib bo‘lgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, o‘zbekistonliklar bugun saylovda ovoz berish huquqidan soat 20.00 ga qadar foydalanishlari mumkin.

Ayni paytda o‘zbekistonlik ayrim saylovchilar mahalliy saylov komissiyasi mas‘ullari ishni to‘g‘ri tashkil etolmagani tufayli ovoz berishga bormaganini aytmoqdalar. Xususan, toshkentlik Abduqahhor akaning aytishicha, uning uyida ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 9 kishi bo‘lganiga qaramasdan, ulardan birortasiga chaqiriq qog‘ozi kelmagan.

- Bizga qog‘ozini ham bergani yo‘q. O‘zlari belgilashvorsa kerak-da. Ko‘p joyda bolalar aytayapti: “(saylovga chaqiriq qog‘ozi) bermayapti, kelmagan ham”, deydi. Ayniqsa, mana bu Qibray tumanida bolalar bor. O‘shalar: “Voobshe kelmadiyam”, deyishdi, - dedi Abduqahhor aka.

Surxondaryolik Bobomurod aka esa bunaqa muammoga duch kelmabdi va ertalab o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan saylov uchastkasiga borib, o‘zi tanlagan nomzod uchun ovoz berib kelibdi.

Jizzaxlik Turdimurod aka ham saylov uchastkasiga borgani, u yerda ovoz berish uchun navbatda turgan tumonat odamga duch kelgani, odamlarning kayfiyati ko‘tarinki ekanini aytdi.

Biroq samarqandlik Xoliqnazar aka fikricha, saylov kuni kayfiyat ko‘tarinki bo‘lishiga sabab bo‘ladigan omilning o‘zi yo‘q. U kishi bilan qosh qorayishiga yaqin suhbatlashdik.

- Saylovga o‘zi ikkilanib o‘tirgandim: “Boraymi, bormaymi” deb. Bormaslikka ko‘proq moyil edim. Haqiqatan, bormay o‘tiribman. Bunga asosiy faktor saylovning saylov emas, tayinlov ekanligidir. Bundan tashqari, o‘zi tashqariga chiqishga sog‘lig‘imning mazasi ham yo‘q. Shuning uchun borganim yo‘q, bormoqchi ham emasman, - dedi samarqandlik Xoliqnazar aka.

Eslatib o‘tamiz, parlament saylovlarida qatnashish uchun O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi to‘rt partiya - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi kabilarni ro‘yxatga olgan. Bu partiyalardan saylovda ishtirok etish uchun 535 nomzod ko‘rsatilgan.

Ayni paytda muxolifatdagi “Erk” va “Birlik” partiyalari hamda “Birdamlik” harakati vakillari parlament saylovida ishtirok etmayapti. Ayrim muxolifatchilar bu saylovlarni boykot qilish chaqirig‘i bilan chiqqan bo‘lsalar, ayrimlari saylovga norozilik o‘laroq oq kiyim kiyishga, boshqalari esa o‘z tarafdorlarini demokratiyaga moyilroq nomzodlar uchun ovoz berishga chaqirmoqdalar.

O‘zbek rasmiylari galdagi parlament saylovini kuzatish uchun Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerikaning 50 dan ortiq davlatidan kuzatuvchilar kelganini iddao qilmoqda.

Ayni paytda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik muassasalar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi matbuot vakili Reychel Bending avvalroq Ozodlikka 21 dekabr kuni o‘tkazilajak saylovga YeXHT to‘laqonli kuzatuvchilar hay‘atini yubormasligini bildirgandi.

- YeXHT O‘zbekistondagi saylovda musobaqa muhiti cheklangani sababidan to‘laqonli kuzatuvchilarni yuborishga ehtiyoj yo‘q, deb hisoblaydi, - degandi Reychel Bending.

O‘zbek rasmiylari ma‘lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan saylovni yoritish uchun 340 dan ziyod chet ellik jurnalist akkreditatsiyadan o‘tgan.

XS
SM
MD
LG