Линклар

Xulosalar: Saylovchilar passiv, saylatuvchilar agressiv bo‘ldi


O‘zbekiston Axborot agentligi prezident Islom Karimov Toshkent shahridagi 644-sonli uchastkada ovoz berganini xabar qildi.

O‘zbekiston Axborot agentligi prezident Islom Karimov Toshkent shahridagi 644-sonli uchastkada ovoz berganini xabar qildi.

21 dekabr - O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy hokimiyat kengashlariga deputatlikka saylov kunida Toshkent shahridagi bir necha saylov uchastkasida bo‘lgan mustaqil jurnalist qonunbuzarlikka guvoh bo‘lmagani, ammo ovoz beruvchilarning passivligi kuzatilganini qayd etdi. 20 yillik tajribaga ega huquqshunos esa bu yilgi saylovlarni "agressiv o‘tmoqda", deb baholadi. Ozodlikning ba‘zi mushtariylari oilasi nomidan ovoz berishga borgan kishilar qaytarilganini hikoya qildi. Bu maqolada saylov haqidagi xulosalar jamlandi.

Militsioner va kuzatuvchilar ko‘p bo‘ldi

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov Toshkent shahridagi 3 ta saylov uchaskasida bo‘ldi va ovoz berish jarayonini kuzatdi.

Jurnalist xulosasiga ko‘ra, ovoz berish jarayonida saylovchilarning passivligi kuzatilgan:

- Men kunning birinchi yarmida Toshkentdagi 370-sonli saylov uchastkasida ovoz berdim. Avvalgi saylovdan farqli ravishda bu gal militsiya xodimlari ko‘p bo‘ldi. Ertalab soat 11 yarimlarda ham saylovchilar ro‘yxatining kattagina qismi bo‘sh turganiga guvoh bo‘ldim. Shu bois, Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning Toshkent vaqti bilan soat 13 da saylovchilarning 50 foizdan ortig‘i ovoz berib bo‘ldi, degan bayonoti men uchun shubhali tuyuldi. Lekin, umumiyatla saylov tinch, qonunbuzarliklarsiz o‘tdi, zero, saylovda muxolif partiyalar ishtirok etmagach, bundan boshqa natijani kutish mumkin emas edi, - deydi jurnalist.

Markaziy saylov komissiyasi mahalliy vaqt bilan soat 10 da ertalab soat 6.00 da ochilgan jami 135 saylov okrugidagi uchastkalarda saylovchilarning 34 foizdan ortig‘i ovoz berib bo‘lganini e‘lon qildi.

Mahalliy kuzatuvchilar soni ko‘p bo‘ldi

Bu galgi saylovda kuzatuvchilar sonining ko‘pligi ham jurnalist e‘tiborini o‘ziga tortdi:

- Deyarli hamma saylov uchastkalarida kuzatuvchilarning 15-18 kishilik guruhi o‘tiribdi. "Kuzatuvchilar guruhi", deb maxsus joy ajratilgan. Kuzatuvchilar, asosan, shu mahalla qo‘mitalari, turli tashkilotlar va boshqa jamoatchilik organlari orasidan kuzatuvchi maqomini olgan shaxslar, ya‘ni o‘zimizning kuzatuvchilar. Lekin, bir necha yirik uchastkalar, masalan prezident Karimov ovoz bergan 644-sonli uchastkada esa G‘arbdan borgan, masalan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari ham bo‘ldi, - deydi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston Axborot agentligi bergan xabarga ko‘ra, bu galgi saylovni "dunyoning ellikdan ziyod davlati va besh xalqaro tashkilotdan borgan 300 dan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchi" kuzatgan.

Bundan tashqari, saylov jarayonini deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatgan "siyosiy partiyalarning 70 mingdan ziyod kuzatuvchi va vakolatli vakili" ham kuzatgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, siyosiy partiyalarning "vakolatli vakillari" saylov uchastkalarida ovozlarni sanash jarayonida ham qatnashadi.

Bu galgi saylov agressiv o‘tdi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi huquqshunos bu galgi saylovda aholini ovoz berishga majburlash holatlariga guvoh bo‘lganini aytdi.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan 20 yillik yurist xulosasicha, u yashaydigan mahallada saylov komissiyalari vakillari ovoz beruvchilarga nisbatan "agressiv munosabat"da bo‘lgan:

- Bu saylov agressiv bo‘ldi. Aholini ovoz berishga majburlashdi. O‘qituvchilar, mahalla qo‘mitalari xodimlari yoki hokimiyat xodimlari, ba‘zilari yosh-yosh qizchalar: "Ovoz berishga chiqmasangiz bo‘lmaydi, bormasangiz bo‘lmaydi, hokimiyatdan topshiriq bor, majbursizlar", deydi. Vaholanki, odamlarda qiziqish yo‘q, xohish yo‘q, - deydi yurist.

Olmazorda Shayxontohur nomzodlari reklama qilindi

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan toshkentlik saylovchi u yashaydigan hududdan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlarni tanimasligi, muhimi, ularning plakat va e‘lonlarini ham ko‘rmaganini aytmoqda:

- Avvalgi saylovda, hech bo‘lmasa, saylovchilarning plakatlari osilgan edi, suratlari bilan. Bu yil plakatlarini ham ko‘rmadik. Olmazor tumanida, aksincha, Shayxontohur tumaniga ko‘rsatilgan nomzodlarning e‘lonlari turibdi. Biz birorta nomzodni tanimaymiz. Chilonzorda yashaydigan kimdir Olmazorga nomzod qilib ko‘rsatilgan, - deya e‘tiroz qildi toshkentlik yurist.

Bu galgi parlament saylovlarida qatnashish uchun O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 4 partiya - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi kabilarni ro‘yxatga oldi.

Bu partiyalardan saylovda ishtirok etish uchun 535 nomzod ko‘rsatildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik harakati Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi va hududiy bo‘linmalari vakillari tomonidan Qonunchilik palatasiga 15 nafar deputat yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

Oila nomidan borgan kelinchakni qaytarishdi

Qarshi tumanidan OzodMikrofonga bog‘langan qashqadaryolik Davron uning oilasi nomidan ovoz berishga borgan kelinoyisi ortga qaytarilganini aytdi:

- Men, onam, dadam bormadik. Akam Rossiyada. Hammamiz uchun yangam borgan edi: "Hamma o‘zi uchun o‘zi ovoz beradi" deb qabul qilishmabdi. Lekin men shunda ham bormadim, maxsus bormadim. Bizning rayondan bir Mohira degan o‘qituvchi nomzodni taniyman. Lekin u kishining qo‘lidan ham nima kelardi?! Chunki, foydasi yo‘q bu saylovning. Hech bo‘lmasa, svet-gazni hal qilib berishsa ham, ovoz bergan bo‘lardim, - deydi qarshilik 26 yashar saylovchi Davron.

Bu gal 8991 saylov uchastkasida ovoz berishda ishtirok etish uchun 20 million 789 ming 572 nafar saylovchi saylov ro‘yxatlariga kiritildi.

Quyida saylov haqida Ozodlikka bildirilgan xulosalarni tinglashingiz mumkin:

Natija 22 dekabr kuni e‘lon qilinadi

O‘zA agentligining yozishicha, O‘zbekiston va "chet el ommaviy axborot vositalari vakillariga 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining dastlabki yakunlari e‘lon qilinishi ma‘lum qilindi".

XS
SM
MD
LG