Линклар

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida bir oydan buyon ushlab turilgan rossiyalik ikki haydovchi yonida ikki dona diniy kitob borligi uchun qo‘lga olingan. Haydovchilarning Ozodlikka aytishicha, ularga ayblov e‘lon qilinmagan, lekin uy qamog‘ida saqlanayotgani sabablari ochiqlanmagan.

O‘zbek chegarachilari: “Bizda diniy narsalar ta‘qiqlangan”

Joriy yilning 28 noyabrida O‘zbekistonning "Dovud-ota" bojxona nazorat punktida arab tilidagi ikkita kitobi borligi aniqlangan “Volvo” rusumidagi katta yuk mashinasi haydovchilari ushlab qolindi. Ular “Yugtrans” shirkati vakillari rossiyalik 39 yoshli Magomedsayid Xasayev va 21 yoshli Alisultan Abakarov ekani aniqlandi.

Ozodlik bilan suhbatda asli Dog‘istonning Mahachqal‘asidan ekanini gapirgan Magomedsayid Xasayev bu kitoblar uning yurtida bemalol sotilayotgani va ular taqiqlangan kitoblar ro‘yxatida emasligini aytdi:

- Shirkatimiz bizga Gruziyadan O‘zbekistonga mandarin yetkazish vazifasini berdi. O‘zbekistonning “Dovud-ota” chegara postiga yetib bordik va u yerdagi tekshirish paytida mendan “Kitoblar bormi?”, deb so‘rashdi. Men Dog‘istonning Islom universitetini bitirganman va o‘sha yerdan qolgan ikkita kitob bor edi. “Bor”, dedim. Men chegarachiga berdim. Bu kitoblar oddiy diniy islom aqidalariga bag‘ishlangan asarlar, shariat qonunlariga. Ular “vahobbiy” emas. Keyinroq ular o‘zlari ham kitoblar “toza” ekanini tan oldi. Meni va sherigimni telefonida bitta-ikkita diniy masalalarga bag‘ishlangan imomlarimizning intervьyulari bor edi – uni ham olib ketishdi ekspertizaga deb,- deydi Magomedsayid.

Dog‘istonlik haydovchi kitoblar va telefonlar Toshkentga maxsus ekspertizaga yuborilgani, Toshkentdan ular bilan suhbatlashgani hatto xavfsizlik xodimi kelib ketganiga qaramasdan, ular salkam bir oydan buyon hujjatsiz ushlab turilganini ma‘lum qildi:

- Bizni qo‘shni shahar – Nukusga jo‘natishdi. Avval bu yerda bir haftacha saqlashdi. Toshkentdan tergovchi ham, prokuratura vakillari ham keldi. Hozir hech narsa tushunib bo‘lmaydi: biri “parvo qilmang – jarima to‘laysiz, xolos”, ikkinchisi “bu yaxshilik bilan tugamaydi”, deyapti. Ular “Bizda diniy narsalar ta‘qiqlangan”, deyapti. Biz Rossiyaning O‘zbekistondagi konsullikka ham murojaat qildik: ular yordam bera olmasligini aytmoqda. Nima qilish va kimga murojaat qilishni bilmasdan o‘tiribmiz,- deydi hatto ish beruvchisi nima sababdan shirkat haydovchilari O‘zbekistonda ayblov e‘lon qilinmasdan ushlab turilganini aniqlay olmayotganini gapirgan Magomedsayid Xasayev.

Magomedsayid ular hozirda Nukus shahrida ijaraga kvartira olib turgani va o‘zbek huquq-tartibot idoralari ularning taqdirini hal etishini kutib o‘tirganini ma‘lum qildi.

Suhbatdosh mandarinlarni sotib olgan o‘zbekistonlik tadbirkor ham moddiy zarar ko‘rgan, yuk esa shu atrofdagi omborlardan biriga to‘kilgan, dedi.

"Memorial" Rossiya fuqarolarini himoyasiga oldi

Moskvadagi “Memorial” Inson huquqlari himoyasi tashkiloti a‘zosi, asli o‘zbekistonlik huquq faoli Bahrom Hamroyev dog‘istonlik haydovchilar taqdiridan “Memorial” xabar topgani va ularni o‘z himoyasiga olganini aytdi.

“Hozirda biz Rossiya fuqarolari Magomedsayid Xasayev va Alisultan Abakarovlarning O‘zbekistonda noqonuniy ushlab turilgani yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Rossiyaning O‘zbekistondagi konsulligiga maxsus murojaatnoma yubordik”, deydi Bahrom Hamroyev Ozodlikka.

- Ikki yigit masalasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi departamenti boshlig‘i bilan va Rossiyaning O‘zbekistondagi konsuli bilan gaplashdim. Ular haqida axborot berildi, xullas ular taqdiri bilan shug‘ullanishni va‘da berishdi. Ularning yonidan chiqqan kitoblar Toshkentga ekspertizaga jo‘natilgan, ular so‘roq qilingan, ammo ularning keyingi holatiga aniqlik yo‘q. Na bularga jinoiy ish ochishgan, na ularga javob berildi. 7 kundan keyin bir oy bo‘ladi: qariyb bir oydan beri O‘zbekiston hukumati ekspertiza qilayapti, deydi Bahrom Hamroyev.

Huquq faoli musulmon- haydovchilarining ushlanganini O‘zbekistondagi saylov oldidan xavfsizlik kuchaytirilgani bilan ham izohlash mumkinligini gapiradi:

- Bu aslida bir byurokratik holat, lekin O‘zbekiston hukumatining dindorlar bilan kurashib kelayotganini mana shu yerdan bilib olsa bo‘ladi. Ular birinchi marotaba borgan O‘zbekistonga. Ular o‘z manziliga yetib bormagan. Dahshatlisi shuki, bu faqat saylov bilan bog‘liq emas. O‘zbekiston doimo “usileniye”da, faqat saylov oldidan ehtiyot choralarini ko‘rdi. Ular Rossiya fuqarosimi, O‘zbekiston fuqarosimi – qancha odamni hukumat sarson qilayotganini ko‘rib turibmiz,- deydi Moskvadagi “Yordam” tashkiloti rahbari, “Memorial” a‘zosi Bahrom Hamroyev Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasida rossiyalik Magomedsayid Xasayev va Alisultan Abakarovlarning taqdiri bilan maxsus shug‘ullanishayotganini bildirishdi.

Ozodlik mandarin tashiyotgan dog‘istonlik haydovchilarning keyingi taqdirini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG