Линклар

logo-print

YeXHT: Saylov risoladagidek o‘tdi, ammo asl raqobat bo‘lmadi


YeXHT rasmiy saytida O‘zbekistondagi parlament saylovlari haqida berilgan press-reliz

YeXHT rasmiy saytida O‘zbekistondagi parlament saylovlari haqida berilgan press-reliz

O‘zbekistondagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi matbuot kotibi Tomas Rimer saylovlarni "risoladagidek tashkil qilingan, ammo asl raqobat va ochiq muloqot ruhi yetishmadi" deb baholadi. Missiya matbuot kotibi Tomas Rimerning Ozodlikka aytishicha, zohiran yaxshi tashkil qilingan saylovlar mohiyatan demokratik tamoyillarga mos o‘tkazilmagan.

22 dekabr kuni Toshkent shahridagi Dedeman mehmonxonasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida YeXHT kuzatuvchilar missiyasi dastlabki xulosalari e‘lon qilindi.

Missiya xulosasicha, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy hokimiyat kengashlari deputatligiga o‘tgan saylovlar, umumiyatla, qonunbuzarliklarsiz, juda yaxshi tashkillashtirilgan tartibda o‘tkazilgan.

Biroq, bu saylovda ham o‘tgan saylovlardan so‘ng kiritilgan muhim tavsiyalar, jumladan, "ifoda erkinligi va fuqarolarning uyushish erkinligi himoyalangan muhitni yaratish"ga oid tavsiyalar hanuz bajarilmagani qayd etildi.

Bundan tashqari, garchi bu gal xalqaro kuzatuvchilar hamda siyosiy partiyalar, mahalliy hokimiyatlar yo‘llagan minglab kuzatuvchi ishtirok etgan bo‘lsa-da, bu jarayonda fuqaroviy jamiyat vakillarining qatnashishiga imkon berilmagani ham tanqid qilindi.

Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi matbuot kotibi Tomas Rimer Ozodlik bilan suhbatda ovoz berish jarayonining juda yaxshi tashkil etilganini alohida urg‘ularkan, mohiyatan bu saylov demokratik tamoyillarga mos bo‘lmaganini ta‘kidladi:

- Birinchi muhim jihat shuki, garchi g‘oyaviy, ijtimoiy yoki boshqa turdagi pozitsiyani ilgari surgan, turli platformalar bilan saylov kampaniyasiga kirgan bo‘lsa-da, nomzodlarini ilgari surgan 4 partiyaning hammasi hukumatni quvvatlagan va hukumat tomonidan quvvatlangan partiyalardir. Ayni paytda ularning o‘zaro raqobatlashishi ham kuzatilmaydi, - deydi Tomas Rimer.

Tashkilot tarqatgan press-relizda aytilishicha, eng ko‘p ko‘zga tashlangan kamchilik - bir oila nomidan bir kishining ovoz bergani va buning saylovchilar ishtirokiga oid rasmiy ma‘lumotda tilga olingan natijaga sabab bo‘lganidir.

Markaziy saylov komissiyasi Toshkent vaqti bilan soat 10 dayoq saylovchilarning 34 foizdan ortig‘i ovoz berib bo‘lganini e‘lon qildi. 22 dekabrь kuni e‘lon qilingan dastlabki rasmiy natijaga ko‘ra, saylovchilarning 89 foizi - 18 million 400 ming saylovchi ovoz bergan.

Saylovchilar, nomzodlar hamda ularni ilgari surgan partiyalar va mahalliy rahbarlar bilan suhbatlashgan kuzatuvchilar xulosalarini jamlagan YeXHT mulozimi bu yil ko‘zga tashlangan bir yangilikni tilga oldi:

- Bu yil ilgari surilgan nomzodlarning aksariyati yangi, ko‘p hollarda esa yosh nomzodlar edi va bu hol, bizning nazarimizda, saylovlar sifatini oshirish va parlamentga saylangan fraktsiyalarning siyosiy sistemadagi rolini oshirish yo‘lida ilgari tashlangan muhim qadam sifatida ko‘rilishi mumkin. Ammo, bu o‘zgarishlar nomzodlar va partiyalar o‘rtasida o‘zaro raqobat bo‘lmagan muhitda bo‘layotgani bois, ko‘zlangan maqsadlarga yetish baribir mushkulligicha qolmoqda, - deydi Tomas Rimer.

O‘zA agentligi ushbu saylovlarning dunyoning 50 dan ortiq davlatidan borgan 300 dan ortiq xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar kuzatganini ma‘lum qildi.

Tomas Rimerning aytishicha, O‘zbekistonga borgan YeXHT kuzatuvchilar missiyasi a‘zolari mamlakatdagi 60 dan ortiq saylov uchastkalariga borgan va ovoz berish jarayonini shaxsan kuzatgan:

- Bizning cheklangan miqdordagi kuzatuvchilarimiz 60-65 tacha uchastkada bo‘ldi. Ya‘ni, ovoz berish uchastkalarining saylov kunidagi faoliyati haqida muayyan ma‘lumotimiz bor. Ammo, missiyamiz cheklangani uchun saylov uchastkalari faoliyatini muvofiq ravishda kuzata olmadik va shu bois, ulardan birortasi haqida yakuniy xulosa bera olmaymiz, - deya urg‘uladi Tomas Rimer.

EXHT mulozimi O‘zbekistonda parlament saylovlari sifatini oshirish uchun hali ba‘zi jiddiy islohotlarni amalga oshirish zarurligini aytarkan, bu boradagi yakuniy tavsiyalar saylovning yakuniy natijasi ma‘lum bo‘lgach bildirilishini ham qayd etdi.

22 dekabr kuni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovining dastlabki natijalarini e‘lon qildi. Unga ko‘ra, 135 saylov okrugining 113 tasida deputat saylangan, qolgan 22 ta okrugda esa qayta saylov o‘tkaziladi.

Dastlabki natijaga ko‘ra, saylovda Liberal-demokratik partiya yetakchilik qilmoqda. Ushbu partiyadan 47 nafar, “Milliy tiklanish” partiyasidan 28 nafar, Xalq demokratik partiyasidan 21 nafar, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 17 nafar deputat saylangan.

Shuningdek, Ekologik harakatning Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi anjumanida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylangan 15 nomzod Qonunchilik palatasiga deputat bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG