Линклар

O‘zbekiston islomiy harakati Pokistonning Peshovar shahridagi maktabga qilingan terror hujumini quvvatladi va bu kabi hujumlar yana bo‘lishidan ogohlantirdi. Terrorchi harakat da‘vosicha, 148 kishi, jumladan 140 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum "kufr rejim"larni quvvatlagan Pokiston hukumatidan olingan qasosdir.

Pokistondagi "Tahriki Tolibon" guruhi mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olgan hujum 16 dekabr kuni Peshovar shahridagi harbiy maktabda o‘qigan 140 o‘quvchi va 8 o‘qituvchini hayotdan olib ketdi.

Pokiston matbuoti e‘lon qilgan O‘zbekiston islomiy harakati bayonotida bu hujum Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalom ummati orasidagi "o‘zaro tenglik va adolatni tiklash" uchun amalga oshirilgan "jihodiy harakat", deya quvvatlangan.

17 dekabr sanasi bilan bitilgan bayonotga O‘IH matbuot kotibi Yahyo Hikmatiy imzo chekkan.

Muhimi, bayonotda O‘IH bu hujumning "AQShga xizmat qilayotgan Pokiston hukumati" tomonidan boshqarilayotgan maktab va kollejlarga qilinadigan hujumlarning birinchisi ekani aytib, tahdid qilingan.

Harakatning rasmiy saytida chop etilgan va 22 dekabr kuni Pokiston, Afg‘oniston hamda Hindiston matbuotida keng yoritilgan ushbu bayonotda Peshovarda o‘ldirilgan bolalar kufr rejimlariga xizmat qilayotganlarning bolalari ekani va bu musulmonlarning nobud bo‘layotgan minglab bolalari uchun qasos ekani ham ta‘kidlangan.

Pokiston matbuoti berayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘IH shu kunlarda Pokistondagi bir necha yirik hujumlar uchun mas‘ul ko‘rilgan guruh - Muhammad Xurosoniy boshchiligidagi olti yoxud yetti kishilik mujohidlar guruhi hujumlarini to‘liq quvvatlab kelmoqda.

Ayni guruh shu kunga qadar ishonchli darajada qo‘riqlanmoqda, deb ko‘rilgan bir necha tekshiruv-o‘tkazish punktlari, maktab va kollejlarga qilingan hujumga mas‘ul ko‘rilmoqda.

Peshovardagi harbiy maktabga hujum haqida bergan bayonotida O‘IH, shuningdek, 2007 yilda bo‘lgan La‘l masjid qamalini ham xotirlatadi. Harakat iddaosicha, masjidni ishg‘ol qilish chog‘ida va undan keyin 2004-2014 yillar orasida Pokiston armiyasi tomonidan "yuzlab begunoh go‘daklar va bolalar" bombardimon qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston islomiy harakati Pokiston armiyasining Vaziriston mintaqasida amalga oshirayotgan harbiy amaliyotlarini ham yuzlab begunoh musulmonlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda, deb qoralagan.

Bayonoti so‘nggi Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif va mamlakat armiyasi bosh shtabi rahbari general Raxil Sharifga murojaat qilgan O‘IH: "Ey Navaz va Raxil! Siz Musulmonlarning bolalarini o‘ldirish bilan o‘z bolalaringizning o‘lim farmonini imzolagansiz!" deya to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qiladi.

O‘IH iddaosicha, Pokiston hukumati va armiyasi yetakchilari Peshovar hujumidan saboq chiqarib, Vaziriston mintaqasiga hujumlarini to‘xtatmasa, o‘z harbiy qudratini o‘z bolalari o‘qiyotgan maktab va kollejlarni qo‘riqlashga majbur qoladilar.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif esa 16 dekabr kuni mamlakatga dahshatga solgan terror xurujidan so‘ng terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlarlarda ayblanganlarga nisbatan o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Shuningdek, bu xurujdan so‘ng mamlakat armiyasining terrorchi guruhlarga qarshi harbiy amaliyoti ko‘lamini kengaytirish va kuchaytirishini aytgan.

Peshovar shahridagi maktabga 16 dekabr kuni qilingan qilingan hujumda 148 kishi, jumladan, 140 bola nobud bo‘ldi. Pokiston harbiylariga ko‘ra, maktabni garovga olgan hujumchi janggarilarni bartaraf qilish amaliyoti 8 soat davom etgan va amaliyot chog‘ida 9 janggari o‘ldirilgan.

O‘sha kuniyoq harbiy maktabga qilingan hujum uchun mas‘uliyatni “Tahriki Tolibon” guruhi o‘z zimmasiga oldi. Guruh matbuot kotibi Muhammad Xurosoniy ham bu hujum Pokiston armiyasining Shimoliy Vaziristondagi harakatlariga javob bo‘lganini aytdi.

“Biz hujum uchun harbiy maktabni tanladik, chunki rasmiylar bizning oilalarimiz va ayollarimizni nishonga olayapti”, degan edi Xurosoniy.

Ushbu hujumdan so‘ng Pokistonda 3 kunlik motam e‘lon qilindi.

Pokiston rasmiylari 21 dekabr kuni Peshovardagi harbiy maktabga qilingan hujumga aloqador bir necha kishi hibsga olinganini ma‘lum qilgan.

Pokiston Ichki ishlar vaziri Chaudxri Nisor Ali Xonga ko‘ra, maktabga hujum yuzasidan tergov jadal sur‘atda olib borilayotganini ta‘kidladi.

Vazir mazkur terrorchilik xuruji yuzasidan qancha odam hibsga olingani va ularning kim ekanini ochiqlamagan.

XS
SM
MD
LG