Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:25

Ukrainni o‘ldirgan musulmonu rusni o‘ldirgan terrorchimi?


Ukraina sharqida Kiyev kuchlariga qarshi janglarda ishtirok etayotgan tojiklar o‘z saflaridagi dindoshlarini haqiqiy musulmonlar, qarshi tomonda jang qilayotgan dindoshlarini esa terrorchilar, deb biladilar.

22 dekabr kuni 36on.ru onlayn jurnalida “Donbassda musulmonlar amerikaliklarga qarshi jang qilmoqda” sarlavhali material paydo bo‘ldi. Kirill Nesterov qalamiga mansub bu material Ukraina sharqida ayirmachilar tomonida turib jang qilayotgan tojiklar bilan o‘tkazilgan suhbatga asoslangan.

Intervyu chog‘ida o‘zini Mujohid deb atagan harbiy kiyimdagi soqolli yigit Luganskka bu yerda 12 yildan buyon oilasi bilan istiqomat qilayotgan akasi Tolibning da‘vatiga ko‘ra kelganini aytadi.

Tolibning aytishicha, Kiyev kuchlariga qarshi jang qilayotgan safdoshlari ichida tojiklar, chechenlar, armanlar, kazaklar va boshqalar bor.

- Poroshenko tufayli butun Sovet Ittifoqi unga qarshi turdi, - deya akasining so‘zini davom ettiradi o‘zini Mujohid deb tanishtirgan tojikistonlik.

Ko‘plab mamlakatlardagi janglarda qatnashganini e‘tirof etgan tojikistonlik Tolib bu yerda pul uchun jang qilmayotganini ta‘kidlaydi.

- Biz bu yerda intizom va adolat uchun urushayapmiz. Biz Ukraina fuqarolariga qarshi jang qilishni istamaymiz. Biz amerikaliklar va bu joylarga kelganlarga qarshi jang qilayapmiz. Ukrainlar ham slavyanlardir. Ular amerikaliklar burnini suqqan hamma joyda – Suriya, Afg‘oniston, Pokiston, Iroqning hamma joyida urush ketayotganini tushunmayaptilar, - deydi Tolib.

- Ukrain xalqi bu yerda kelajakda ikkinchi Afg‘oniston yoki ikkinchi Iroq bo‘lishini tushunmayapti. Biz bunga yo‘l qo‘ymoqchi emasmiz. Biz Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davlatlar Amerika va Yevropaning yordamiga muhtoj bo‘lmasligini istaymiz. Ular oxirigacha doim Rossiya bilan birga bo‘lishlari kerak, chunki biz hammamiz bitta mushtdagi barmoqlarmiz va doim birga bo‘lishimiz kerak, - deya akasiga qo‘shimcha qiladi Mujohid.

U Ukraina parlamenti – Radada o‘tirgan barchani “NATO josuslari va ularning gapiga quloq solish kerak emas”, deb hisoblaydi.

Ukraina armiyasi safida Gruziya fuqarolari jang qilayotganini aytgan Tolib ularni “pul uchun jang qilayotgan yollanmalar”, deb ataydi.

- Biz esa pul uchun jang qilmayapmiz. Biz shunchaki yordamga keldik. Biz ko‘ngillilarmiz. Bizga pul kerak emas. Narigi tomondagi pul uchun jang qilayotganlar esa sotilganlardir. Ular o‘z vijdonlarini sotganlar. Ular tomonida jang qilayotgan, NATO va amerikaliklarga yordam berayotgan musulmonlarni biz hatto musulmon ham, deb hisoblamaymiz, - deya akasiga qo‘shimcha qiladi Mujohid.

Shu so‘zdan keyin intervьyu oluvchi: “Agar musulmon bo‘lmasa, kim ular?” deya savol tashlaydi.

- Ular vijdonini sotganlar. Qur‘onda vijdonini pulga sotsin, deb yozilmagan, - deydi Mujohid.

“Ana o‘shalarni terrorchi, deb ataydilar. Biz esa terrorchi emasmiz. Biz adolat va halollik uchun jang qilayotganlarmiz”, deya gap qistiradi ukasining so‘zini bo‘lgan Tolib.

23 dekabr kuni Ozodlik radiosi tojik xizmati jurnalistlariga intervьyu bergan Tojikistonning Ukrainadagi elchixonasi vakillari Donbassdagi janggarilarning tojikistonlik emasligini bildirdi.

So‘nggi paytlarda Ukraina sharqidagina emas, axborot fazosida ham shiddatli janglar borayotganini kuzatish mumkin.

2014 yili Kreml tomonidan moliyalashtirilaëtgan ommaviy axborot vositalari G‘arbga qarshi ochiq axborot urushiga o‘tdi.

Rossiya telekanallari, Internet nashrlari o‘z propagandasining asosiy nishoni sifatida “tarixan o‘z ta‘sir doirasida bo‘lib kelgan hududlardagi manfaatlarini qat‘iy turib himoya qilishga qaror qilgan Rossiyadan uyatsizlarcha o‘ch olaëtgan G‘arb”ni tanladi.

Bu urinishlar turli manbalardan axborot olish imkoni cheklanmagan G‘arbda sezilarli muvaffaqiyat keltirmagan bo‘lsa-da¸ kuzatuvchilar 2014 yil davomida Rossiya axborot fazosida qolaëtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston kabi postsovet davlatlari aholisining kattagina qismini o‘z ta‘siriga olganini ta‘kidlamoqdalar.

XS
SM
MD
LG