Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:19

Toshkentda gipnoz orqali o‘g‘irlik qilgan "ekstrasens" ushlandi


Toshkent shahrida gipnoz yordamida 2,5 million so‘mni o‘g‘irlagan qashqadaryolik "ekstrasens" qo‘lga olindi. Huquq tartibot idoralari ma‘lumotiga ko‘ra, Qamashi tumanidan bo‘lgan 24 yashar yigit Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida odamlarni gipnoz qilish yordamida ularning pul va qimmatbaho buyumlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan.

Qashqadaryoning Qamashi tumanida tug‘ilib o‘sgan 24 yashar Jonibek ismli yigit gipnoz yordamida o‘g‘irlik qilishda ayblanib Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Toshkent shahri huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, qamashilik yigit ekstrasenslik qobiliyatiga ega bo‘lib, odamlarni gipnoz qilish orqali tunab kelgan:

"Qamashilik yigitni qo‘lga olishga undan jabr ko‘rgan fuqaroning arizasi asos bo‘ldi. Voqea Toshkentning Bektemir tumani hududida sodir bo‘lgan. Qamashilik yigit 25 yoshlardagi fuqaro bilan tanishib uni gipnoz qilgan. Gipnoz ta‘sirida bo‘lgan fuqaro yonida bo‘lgan ikki yarim million so‘mdan ortiq pulini unga berib yuborgan. Fuqaro gipnoz ta‘siri tugagach o‘ziga kelib, pulini o‘g‘irlashganini tushungan va bu haqda militsiya bo‘limiga ariza yozgan. Arizachining ko‘rsatmalari asosida qamashilik ekstrasens qo‘lga olindi", dedi manba.

Manba tergov davom etayotgani bois qamashilik yigit shaxsi haqida to‘liq ma‘lumot bera olmasligini aytdi.

Dastlabki tergov-surishtiruv natijalarida qamashilik yigit avval ham gipnoz yordamida o‘g‘irlik qilgani aniqlangan.

"Qamashilik ekstrasens oldin ham Toshkentda gipnoz orqali turli xil summadagi pul va tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan. Qashqadaryoda ham bu ish bilan shug‘ullangan. Odamlarni oilaviy muammolar va turmush tashvishlari borasida suhbatga tortib, keyin ularni gipnoz qilgan. Suhbatdoshi gipnoz ta‘sirida bo‘lgan payti, hech bir muammosiz o‘g‘irlikni amalga oshirgan. Ba‘zi paytlari gipnozda bo‘lgan odam o‘z qo‘li bilan pulini unga topshirgan vaqtlar ham bo‘lgan", dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, hozirda qamashilik yigitning gipnoz yordamida o‘g‘irlik qilgan kamida o‘nta holat aniqlangan, lekin undan jabr ko‘rganlar ancha ko‘p bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

"Bu yigitda haqiqatan ham ekstrasenslik qobiliyati bor ekan. Lekin uning qo‘lida ekstrasensligi haqida hujjat yo‘q. U shu qobiliyatidan foydalanib, o‘zgalar mulkini o‘zlashtirib kelgan. Tergov taxminiga ko‘ra, undan jabr chekkanlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin. Sudgacha hammasi oydinlashadi", dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Qamashilik yigitga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 169- moddasi (O‘g‘rilik) va 165-moddasi (Tovlamachilik) bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG