Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:09

IIB boshlig‘i Mullajonovga firibgarlik aybi qo‘yilgani aytilmoqda​


Toshkent viloyati IIBning qariyb 2 oydan beri hibsda saqlanayotgani aytilgan boshlig‘i Abdumajid Mullajonov davlatga 2 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirganlikda ayblangani iddao qilinmoqda. Norasmiy manbalar iddaosicha, sobiq boshliqning katta miqdordagi tovarni chegaradan noqonuniy olib kirish va pora oldi-berdisiga aloqadorligi tergov qilinmoqda.

Mullajonovga yaqin manba iddaosicha, shu yilning 28 oktabrida hibsga olingani aytilgan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i Abdumajid Mullajonovga firibgarlik aybi qo‘yilgan va ayni paytda pora oldi-berdisiga oid boshqa jinoyatlarga aloqadorligi surishtirilmoqda.

"Abdumajidga davlatga 2 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirilgan, deb ayb qo‘yishibdi. U kishi Toshkentdagi bir necha zapravkalari uchun keltirgan uskunalarni, go‘yoki, boj to‘lamasdan olib kirgan, deyishyapti", dedi Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan so‘zlagan Mullajonovga yaqin manba.

Shuningdek, bu manba Mullajonovni ehtiyot chorasi o‘laroq hibsda saqlash muddati ham uzaytirilgani, biroq bu muddatning qanchaga uzaytirilgani haqida aniq ma‘lumoti yo‘qligini iddao qildi:

"Yunusoboddagi MXX hibsxonasida saqlashayapti. Mana ikki oycha bo‘ldi, biror kishiga ko‘rsatgani yo‘q. Nima ahvolda ekanini ham bilmaymiz", deb da‘vo qildi manba.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov 28 oktabr kuni ishdan olingani va biroz o‘tib, hibsga ham olingani haqidagi norasmiy xabarlar Ozodlikka noyabr oyi boshida kelib tushgan edi.

Ozodlik o‘sha kezda ham, bu gal ham Mullajnovning hibsda saqlanayotganiga oid iddaolarni rasmiy idoralardan tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lmadi. Xususan, Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi ham bu iddaolarni tasdiqlay olmasligini aytgan.

Ammo, Toshkent viloyati IIB boshlig‘i ishdan olingani haqidagi norasmiy xabardan bir hafta o‘tar-o‘tmas, ya‘ni 4 noyabr kuni viloyatdagi 7 ta shahar va tuman ichki ishlari bo‘lim boshliqlari ishdan olingani rasman tasdiqlangan edi. Bu rahbar almashinuvlari viloyat IIBB boshlig‘ining ishdan olinishi bilan bog‘liqligi iddao qilingan.

Bunga qadar norasmiy manbalar MXX tergov izolyatorida hibsda saqlanayotgan Mullajonovning O‘zbekiston JKning kamida ikkita –– 211- va 212-moddalari, ya‘ni pora berish hamda pora bershda vositachilik qilish jinoyatlariga aloqadorlikda gumon qilinib, tergov qilinayotganini ham iddao qilgan.

Sobiq militsiya boshlig‘i O‘zbekiston Markaziy banki raisi Fayzullo Mullajonovning o‘g‘lidir. Mamlakatdagi eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan Mullajonov oilasi vakilining ishdan olinishi ko‘pchilik tarafidan O‘zbekiston hokimiyat tuzilmalarida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berayotganiga ishora sifatida qabul qilingan.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonning eng nufuzli oilasi farzandi Gulnora Karimova bosh prokuratura tarafidan tergov qilinib, uy qamog‘ida qolayotgani mamlakatda daxlsiz shaxs yo‘qligini ko‘rsatadi, degan xulosani tilga olmoqda.

Ayni paytda, Ozodlik bilan muqaddam bog‘langan manbalar Abdumajid Mullajonov reyderlik orqali mamlakatdagi qator yirik tadbirkorlardan biznesini tortib olgan, deya iddao qilganlar:

“Abdumajid Mullajonovning ishdan olinishiga sabab Yunusobod va Sergili tumanlarida ZTE Petroleum MChJga tegishli zapravkalarni (AYoQSh-tahr.) noqonuniy tashkil qilingan kimoshdi savdosi orqali sotib olgan”, deya iddao qiladi manbalardan biri.

Uning yana aytishicha, avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalarini noqonuniy o‘zlashtirish sxemasida ishtirok etganlik gumoni bilan mart oyidan beri kamida 34 kishi, jumladan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek xo‘jalik sudi, tadbirkorlik ob‘ektlarini baholash bilan shug‘ullanadigan idora xodimlari va boshqalar hibsga olingan. Yana ko‘plab odam tergov idoralari tomonidan qidiruvga berilgani ham iddao qilingan.

Norasmiy manbalarning bu iddaolari ham rasmiylar tomonidan izohlangani yo‘q.

Ozodlik bu va Mullajonov taqdiriga aloqador boshqa iddaolarni surishtirishda davom etmoqda. Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG