Линклар

Podmoskovyening Naxabino shaharchasida 9 yashar qizchani garovga olgan shaxs 5 soatlik maxsus amaliyotdan keyin qo‘lga olindi. O‘zbekiston fuqarosi Rustam Odilov ekani ma‘lum qilingan bu muhojir ikki oyog‘idan yaralanib, hozirda politsiya nazorati ostida shifoxonaga yuborildi. Tergovchilar toshkentlik muhojirning bu hatti-harakati sabablari haqida aniq izoh bermayotir.

Qizaloqni garovga olgan o‘zbek hech narsa talab qilmadi

Podmoskovьening Krasnogorskiy tumanidagi Naxabino shaharchasida 3 sinf o‘quvchisi Kira R.ni 5 soat davomida garovda ushlab turgan toshkentlik Rustam Bahodir o‘g‘li Odilov ekani ma‘lum qilindi.

Moskva viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi vakili Olga Vradiy o‘z rasmiy bayonotida 22 yoshli bu muhojir hech qanday talab qo‘ymagani va maxsus amaliyot davomida ikki oyog‘idan yaralanganini ma‘lum qildi.

- Ayblanuvchi maxsus amaliyot davomida qarshilik ko‘rsatdi va oyoqlaridan yaralandi. Xodimlarimiz qonun doirasida harakat qilgan. U shifoxonaga olib boriladi va keyin tergov qilinadi. Hujum paytida xonaga kirgan xodimlarimiz qizaloqni zalda qo‘lidan batareyaga kishanlangan holatda topgan. Erkak kishi boshqa xonada bo‘lgan. Taxminlarimizga ko‘ra, u qo‘l tomirlarini kesmoqchi bo‘lgan, ammo vaqtida olib borilgan harakatlar tufayli uni qo‘lga tushirdik. Oxirgi soatlarda ayblanuvchi muzokara qilishdan bosh tortdi, - deydi o‘zbekistonlik Rustam Odilovni qo‘lga olish tafsilotlarini gapirib bergan Olga Vradiy.

Tergov vakiliga ko‘ra, 9 yoshli qizaloq ozod etilgan va u bilan hozirda psixologlar shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Olьga Vradiy amaliyotdan keyin xonada bir nechta spirtli ichimlik idishlarini topganini ham qo‘shimcha qildi.

Moskva viloyat Tergov qo‘mitasi axborot xizmati rahbari shifoxonada qolayotgan Rustamning dastlabki so‘roq natijalarini ham e‘lon qildi.

So‘nggi bir necha oy davomida ko‘lga olingan toshkentlik yigit Kursk vokzali yonida yashab kelgan va o‘sha yerda yordamchi ishchi bo‘lib ishlagan. Politsiyaning aniqlashicha, Rustam Odilov hodisadan ikki kun oldin elektroshoker va pnevmatik pistolet sotib olgan hamda bosqinchilik uyushtirishni rejalagan.

22 dekabr kuni kechki soat 17-larda u ko‘ziga hashamatliroq ko‘ringan kvartiraga qo‘ng‘iroq qilgan.

- U o‘zini “pochtachi” deb tanishtirib kvartiraga kirib borgan. Uy egasi bo‘lgan keksa ayolga u fotosuratda tasvirlangan odamni ko‘rsatib, uning o‘g‘limi-yo‘qmi, deb so‘ragan. Nafaqaxo‘r ayolning o‘g‘li yo‘qligi, faqat bitta qizi bor ekanini eshitgan bu shaxs birdan ayolni eshikdan tashqariga tortib chiqargan va ichkaridan yopib olgan. Xonada 9 yashar qizcha bo‘lgan,- deydi Olga Vradiy.

Shuningdek, Rustam Odilov bu oila bilan oldin mutlaqo tanish bo‘lmagani ma‘lum. Tergovchilar ma‘lumot berishicha, uy egasiga ko‘rsatgan fotosuratni u Internetdan printerda chiqarib olgan, xonaga bostirib kirganida atigi ming rubl topgach, jahli chiqqan. Shu vaqt, hodisa joyiga tezlik bilan yetib kelgan politsiya xodimlarini ko‘chada ko‘rib, qizaloqni garovga olishga ahd qilgani aytilmoqda.

Maxsus amaliyot davomida Ichki ishlar vazirligining snayperlar guruhi ham ishtirok etgani ma‘lum.

Olga Vradiy tergov davom etayotgani, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 206 moddasi 2 qismi “d” bandi (voyaga yetmagan shaxsni garovga olish) asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Hodisa tafsilotlaridagi noaniqliklar to‘g‘risida

Ayni paytda, Rossiya ommaviy axborot vositalari jinoyatning biri-biridan farqli, ayrim hollarda umuman qarama-qarshi tafsilotlarni bayon etmoqda.

Moskva politsiya boshqarmasi Rustam Odilov xona ichkarisida bir nechta butilka spirtli ichimlik bo‘shatganini xabar qilsa, TASS agentligi uni narkotik modda kayfi ostida ekanini yozmoqda. Politsiya xodimlari Rustam Odilovning ruhan sog‘lom ekaniga shubha bildirmoqda.

Politsiyadan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, go‘yo operativ xodimlar bilan muloqot chog‘ida Odilov o‘zini “noadekvat tarzda tutgan”, derazaga qizaloqning ota-onasidan kechirim so‘rab yozuvlar yozgan. SOBR jangchilari xonaga bostirib kirganida jinoyatda ayblanayotgan toshkentlik yigit o‘z pasportini yoqib yuborishga uringani ham aytilmoqda.

Hodisani kuzatayotganlarni shubhalantirgan yana bir tafsilot qurollangan maxsus xizmat xodimlari ichkariga bostirib kirganida, Rustam o‘z qo‘llarini kesib turgan holatda topilganiga ziddiyatlardir. Keyinroq, jurnalistlarning “Nima uchun u yaralandi?” degan savoliga politsiyachilar: “U qarshilik ko‘rsatdi”, deya javob berdi. Biroz vaqt o‘tib esa rasmiy xabarlarda Rustam Odilov “ikki oyog‘i va qo‘lidan” yaralangani to‘g‘risida xabar berildi.

“Undan xavfli jinoyatchi yasaladi”

Rossiyadagi “Yoshlar” harakati rahbari rahbari Maxsud Abdujabborov Ozodlik bilan suhbatda huquq-tartibot idoralari Rustam Odilovdan iloji boricha “dahshatliroq mahluqni yasab, migrantlarning Rossiya jamiyati uchun o‘ta xavfli qatlam qilib ko‘rsatish” maqsadini ko‘zlamoqda, deydi.

- Ular uning migrant ekanini darrov payqagan, muloqot chog‘ida tarjimon berilmagan. Va ular boshqa muhojirlarga ibrat bo‘lishi uchun u bilan hech qanday muzokara olib bormagan. Bilishimcha, “hech qanday muzokaralar bo‘lmasin”, degan buyruq kelgan. Yana bir tafsilot: ommaviy axborot vositalari va politsiyachilar gapirayotgan pistolet va elektroshoker ham unda bo‘lmagan. Amaliyotda ishtirok etgan tanishlarimdan olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rustam Odilov darrov taslim bo‘lmoqchi bo‘lgan, lekin unga bu imkoniyat berilmagan, - deydi bu ish tafsilotlarini aniqlashga urinayotgan Maxsud Abdujabborov.

U Naxabinodagi bu hodisa yuzasidan adolatli surishtiruv ishlari olib borilishi yuzasidan Rossiyadagi o‘zbek disporasi vakillari maxsus bayonot bilan chiqishlari kerakligini ham qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG